Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Birlashgan Arab Amirliklariga (keyingi oʻrinlarda — BAA) 2019-yil mart oyida amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida BAA hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, davlat organlari faoliyatiga innovatsiyalarni joriy etish, taʼlim hamda zamonaviy va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, turizm va logistika infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida keng koʻlamli hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston-Amirliklar keng koʻlamli hamkorligi boʻyicha chora-tadbirlarning muvofiqlashtirilgan va oʻz vaqtida amalga oshirilishini, shuningdek, BAA hukumati bilan erishilgan kelishuvlar bajarilishi bilan bogʻliq tashkiliy masalalar samarali hal etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Joriy yilning aprel-may oylarida BAA Vazirlar Mahkamasi ishlari boʻyicha va kelajak vaziri M. Al Gergavi boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining BAAga tashrifi amalga oshirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridagi chora-tadbirlar soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha ishchi guruhlarning tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish yuzasidan “Yoʻl xarita”si 2-ilovaga* muvofiq;
Birlashgan Arab Amirliklari vazirlik va idoralari bilan hamkorlik qilish boʻyicha “Yoʻl xarita”si 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ishchi guruhlari faoliyati va “yoʻl xaritalari”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish uchun masʼul ishchi organ etib belgilansin.
4. Ishchi guruh rahbarlari:
“yoʻl xarita” larida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi va faoliyatning oʻzaro muvofiqligini taʼminlash maqsadida Amirliklar tomoni vakillari bilan doimiy muzokaralar olib borishni;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga “yoʻl xarita”lari ijrosi yuzasidan hisobotlarni har oyda taqdim etishni taʼminlasin.
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ishchi guruh aʼzolarining BAAga amalga oshirgan xizmat safarlari va “yoʻl xarita”larida koʻzda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijalari boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlarni chuqur tahlil qilish asosida batafsil hisobotni va Oʻzbekiston Respublikasi tegishli sohalariga BAA tajribasini joriy etish boʻyicha takliflarni har chorakda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi murojaatlariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tadbirlarni oʻtkazish, ishchi guruh aʼzolarining BAAga tashriflari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish doirasida Amirliklar tomoni vakillarini Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplasin.
7. Ishchi guruh rahbarlariga mazkur farmoyishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, respublikaning ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, masʼul vazirlik va idoralar ushbu farmoyishda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tashkiliy va amaliy choralar koʻrilishini taʼminlasin.
9. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Oʻ. Umurzoqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-iyun,
F-5480-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 08/19/5480/3330-son)