Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbek milliy sanʼatini rivojlantirish, targʻib qilish va uni yanada ommalashtirish, xorijiy xalqaro musiqa festivallari tashkilotlari bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, iqtidorli ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish, oʻzbek sanʼatining barcha yoʻnalishlarida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni, koʻrik-tanlovlarni va barcha davlat tadbirlarini oʻtkazishning yagona boshqaruv tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali Bosh direksiyasi negizida davlat muassasasi shaklidagi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 18 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasining ustavi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasining shtatlar jadvali va xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻzbek sanʼatining barcha yoʻnalishlarida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, koʻrik-tanlovlar hamda uning doirasida koʻrgazmalar, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlarni va boshqa barcha davlat tadbirlarini oʻtkazish;
xalqaro musiqa festivallari tashkilotlari bilan oʻzaro ijodiy hamkorlik qilish;
oʻzbek milliy sanʼatini Oʻzbekistonda va xorijda keng targʻib qilish hamda uning eng noyob namunalarini saqlab qolish, ularni kelajak yosh avlodga yetkazish hamda uni yanada ommalashtirish ishlarini olib borish;
oʻzbek milliy sanʼatini, xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, koʻrik-tanlovlarning ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida keng yoritilishini tashkil etish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Direksiya Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali Bosh direksiyasining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Direksiya xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda respublikaning budjet muassasalari va tashkilotlarida ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida” 1995-yil 16-avgustdagi PF-1213-son Farmoniga muvofiq budjet muassasalari va tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi miqdorida moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi tatbiq etiladi;
Direksiyani saqlashga doir xarajatlar, uning oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi, saqlash xarajatlari uchun ushbu manbalar mablagʻlarining yetishmagan qismi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berilganligi uchun undiriladigan davlat bojidan tushgan mablagʻdan ajratmalar hisobidan 2019-2020-yillarda Direksiyaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq zarur zamonaviy jihozlar bilan taʼminlashga mablagʻ ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Direksiya faoliyatini samarali tashkil etish uchun bitta yengil avtomobil, bitta 50 oʻrindiqli zamonaviy avtobus va bitta yuk avtomobili xarid qilish uchun mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin.
7. Direksiya Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Toshbuloq koʻchasi, 8a, 8b-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-may,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 444-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi apparatining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 18 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 444-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasining (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) maqomi, vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Direksiya davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachiligida budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
3. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Ustavga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyruqlariga amal qiladi.
2-bob. Direksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Direksiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻzbek sanʼatining barcha yoʻnalishlarida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, koʻrik-tanlovlar hamda uning doirasida koʻrgazmalar, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlarni va boshqa barcha davlat tadbirlarini oʻtkazish;
xalqaro musiqa festivallari tashkilotlari bilan oʻzaro ijodiy hamkorlik qilish;
oʻzbek milliy sanʼatini Oʻzbekistonda va xorijda keng targʻib qilish hamda uning eng noyob namunalarini saqlab qolish, ularni kelajak yosh avlodga yetkazish hamda uni yanada ommalashtirish ishlarini olib borish;
oʻzbek milliy sanʼatini, xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni, koʻrik-tanlovlarni ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida keng yoritilishini tashkil etish.
5. Direksiya oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) oʻzbek sanʼatining barcha yoʻnalishlarida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, koʻrik-tanlovlar hamda uning doirasida koʻrgazmalar, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlarni va boshqa barcha davlat tadbirlarini oʻtkazish sohasida:
tadbirlarda yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissorlar, baletmeystrlar, sahna rassomlari va dizaynyerlari, ijodiy jamoalar va yakkaxon ijrochi sanʼatkorlarni keng jalb etish;
tadbirlar ishtirokchilariga yangi sahna liboslari, poyabzallar tiktirish, sunʼiy ulama sochlar, sahna bezaklari hamda ijodiy guruh buyurtmasiga koʻra asbob-uskuna, jihoz, geliy gazi bilan toʻldirilgan havo sharlari va boshqa mahsulotlar xarid qilish;
tadbirlar oʻtkaziladigan asosiy maydonlarni badiiy bezash dekoratsiyalari eskizlarini ishlab chiqish va ularning dizaynlarini tayyorlash, montaj-demontaj ishlarini amalga oshirish;
belgilangan tartibda shartnoma asosida tadbirlarning dasturlari, taklifnoma, banner va ruxsatnomalarini chop etish, festivallar logotipi va statuetkalari hamda esdalik sovgʻalarni (suvenir) tayyorlash;
bolalar lavhalari ishtirokchilarini sahna liboslari va rekvizitlar bilan taʼminlash;
tadbirlarning asosiy bayram dasturlarida ishtirok etuvchilarni (raqqosalar, ijodiy jamoalar, texnik guruhlar, ansambllar, Ijodiy guruhlar aʼzolar) transport, issiq ovqat hamda mashgʻulotlar joylarida qoʻshimcha oziq-ovqatlar hamda ragʻbatlantirish mehnat haqi va gonorarlar bilan belgilangan tartibda taʼminlash;
tadbirlarda shoirlar, bastakorlar hamda musiqiy sayqalchilar bilan yangi qoʻshiqlar tayyorlash borasida tegishli shartnomalar tuzish;
tadbirlarda ishtirok etadigan xorijiy davlatlarning davlat bayroqlarini xarid qilish, asosiy sahna va sahna oldini tabiiy gullar bilan bezash hamda ovoz kuchaytirgich moslamalarini shartnoma asosida oʻrnatish;
tadbirlar doirasida rassomlar, hunarmandlar va boshqa tadbirkorlarning koʻrgazmalarini tashkil etish;
oʻzbek milliy sanʼati boʻyicha konferensiya va ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, madaniyat, sanʼat, ilm-fanning atoqli arboblari bilan uchrashuvlar va mahorat saboqlari uyushtirish;
benefis, teatr spektakllari, maxsus tayyorlangan dasturlar, dam olish va ijodiy kechalar, marosim kechalari va boshqa tomosha tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish;
aholining turmush madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, milliy bayramlar va anʼanalarni tiklash va turli xalq sayillari uyushtirish;
Direksiya tomonidan tashkil etilgan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish oldidan va uning yakunlari boʻyicha matbuot anjumanlari tashkil etish;
b) xalqaro musiqa festivallari tashkilotlari bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish sohasida:
sanʼat sohasidagi xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro tajriba almashish, oʻzaro hamkorlik shartnoma va memorandumlar imzolash;
respublikada tashkil etiladigan tadbirlarga xorijiy hamkorlarni taklif etish va xorijiy festivallarda belgilangan tartibda qatnashish;
xalqaro musiqa festivali tashkilotlarining turli birlashma va uyushmalariga aʼzo boʻlish;
xorijiy tajribalarni oʻrganish orqali faoliyatni yanada rivojlantirish;
v) oʻzbek milliy sanʼatini Oʻzbekistonda va xorijda keng targʻib qilish, eng noyob namunalarini saqlab qolish, ularni kelajak yosh avlodga yetkazish va uni yanada ommalashtirish ishlarini olib borish sohasida:
tadbirlarda xorijiy davlatlar ishtirokchilari, jamoalari, olim va mutaxassislarini jalb etish hamda xalqaro tadbirlarda oʻzbek milliy sanʼati vakillari va jamoalari ishtirokini taʼminlashda koʻmaklashish;
xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish va oʻtkazishda koʻmaklashish;
milliy istiqlol gʻoyalariga hamohang, badiiy jihatdan yuksak ommaviy tadbirlarni sahnalashtirish, tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish;
xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy gʻurur, milliy iftixor tuygʻularini shakllantirish, ularni ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
oʻzbek milliy sanʼati rivojlantirish va keng targʻib etishda xodimlarning malakasini oshirish choralarini koʻrish, ularni maʼnaviy va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, tashabbuskorlikni ragʻbatlantirishning samarali usullarini joriy etish;
g) oʻzbek milliy sanʼatini, xalqaro va respublika festivallarni, koʻrik-tanlovlarni ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida keng yoritilishini tashkil etish sohasida:
tadbirlar veb-saytlari va reklama videoroliklarini yaratish, ularni muntazam yangilab borish;
ijodiy jamoalar, malakali mutaxassislar va olimlarni jalb etgan holda hamkorlikda turli telekoʻrsatuv, muloqot va konsert dasturlarini telekanallarda uyushtirish;
Internet jahon axborot tarmogʻida tadbirlar jarayonlari va tafsilotlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berib borish;
Direksiya tomonidan tashkil etilgan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish oldidan va uning yakunlari boʻyicha matbuot anjumanlari tashkil etish.
Direksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiyaning huquqlari va majburiyatlari
8. Direksiya:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda, sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat kengashlar tuzish;
ijodiy jamoalar, studiyalar tashkil etish;
nufuzli xalqaro festivallar tashkilotlariga aʼzo boʻlish;
xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan festivallar va koʻrik-tanlovlarda qatnashish uchun ijodiy jamoalar va ishtirokchilarni tavsiya etish;
belgilangan tartibda aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
festivallar, koʻrik-tanlovlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar spektakllar, madaniy tadbirlar, teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini belgilangan tartibda tashkil etish va oʻtkazish;
aholiga maishiy, ijara va davlat-xususiy sherikchilik asosida boshqa pulli xizmatlar koʻrsatish;
faoliyati boʻyicha reklama ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish huquqiga ega.
Direksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Direksiya:
oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni sifatli bajarish;
oʻzbek milliy sanʼatini rivojlantirish yoʻlida ijodiy, innovatsion ilmiy-texnik ishlanmalaridan va mahsulotlaridan ustuvor darajada foydalanish;
Direksiyaning tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik masalalarini hal etish, xodimlarning manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻrish;
festivallar, koʻrik-tanlovlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar, spektakllar, madaniy tadbirlar, teatrlashtirilgan tomoshalarni muntazam rivojlantirib borish, ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlar rejalari, dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
oʻzbek milliy sanʼatini rivojlantirish, targʻib qilish va uni yanada ommalashtirish, oʻzbek sanʼatining barcha yoʻnalishlarida respublika va xalqaro festivallar va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish, xorijiy xalqaro musiqa festivallari tashkilotlari bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish majburiyatlarini amalga oshirish;
Direksiyaning moliyaviy resurslari va moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va ularni asrashga majbur.
Direksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Direksiyani boshqarish
10. Direksiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
11. Direktor:
Direksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Direksiya mol-mulki va mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
Direksiya nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan tegishli xizmatlar koʻrsatish uchun shartnomalar (kontraktlar) va bitimlar tuzadi;
xodimlarning mansab yoʻriqnomalarini va ichki mehnat tartibi qoidalarini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlaydi, xodimlarni mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qiladi va belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qiladi;
Direksiya faoliyatiga oid buyruqlarni, yoʻriqnomalarni va boshqa hujjatlarni chiqaradi;
ishda alohida namuna koʻrsatgan xodimlarni qonunchilikka asosan ragʻbatlantiradi;
xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini koʻradi;
oʻz vakolatlari doirasida boshqa masalalarni koʻrib chiqadi va hal qiladi.
Direktor oʻz huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarini bajarishda Direksiya manfaatlarini koʻzlab harakat qilishi shart.
Direktor Direksiya faoliyati natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga hisobot beradi.
12. Direksiya direktorining oʻrinbosari — Badiiy rahbar direktor tavsiyasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Direksiyaning mol-mulki va ularni moliyalashtirish tartibi
13. Direksiya oʻziga berilgan mol-mulkdan qonun hujjatlariga, oʻz faoliyatining maqsad va vazifalariga muvofiq foydalanadi hamda tasarruf etadi.
14. Direksiya tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladigan va oʻtkaziladigan festivallar, koʻrik-tanlovlar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, konsert-tomoshalar hamda boshqa tadbirlar, uning oʻz daromadlari, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
15. Davlat tadbirlari — xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, koʻrik-tanlovlar, bayramlar va marosimlar belgilangan tartibda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
16. Direksiyani saqlashga doir xarajatlar uning oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi, saqlash xarajatlari uchun ushbu manbalar mablagʻlarining yetishmagan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
Bunda budjet tashkilotlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibga asosan budjet soʻrovnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi. Budjetdan mablagʻ ajratilgan taqdirda, belgilangan tartibda budjet xarajatlari smetasi tuziladi, tasdiqlanadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda uning ijrosi boʻyicha hisobotlar tayyorlanadi.
17. Direksiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda xarajatlar smetasini tuzish va roʻyxatga olish jarayonida daromadlar va xarajatlar prognozini shakllantiradi.
18. Direksiyaning oʻz daromadlari va moliyalashtirish manbalariga quyidagilar kiradi:
tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishdan tushadigan tushumlar (mazkur Ustavning 15-bandida nazarda tutilgan davlat tadbirlaridan tashqari);
ijara va xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
19. Direksiya balansida boʻlgan sahna liboslari, poyabzallar, sunʼiy ulama sochlar, sahna bezaklari, asbob-uskunalari va boshqa tadbirlar oʻtkazish uchun zarur boʻlgan jihozlarni bepul ijaraga berish taqiqlanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Ushbu Ustav talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
21. Direksiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 444-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasining shtatlar jadvali va xodimlari mehnatiga haq toʻlash
RAZRYaDLARI
|
T/r |
Lavozim nomi |
Shtat birliklari soni |
Mehnatga haq toʻlash razryadlari |
|
Maʼmuriy boshqaruv xodimlari | |||
|
1. |
Direktor |
1 |
15 |
|
2. |
Direktor oʻrinbosari — Badiiy rahbar |
1 |
14 |
|
3. |
Bosh hisobchi |
1 |
13 |
|
4. |
Boʻlim boshligʻi |
3 |
13 |
|
5. |
Bosh injener |
1 |
13 |
|
Mutaxassislar | |||
|
6. |
Ovoz rejissori |
1 |
12 |
|
7. |
Bosh mutaxassis |
2 |
11 |
|
8. |
Etakchi mutaxassis |
2 |
10 |
|
9. |
Dasturchi |
1 |
9 |
|
10. |
Kadrlar boʻyicha katta inspektor |
1 |
4 |
|
11. |
Yuriskonsult* |
1 |
|
|
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar | |||
|
12. |
Xoʻjalik ishlari mudiri |
1 |
7 |
|
13. |
Liboschi (kostyumer) |
1 |
6 |
|
14. |
Sahnani yoritish boʻyicha texnik |
1 |
4 |
|
15. |
Elektr ustasi (elektromonter) |
3 | |
|
16. |
Chilangar-texnik (slesar-santexnik) |
3 | |
|
17. |
Texnik |
3 | |
|
18. |
Kotiba |
3 | |
|
19. |
Qorovul |
1 | |
|
20. |
Haydovchi |
1 | |
|
21. |
Hovli supuruvchi |
1 | |
|
22. |
Bino xizmatchisi (uborщik pomeщeniy) |
1 | |
* Yuriskonsult lavozimining tarif razryadi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2017-yil 1-maydagi 250-son qaroriga muvofiq belgilangan tartibda aniqlanadi.
** Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 09/19/444/3215-son)