Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 10-apreldagi PQ-4275-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ (keyingi oʻrinlarda FNQIZ deb ataladi) ustav kapitalidagi davlat ulushini “PT Trans Asia Resources” (Indoneziya) kompaniyasi yoki uning 100 foiz ulushli shuʼba kompaniyasiga (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) sotishning asosiy shartlari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. “PT Trans Asia Resources” (Indoneziya) kompaniyasi bilan “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish yuzasidan muzokaralar oʻtkazish boʻyicha Ishchi guruh 2-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil qilinsin.
Ishchi guruh (A.S. Sultanov):
a) uch oy muddatda:
xalqaro baholash tashkiloti tomonidan FNQIZning bozor qiymati baholanishini tashkil qilishni;
investorning vakillarini jalb qilgan holda, FNQIZning asosiy vositalari, tayyor mahsulot qoldiqlari, xomashyo va tarkibiy qismlarni, shuningdek, debitorlik va kreditorlik qarzlari hamda boshqa majburiyatlarini xatlovdan oʻtkazishni;
yuridik, moliyaviy va boshqa turdagi audit jarayonlarini oʻtkazish, shuningdek, FNQIZni modernizatsiya qilish rejasini tayyorlash va tashqi moliyalashtirishni jalb etish uchun barcha zarur moliyaviy va texnik hujjatlarni investorga taqdim etishni;
b) FNQIZning bozor qiymati bahosi olingandan soʻng:
ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotishning asosiy shartlari asosida investor bilan FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasi yuzasidan muzokaralar oʻtkazilishini;
oldi-sotdi shartnomasiga investor tomonidan FNQIZning ishlab chiqarish quvvatlari bazasida mahalliy uglevodorod xomashyosidan qaytarib berish asosida qayta ishlash boʻyicha tegishli shartnomalarni yoki bozor sharoitlari asosida oldi-sotdi shartnomalarini tuzish orqali foydalanish shartlari kiritilishini;
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasining loyihasi boʻyicha xalqaro tashkilotning huquqiy xulosasi olinishini;
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasining loyihasi Vazirlar Mahkamasiga maʼqullash uchun kiritilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) va FNQIZga sotishdan oldingi zarur tartib-taomillarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun, istisno tariqasida, tender savdolarini oʻtkazmasdan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar asosida baholash, konsalting va yuridik xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan xalqaro kompaniyalar bilan — FNQIZ ustav kapitalidagi davlat ulushini baholash jarayonini huquqiy qoʻllab-quvvatlash, sotish shartlarini ishlab chiqish hamda oldi-sotdi shartnomasini ishlab chiqish va tuzish uchun tegishli shartnomalarni tuzishga va ushbu shartnomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazishga ruxsat etilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasining loyihasi boʻyicha xulosalar tayyorlash doirasida FNQZ mablagʻlari yuridik, baholash va konsalting kompaniyalari xizmatlari haqini toʻlash manbalari hisoblanadi;
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushining bozor qiymati mustaqil xalqaro baholash kompaniyasi tomonidan xalqaro baholash standartlariga muvofiq baholanadi va uning asosida tomonlarning muzokara pozitsiyalari shakllantiriladi;
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushining bozor qiymatini baholash muddati baholash kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan sanadan boshlab uch oydan oshmasligi lozim.
5. “Oʻzbekneftgaz” AJ:
ikki hafta muddatda “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning aktivlari nominal (balans) qiymatda Fargʻona viloyati hokimligi va “Oʻzbekneftgaz” AJga 3-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha begʻaraz berilishini taʼminlasin;
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushiga egalik qilish huquqi investorga oʻtgunigacha tayyor mahsulot, xomashyo, tarkibiy qismlarni sotishdan olingan daromadlar hamda FNQIZning debitorlik qarzlarini undirishdan tushgan mablagʻlar hisobidan FNQIZ majburiyatlari qoplanishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, FNQIZ majburiyatlari oʻz vaqtida qoplanmagan taqdirda, “Oʻzbekneftgaz” AJ FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushiga egalik qilish huquqi investorga oʻtgunigacha yuzaga kelgan FNQIZning undirilmagan debitorlik qarzi, qaytarilmagan kreditorlik qarzi va boshqa majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisiga aylanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda neft mahsulotlari uchun bozor tamoyillari asosida narxlarni shakllantirish boʻyicha ikki oy muddatda takliflar kiritsin.
1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov va Oʻzbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.Y. Xaydarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-may,
431-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2019-y., 09/19/431/3187-son)