Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Samarqand viloyatidagi mavjud tabiiy resurslardan samarali foydalanish, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, sifatli sement mahsulotini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4067-son qaroriga muvofiq “Gansu hengya cement Co.Ltd” (XXR) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) tomonidan 2019 — 2021-yillarda umumiy qiymati 340 mln AQSh dollarilik yillik 2,4 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan sement zavodi (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) qurilishi nazarda tutilganligi hamda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Nengyuan cement” qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Nengyuan cement” QK deb ataladi) tashkil etilganligi;
investitsiya loyihasi doirasida sement zavodini qurish uchun Kattaqoʻrgʻon tumani hududidan 50 ga yer maydoni ajratilganligi hamda Nurobod tumani hududida joylashgan noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy maydoni 138 ga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Samarqand viloyati hokimligi va investorning investitsiya loyihasi doirasida 2023-yil 30-oktabrga qadar umumiy qiymati 340 mln AQSh dollarlik sutkasiga 7500 tonna klinker (yillik 3,0 mln tonna sement) ishlab chiqarish quvvatiga ega sement zavodini ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-dekabrdagi 739-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 09/21/739/1139-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
bir oy muddatda investor bilan belgilangan tartibda investitsiya shartnomasini tuzilishini taʼminlasin hamda investitsiya shartnomasida investorning huquq va majburiyatlarini, investitsiyalar hajmini, tashkil etiladigan ish oʻrni sonini, investorga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalarni hamda mazkur qaror ilovasiga muvofiq Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanidagi sement ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasining moʻljallangan dastlabki texnik-iqtisodiy parametrlarini hisobga olgan holda boshqa investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni nazarda tutsin;
investitsiya shartnomasiga muvofiq majburiyatlarni investor tomonidan bajarilishini monitoring qilib borilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Nengyuan cement” QKga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarini 2022-yil 31-dekabrga qadar loyiha-smeta hujjatlarini bir vaqtning oʻzida ishlab chiqish bilan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-dekabrdagi 739-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 09/21/739/1139-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ qurilayotgan sement zavodi tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalariga ulanishida “Nengyuan cement” QKga amaliy yordam koʻrsatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi investitsiya loyihasining loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin va investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarini sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi investitsiya loyihasini davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazilishini va uni amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. “Nengyuan cement” QK investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
a) 2020-yil 1-oktabrga qadar:
“Nengyuan cement” QK va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan chetdan olib kelinadigan, shu jumladan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida asbob-uskunalar, xom-ashyo va materiallar, mashina va mexanizmlar, maxsus transport vositalari, ehtiyot qismlar va butlovchi uzellar, priborlar va instrumentlar, texnik va loyiha hujjatlari belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan;
koʻrsatiladigan xizmatlar, chetdan olib kelinadigan tovarlar, materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, transport vositalari priborlari, ehtiyot qismlar, instrumentlar, yoqilgʻi moylash materiallari Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziyalanishida yigʻimlar, davlat bojlari va toʻlovlar toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
import qilinadigan materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, priborlar, ehtiyot qismlar, instrumentlar — majburiy sertifikatlash tartibotidan;
b) 2021-yil 1-yanvarga qadar:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi toʻlashdan;
yer qaʼri uchastkasidan foydali qazilma konlarining har bir tijoratbop topilmasi uchun toʻlanadigan “tijoratbop topilma bonusi” toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Samarqand viloyati hokimligining buyurtmanomalariga asosan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalari, konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Nengyuan cement” QKning buyurtmanomalari boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalari davlat boji undirilmasdan berilishini va uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini hamda muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Nengyuan cement” QKning buyurtmanomalari boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-may,
412-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-maydagi 412-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanidagi sement ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy
PARAMETRLARI
|
|
ming AQSh dollari | |
|
T/r |
Koʻrsatkichlar nomi |
Jami (toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar) |
|
1. |
Loyihaning umumiy qiymati |
340 000,0 |
|
2. |
Kapital qoʻyilmalar hajmi |
340 000,0 |
|
2.1. |
mashina va asbob-uskunalar |
184 500,0 |
|
2.2. |
qurilish-montaj ishlari |
130 000,0 |
|
2.3. |
investitsiya jarayonidagi moliyaviy xarajatlar |
13 428,6 |
|
2.4. |
boshlangʻich aylanma mablagʻlari |
71,4 |
|
2.5. |
boshqa xarajatlar |
12 000,0 |
|
3. |
Yillik ishlab chiqarish quvvati |
650 ming tn M600, 1750 ming tn M500 (oq), 600 ming tn M400 |
|
4. |
Kutilayotgan yillik eksport hajmi |
136 ming tn M600, 336 ming tn M500 (oq), 672 ming tn M400 |
|
5. |
Tashkil etiladigan ish oʻrni |
600 |
|
6. |
Loyihani ishga tushish muddati |
2023-yil oktabr |
|
7. |
Loyihaning oʻzini qoplash muddati |
6-7 yil |
|
8. |
Investitsiya davrining davomiyligi |
23 oy |
|
|
|
|
(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-dekabrdagi 739-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 09/21/739/1139-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2019-y., 09/19/412/3143-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 09/21/739/1139-son)