O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018-yil 28-noyabrdagi PQ-4038-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar faoliyatini yanada rivojlantirish, shu sohada mehnat qilayotgan, o‘zining badiiy, ijtimoiy-siyosiy ruhdagi ijodiy asarlari bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan dramaturg va yozuvchilar, madaniyat va san’at xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-may,
385-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 385-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash tartibini belgilaydi.
2. Ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida tashkil etiladigan Dramatik va musiqiy asarlarni tanlash va xarid qilish bo‘yicha ishchi guruhning (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyrug‘iga asosan to‘lanadi.
3. Ishchi guruh kollegial maslahat organi hisoblanadi va uning faoliyati jamoatchilik asosida tashkil etiladi. Ishchi guruh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tavsiyasi bilan asosiy ish joyidan belgilangan tartibda rag‘batlantirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Teatr va sirk san’atini rivojlantirish boshqarmasi Ishchi guruhning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 7-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son)
2-bob. Ishchi guruhning asosiy vazifalari
5. Ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan asarlarni ko‘rib chiqish;
taqdim etilgan asarlarni muhokama qilish va uning mohiyati va mazmuni, badiiy, g‘oyaviy, ma’naviy, ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyati va tomoshabopligini baholash;
asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash bo‘yicha xulosalarni tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
taqdim etilgan asarlarni yaratganligi uchun mualliflik haqini qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda belgilash;
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
asarlarning davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida sahnalashtirilishi va ijro etilishi bo‘yicha tavsiyalar berish;
madaniyat va san’at muassasalarining repertuarini yuksak badiiy g‘oyaga ega bo‘lgan musiqiy va dramatik asarlar bilan boyitib borishga ko‘maklashish va bu borada tegishli takliflar tayyorlash;
asarlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tayyorlangan xulosa va tavsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etish;
ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha so‘rovni shakllantirish.
3-bob. Ishchi guruhning huquq va majburiyatlari
6. Ishchi guruh o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
asarlar mualliflariga asarlarni qayta ko‘rib chiqish va Ishchi guruhga kiritish to‘g‘risida tavsiyalar va takliflar berish;
asarlarni ko‘rib chiqish jarayoniga sohaning yetakchi mutaxassislarini jalb etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi guruh qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Ishchi guruh mazkur Nizomda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlashga majbur.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi guruh qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Ishchi guruh faoliyatini tashkil etish
8. Ishchi guruh tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan kelishgan holda, qoida tariqasida, 15 nafardan (Ishchi guruh rahbari, o‘rinbosari, mas’ul kotibi va komissiya a’zolari) iborat tarkibda shakllantiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Ishchi guruh tarkibiga yetakchi teatrshunoslar, san’atshunoslar va dramaturglar, kompozitorlar, mutasaddi rahbarlar, teatr adabiy emakdoshlari, rejissyorlar va aktyorlari, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim va fan muassasalarining xodimlari kiritiladi.
10. Ishchi organ:
ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi to‘lash maqsadida taqdim etilgan asarlarni qabul qiladi, ularning ro‘yxatini shakllantiradi hamda asarlarni ko‘rib chiqish va qiymatini baholash uchun Ishchi guruhga taqdim etadi;
Ishchi guruhda ish yuritilishini tashkil etadi, hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanishni belgilangan tartibda ta’minlaydi.
11. Ishchi guruh majlislari zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.
12. Ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik, adabiy asarlar yaratish bo‘yicha buyurtmalarni bajargani, haykaltaroshlik asarlari, tasviriy san’at asarlari yaratgani, badiiy loyihalashtirish va konstruksiyalash ishlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari, shuningdek, ushbu pul O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘langanda uning eng yuqori stavkalariga mos ravishda asarlarning bahosini belgilaydi.
Ishchi guruhga ma’lum bir asarga xulosa berish ehtiyoji tug‘ilganda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan soha mutaxassislari qo‘shimcha jalb etilishi mumkin.
13. Ishchi guruh majlisi Ishchi guruh rahbari va uning o‘rinbosarlari rahbarligida o‘tkaziladi hamda Ishchi guruh qarori a’zolarning kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda, ochiq ovoz berishi yo‘li bilan majlisda qatnashayotgan a’zolarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng bo‘lgan hollarda, majlisga raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Ishchi guruhning har bir a’zosi umumiy qarordan norozi bo‘lgan taqdirda, o‘z fikrini bildirish huquqiga ega va bu bayonnomada qayd etiladi. Bayonnomada har bir asar bo‘yicha ovoz berish natijalari ko‘rsatiladi. Qo‘shimcha taklif etilgan maslahatchilar va ekspertlar ovoz berishda ishtirok etmaydilar.
14. Ishchi guruh majlislarining bayonnomalarida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart:
Ishchi guruh majlisida ishtirok etgan a’zolar va taklif etilganlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
taqdim etilgan asarlarni davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari repertuariga kiritishning (kiritilganligining) maqsadga muvofiqligi;
taqdim etilgan asarlar haqida qisqa ma’lumotlar ( asar nomi, muallifi, qisqa vizual ta’rifi, janri, imzoning mavjudligi hamda asarga taqrizlar ko‘rsatilgan holda);
taqdim etgan mualliflarning familiyasi, ismi va otasining ismi, pochta manzili va pasport ma’lumotlari.
15. Komissiya bayonnomasining qaror qismida asar muallifiga mualliflik haqini to‘lash to‘g‘risidagi tavsiya yoziladi.
Bayonnoma Komissiya raisi, kotibi va majlisda ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan imzolanadi.
16. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi to‘lash bo‘yicha barcha asarlar mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq namunaviy arizaga asosan mualliflarining pasport nusxasi, STIR, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqasi, mutaxassislarning (san’atshunos, teatrshunos, musiqashunos) taqrizlari hamda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining ma’lumotnomalarini ilova qilgan holda Ishchi organga taqdim etiladi.
Ishchi guruh tomonidan zarur hollarda muallifdan qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
17. Ishchi guruh tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan hamda mualliflik haqi to‘lash maqsadga muvofiq deb topilgan asarlar bo‘yicha xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Ishchi guruh tomonidan kiritilgan ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi to‘lash bo‘yicha xulosalarga muvofiq asar mualliflari bilan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan mualliflik shartnomasini tuzish masalasini ko‘rib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda asar muallifi Komissiya xulosasida asarni yaratganlik uchun mualliflik haqi qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda to‘lanishiga rozilik bildirganda, u bilan belgilangan tartibda mualliflik shartnomasi tuziladi.
(17-bandning uchiinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi to‘lash bo‘yicha asar mualliflari bilan shartnomalar:
mualliflik haqi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘langanda — O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
mualliflik haqi davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘langanda — tegishli davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari tomonidan belgilangan tartibda tuziladi.
Bunda Ishchi guruhning xulosasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yoki tegishli davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mualliflik haqini to‘lash ko‘rsatiladi.
5-bob. Asarlarni ko‘rib chiqish tartibi, har bir asarga qo‘yiladigan talab va mezonlar
19. Asarlarni ko‘rib chiqish tartibi mazkur Nizomga 2-ilovadagi sxemaga asosan amalga oshiriladi.
20. Asarlar quyidagi talab va mezonlarga javob berishi shart:
a) dramatik asarlar:
asarning g‘oyaviy jihatdan yetukligi;
asar matnining badiiyligi;
dramatizmning rang-barangligi;
obrazlar to‘qnashuvining ta’sirchanligi va tomoshabopligi;
personajlar xarakteri va tilining o‘ziga xosligi;
asar qahramonining ikkinchi darajadagi obrazlardan farqi;
joziba hukmronligi;
asar yaratishda janrlarga qat’iy amal qilinganligi;
b) musiqiy asarlar:
asar g‘oyasi, badiiy mohiyati, shakli, rivojlanish janr qonuniyatlari va talablariga javob berish kerak;
kompozitor musiqiy asarlarning milliy xususiyatlari, bayon etish uslubiga e’tibor berish kerak;
sahna asarlari — opera, balet, musiqali drama, musiqa kabi janrlar mavzusining dolzarbligi, zamonaviyligi bilan jalb etishi lozim. Vatanparvarlik va qahramonlik g‘oyalari, yoshlarni ma’naviy tarbiyalash, ularga ma’naviy ozuqa berish sahna asarlarining asosiy maqsadiga aylanishi lozim. Hajm nuqtai nazardan, opera va balet kamida 2 aktni tashkil etishi zarur. Operadagi ariya, duet, ansambl, xor shaklan mukammal, badiiy g‘oyani ochib berishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Baletda bunday mohiyat orkestr imkoniyatlari, musiqaning sahna harakatlari bilan mutonosiblikda yo‘nalishi bilan xarakterlanadi. Musiqali drama va komediya 10 — 15 ta musiqiy nomerdan kam bo‘lmasligi kerak. Ular ariya va duetlarni, ansambllarni o‘zida mujassam etishi shart. Musiqiy leytmotivlar asar dramaturgiyasini ochib berishi lozim;
simfoniya, konsert, orkestr uchun yaratilgan yirik janrdagi asarlar janr talablariga muvofiq global g‘oyalarni o‘zida mujassam etishi, uni bosqichma-bosqich ochib berishi, simfoniya, konsert janrlari sonat-simfonik turkum shaklini o‘zida namoyon etishi kerak. Konsert janri mavzusini ochib berish barobarida undagi solist partiyasi yorqin, lirik va texnik rivojlanishni ham o‘zida mujassam etishi, ijrochilar mahoratini oshirishda yordam berishi hamda zamonaviy orkestrovka, texnika omillarini ko‘rsatib berishi lozim;
o‘quv-pedagogik va konsert repertuarlari uchun mo‘ljallangan yirik janrdagi asarlar kamer cholg‘u va kamer vokal asarlarni ijro etuvchi talabalarning ijro mahoratini oshirishga, texnik rivojlanishiga xizmat qilishi, shu bilan birga, asarlar badiiy mohiyatni kasb etishi lozim;
kamer cholg‘u asarlar oddiy va murakkab ikki qismli, uch qismli, rondo, variatsiya, aralash shakllarda bayon etilishi, ular o‘quvchi va talabalarning badiiy didini, melodik tafakkuri, lado — tonal, garmonik, texnik xususiyatlarini shakllantirish va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishi, shuningdek, asarlar (noktyurn, ballada, prelyudiya, mazurka, marsh, skerso, etyud, polka va boshqalar) 3 betdan (100 taktdan) kam bo‘lmasligi kerak;
romans badiiy mohiyati, uslubiy yo‘nalishi nuqtai nazardan mukammal, xonandalarning ijro imkoniyatlarini rivojlantirishga, yo‘naltiruvchi xususiyatlarga ega bo‘lishi, ijro ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi, ular uch qismli, murakkab aralash shakllarda (3 bet — taxminan 100 taktdan kam bo‘lmasligi) bayon etilgan bo‘lishi kerak;
qo‘shiq band — naqorat shaklida, lirik, tantanavor ruhni o‘zida mujassam etishi, jo‘rovoz partiyasi romansga nisbatan oddiy, gamofon-garmonik va akkordli tuzilmalar asosida rivojlanishi zarur.
6-bob. Moliyalashtirish va hisob-kitob tartibi
21. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari doirasida hamda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
22. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash uchun Ishchi guruhning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tegishli buyrug‘i hamda unga asosan muallif bilan tuzilgan shartnoma asos bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Asarning badiiy-g‘oyaviy saviyasidan kelib chiqqan holda, mualliflik haqining miqdori belgilanadi hamda ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mualliflik haqi to‘lanadi va ular bilan hisob-kitob qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga asosan to‘lovlar amalga oshiriladi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash bo‘yicha tuzilgan barcha shartnomalar va ushbu shartnomalarga asosan amalga oshirilgan xarajatlar hisobi va hisobotlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida alohida yuritilishi zarur.
25. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining repertuarlarini shakllantirish va to‘ldirish uchun badiiy-g‘oyaviy yuksak asarlarni xarid qilish uchun buyurtma berish huquqiga ega.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ishchi guruh faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
27. Ishchi guruh tomonidan asarlarni yaratganlik uchun mualliflik haqi to‘lash bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan mualliflik asarlarining nusxalari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida saqlanadi.
28. Mualliflik haqi to‘langan asarlar 6 — 12 oy davomida davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida sahnalashtirilishi hamda ijro etilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Mualliflik haqini olish bo‘yicha arizaning
NAMUNAVIY SHAKLI
| | | | | | |
| |||
|
Ariza | |||||||||
| Menga ______________________ni ko‘rib chiqib, belgilangan tartibda (asar nomi) mualliflik haqi to‘lab | |||||||||
|
(asar nomi) | |||||||||
| berilishini so‘rayman. | |||||||||
| Asar nusxasi va tegishli hujjatlar ilova qilinadi. | |||||||||
| | | | | | | | | | |
| Ma’lumot uchun telefon raqami:____________ | | | | | | ||||
| Imzo:___________ | | | | | | | |||
| Sana:___________ | | | | | | | |||
Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini to‘laga tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Asarlarni ko‘rib chiqish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.05.2019-y., 09/19/385/3107-son; 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)