Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax shahrida toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Paxta tolasini chuqur qayta ishlashdan tayyor tikuv buyumlari ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq bosqichli zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardoshli isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish turlarini va hajmini koʻpaytirish, hududning eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, shuningdek, Jizzax shahridagi qurilishi tugallanmagan obyektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining “Elegans Teks” QK MChJga (keyingi oʻrinlarda Jamiyat deb ataladi) tegishli boʻlgan Jizzax shahri, Toʻqimachilik koʻchasi, 7-uy manzilda joylashgan bino va inshootlar (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) negizida “Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJni barpo etish yoʻli bilan yagona muassisi — “Jizzakh Textile” XK MChJ boʻlgan “Zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
obyekt 20 yil mobaynida ishlamayotganligi va ishlab chiqarishni tiklash uchun ushbu maydonlardagi barcha bino va inshootlarni toʻliq rekonstruksiya qilish talab etilishi;
“Jizzakh Textile” XK MChJ muassislari yigʻilishida yillik quvvati 12,0 ming tonna ip-kalava, shuningdek, uni qayta ishlash mahsulotlari — 3,0 mln komplekt yotoq choyshabi va 13,0 mln dona tikuv buyumlari ishlab chiqarishni tashkil etish, yangi ishlab chiqarishni 2021-yilning ikkinchi yarim yilligida ishga tushirgan va obyekt negizida 2550 yangi ish oʻrinlari yaratgan holda investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi;
Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi 2018-yil 19-iyuldagi qarori bilan Jamiyat ustav fondida 24 foiz ulushga ega boʻlgan “Portway LLC”ni (AQSh) Jamiyat aʼzolari tarkibidan chiqarganligi;
Jamiyat aʼzosi — “New Light General Trading FZCO” kompaniyasi (BAA) Jamiyat ustav fondidagi oʻz ulushini mustaqil baholash tashkiloti tomonidan aniqlangan bozor qiymatida — 4,47 mlrd soʻmga sotish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga murojaat qilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining:
“New Light General Trading FZCO” kompaniyasidan (BAA) Jamiyat ustav fondidagi 26 foiz ulushni bozor qiymatida sotib olish;
Jamiyatning butun mol-mulkini “Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJga 11,5 mlrd soʻm qiymatda, 15 foiz avans toʻlovi amalga oshirilgandan keyin obyektga egalik huquqini rasmiylashtirish, sotib olish summasi qoldigʻiga foiz hisoblamasdan va sotib olish toʻlovlari bilan qoplanmaydigan qarzdorlikni hisobdan chiqarish sharti bilan sotish;
“Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJga sotilayotgan obyektning qiymatini ikki yillik imtiyozli davr bilan 7 yil mobaynida ilovaga* muvofiq jadvalga muvofiq teng ulushlarda amalga oshirish huquqini berish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. “Jizzakh Textile” XK MChJ va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining investitsiya loyihasini quyidagi moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
“Jizzakh Textile” XK MChJning oʻz mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining ikki yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 7 yil muddatga ajratiladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq boʻlmagan milliy valyutadagi krediti — loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun;
“Jizzakh Textile” XK MChJ oʻz mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki orqali qayta moliyalashtiriladigan xorijiy kreditlar — texnologik uskunalar xarid qilish va oʻrnatish uchun;
Belgilab qoʻyilsinki, ajratiladigan kreditlar hajmlari belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga muvofiq aniqlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJ tomonidan texnologik uskunalarni xarid qilish va oʻrnatish, montaj qilish va ishga tushirish, shuningdek, uskunalarga servis xizmati koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun xorijiy kredit liniyalari jalb etilishini taʼminlasin.
6. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
“Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oldidagi kredit majburiyatlari boʻyicha garov taʼminotining yetishmayotgan qismi miqdorida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining kafil sifatida jalb etilishiga;
“Sh. Rashidov nomli toʻqimachlik kombinati” MChJga, istisno tariqasida, 2020-yil 1-yanvargacha qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat etilsin.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
“Sh. Rashidov nomli toʻqimachilik kombinati” MChJ belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kirilayotgan texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, maxsus texnika, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, elektr asbob-uskunalari va jihozlar boʻyicha 2022-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno);
“Elegans Teks” QK MChJ — Jamiyatga tegishli mol-mulkni sotishda va keyinchalik Jamiyatni tugatishda soliq toʻlovlaridan ozod etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiya va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-aprel,
359-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2019-y., 09/19/359/3029-son)