O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialini tashkil etish to‘g‘risida
Sholichilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada kengaytirish, sholining yangi raqobatbardosh, shuningdek, Xorazm vohasining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos, serhosil navlarini yaratish va yetishtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xorazm viloyati hokimligining Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialini (keyingi o‘rinlarda filial deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 874-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son)
2. Quyidagilar filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli, guruchining yuqori sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajralib turuvchi sholi navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish;
yangi va istiqbolli sholi navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, urug‘chilikning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
sholi yetishtirishda zamonaviy resurstejamkor va suv tejovchi texnologiyalarni yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish;
chet el ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda hosildorlikni oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
sholi ekinidagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashda atrof-muhitning ekologik muvozanatiga ta’sir etmaydigan usullarni ishlab chiqish;
sholi ekinini yetishtirishdagi asosiy agrotexnik tadbirlarni innovatsion texnologiyalar asosida mexanizatsiyalashni joriy etish;
sohaning yetakchi xorijiy ilmiy muassasalari bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, sholichilikni rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan loyiha va investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish, konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar o‘tkazish;
sholi va dukkakli don ekinlarini yetishtirishni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirish va takomillashtirish.
3. Belgilansinki, filial ilmiy muassasa shaklidagi yuridik shaxs bo‘lib, u Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. Quyidagilar:
Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm filiali tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktoriga, zarur hollarda, filial tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 274-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda bir oy muddatda filialning ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 874-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son)
6. Quyidagilar filialni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Xorazm viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda filialga:
Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Sholikor qishlog‘i, “Chinobod” muqobil mashina traktor parki hududidagi 1800 m2 bo‘sh turgan yer maydonini — bino va inshootlar qurish uchun;
Xorazm viloyati, Gurlan tumanidagi 82 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini — doimiy foydalanish huquqi asosida ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, Xorazm viloyati hokimi F.O‘. Ermanov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Telekommunikatsiyalar, IT-texnologiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 874-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son)
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-aprel,
327-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 327-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm filiali
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 17 nafar, shu jumladan ilmiy xodimlar soni — 9 nafar.
Oldingi tahrirga qarang.
Yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amaldagi normativlariga asosan aniqlanadi. Ilmiy loyihalarni bajarish uchun shartnoma asosida ilmiy va texnik xodimlar jalb qilinishi mumkin.
(1-ilova izoh qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
* xo‘jalik mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2019-y., 09/19/327/2968-son; 16.10.2019-y., 09/19/874/3919-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)