O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MEHNAT QILISh ShAROITLARI G‘OYaT OG‘IR VA ZARARLI, O‘TA OG‘IR IShLAB ChIQARIShLARDA IShLAYDIGAN FUQAROLARNING AYRIM TOIFALARI DAROMADLARIDAN IMTIYOZLI SOLIQ OLISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyundagi 168-sonli “Soliq imtiyozlari tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning daromadlaridan olinadigan soliqlar darajasini kamaytirish to‘g‘risida” 1995-yil 24-fevraldagi PF-1083-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda mehnat qilish sharoitlari g‘oyat og‘ir va zararli, o‘ta og‘ir ishlab chiqarishlarda ishlaydigan fuqarolarning ayrim toifalarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning 1, 2, 3-ro‘yxatlariga kiruvchi mehnat qilish sharoitlari g‘oyat og‘ir va zararli, o‘ta og‘ir ishlab chiqarishlarda ishlaydigan xodimlarning daromadlaridan soliqlar olishning imtiyozli tartibi belgilansin.
Belgilab qo‘yilsinki, fuqarolarning yuqorida qayd etilgan toifalari daromadlarining ushlab qolinadigan darajasi 25 foizdan oshmasligi kerak.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu qarorga muvofiq daromad solig‘ini to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi va to‘lanishi ustidan nazoratni ta’minlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 1-mart,
72-son
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1995-y., 3-son, 7-modda)