O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
FUQAROLARNING DAROMADLARIDAN OLINADIGAN SOLIQLAR DARAJASINI KAMAYTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Fuqarolarning daromadlaridan olinadigan soliqlar darajasini kamaytirish maqsadida:
1. 1995-yilning 1-martidan boshlab fuqarolar daromadining soliq olinmaydigan eng kam miqdori oyiga 300 so‘m miqdorida belgilansin.
2. 1995-yilning 1-martidan boshlab fuqarolarning daromadlaridan olinadigan soliqlar progressiv stavkasining cheklangan miqdori 45 foizdan 40 foizgacha kamaytirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
1995-yil 1-martgacha mehnat qilish sharoitlari alohida zararli bo‘lgan ishlab chiqarishlarda ishlaydigan, amaldagi qonunchilikka muvofiq ular uchun soliq olishning imtiyozli tartibi belgilangan fuqarolarning ayrim toifalari ro‘yxatini ular daromadlarining ushlab qolinadigan darajasi 25 foizdan oshmasligini nazarda tutgan holda tasdiqlasin;
fuqarolardan olinadigan daromad solig‘i to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 30-noyabrdagi PF-1014-son Farmonining 5-bandi 1995-yil 1-yanvardan boshlab va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 7-fevraldagi PF-1080-son Farmoni 1-bandining to‘rtinchi xatboshi 1995-yil 1-martdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 24-fevral,
PF-1083-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 70-modda)