Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida,
Tomonlar davlatlarining amaldagi diplomatik pasportga ega boʻlgan fuqarolarining kirish va chiqish, shuningdek, safar qilishlariga koʻmaklashishni istagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Vizadan ozod etish
Vizadan ozod etish
Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab oltmish (60) kundan oshmagan muddatda ushbu Tomon davlati hududiga vizasiz kirish, chiqish, undan tranzit oʻtish hamda unda vaqtinchalik boʻlish huquqiga egadirlar.
2-modda
Milliy qonunchilikning qoʻllanishi
Milliy qonunchilikning qoʻllanishi
1. Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari davomida ushbu Tomon davlatining milliy qonunchiligiga, shu jumladan, xorijiy fuqarolarga nisbatan qoʻllaniladigan roʻyxatdan oʻtish, boʻlib turish va harakatlanish qoidalariga rioya qiladilar.
2. Mazkur Bitimdagi biror qoida 1961-yil 18-apreldagi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasi va 1963-yil 24-apreldagi Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasida bayon qilingan huquq va majburiyatlarga daxl qiladigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
3-modda
Tayinlovlar uchun vizalar
Tayinlovlar uchun vizalar
1. Har bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimi yoki oʻz mamlakatining xalqaro tashkilotdagi vakili sifatida tayinlangan va amaldagi diplomatik pasportga ega boʻlgan fuqarosi boshqa Tomon davlati hududiga kirishi uchun viza olishi talab etiladi.
2. Har bir Tomon davlatining xalqaro tashkilot, organ, agentlik va boshqa har qanday shunga oʻxshash tashkilotlar tomonidan ishga yollangan diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlatining hududiga rasmiy yoki shaxsiy tashriflar uchun kirishidan oldin viza olishi talab etiladi.
3. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartlar diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari xodimining yoki xalqaro tashkilotdagi vakilning turmush oʻrtogʻi, farzandlari va qaramogʻida boʻlgan ota-onalariga ham tatbiq qilinadi.
4-modda
Kirishni rad etish va toʻxtatib qoʻyish
Kirishni rad etish va toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Tomon oʻz davlati hududiga boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalarining kirishini rad etish yoki boʻlib turish muddatini cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi, basharti mazkur shaxs nomaqbul deb topilsa.
2. Har bir Tomon jamoat tartibini saqlash, milliy xavfsizlik yoki oʻz davlati fuqarolarining sogʻligʻini muhofaza qilish sababi bilan mazkur Bitimning amal qilishini vaqtincha, toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Toʻxtatib qoʻyish boshqa Tomon davlati hududiga kirib boʻlgan fuqarolarning huquqlariga daxl etmaydi.
3. Tomonlar bir-birlarini mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan choralar koʻrilishi toʻgʻrisida 72 soatdan kechiktirmasdan diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
5-modda
Harakatlanish hujjatlari
Harakatlanish hujjatlari
1. Har bir Tomon davlati fuqarolarining diplomatik pasportlari boshqa Tomon davlati hududiga kirish sanasida avval kamida 6 (olti) oy muddatga amalda boʻlishi lozim.
2. Tomonlar mazkur Bitim imzolangandan soʻng oʻttiz (30) kun mobaynida mavjud diplomatik pasport namunalarini, shu jumladan, bunday hujjatlarning batafsil tavsifini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
3. Basharti Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishi davomida diplomatik pasportlarni almashtirsa yoki ularga oʻzgartirish kiritsa, ushbu Tomon boshqa Tomonni oʻttiz (30) kun avval diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi hamda yangi pasportlar namunalarini, shu jumladan, uning batafsil tavsifini taqdim qiladi.
6-modda
Pasportni yoʻqotish
Pasportni yoʻqotish
1. Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida harakatlanish hujjatlari yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan xabardor qiladilar, ular esa oʻz navbatida qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
2. Pasportlar yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi pasport yoki yoʻqolgan pasportning oʻrnini vaqtinchalik bosuvchi boshqa harakatlanish hujjatini taqdim etadi. Qabul qiluvchi Tomon davlati hududidan joʻnab ketish mazkur Bitim qoidalari va qabul qiluvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish va talqin qilishda nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni uchinchi tomon yoki xalqaro tribunalga murojaat etmasdan, diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qiladilar.
8-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda mazkur Bitimning 9-moddasida koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Bitimning kuchga kirishi, davomiyligi va tugatilishi
Bitimning kuchga kirishi, davomiyligi va tugatilishi
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki huquqiy protseduralarni yakunlaganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan 30 kun oʻtgach kunga kiradi.
2. Har bir Tomon mazkur Bitimni boshqa Tomonga yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Mazkur Bitim boshqa Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab toʻqson (90) kundan soʻng tugatiladi.
Buning tasdigʻi sifatida oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki (2) asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)