Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
“Oʻzbekkoʻmir” AJ faoliyati samaradorligining tahlili koʻrsatdiki, soʻnggi bir necha yillarda kon yuzasini ochish ishlarini bajarishda qoloqlikka yoʻl qoʻyilgani, koʻmir qazib olish samaradorligi darajasi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi respublikada koʻmir mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning oʻsib borayotgan hajmlari qondirilmayotganligiga sabab boʻlmoqda.
“Oʻzbekkoʻmir” AJ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, uning faoliyati samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilishini hamda koʻmir sanoatini kelgusida barqaror va muvozanatli rivojlantirishga yoʻnaltirilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, 2019 — 2023-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining koʻmir mahsulotlariga oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda tashkil etiladigan “ProgressGorTex” MCHJ (Rossiya Federatsiyasi) shoʻba xoʻjalik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — ishonchli boshqaruvchi) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʻzbekkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 45 foiz aksiyalari paketining ishonchli boshqaruvchisi sifatida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tuziladigan ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida jalb etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va ishonchli boshqaruvchi oʻrtasidagi ishonchli boshqaruv shartnomasini ishlab chiqish va tuzishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga amaliy yordam koʻrsatsin.
2. Belgilansinki, ishonchli boshqaruvchi xizmatlari uchun toʻlovlar ishonchli boshqaruv shartnomasida belgilanadi va:
tasdiqlangan maʼmuriy va boshqa xarajatlarni qoplaydigan miqdorda har oylik toʻlovlar;
amalga oshirilgan xarajatlarga nisbatan minimal rentabellik normasini qoʻllash tarzida amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi ishonchli boshqaruvchiga investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchisi litsenziyasi berilishini taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning mablagʻlari hisobiga “Oʻzbekkoʻmir” AJ moliyaviy va ishlab chiqarish auditini oʻtkazish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida xalqaro auditorlik tashkilotini jalb etish;
“Oʻzbekkoʻmir” AJning “Angren” razrezida texnologik auditni oʻtkazish uchun “ProgressGorTex” MCHJni (Rossiya Federatsiyasi) jalb etish;
b) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” va “Oʻzbekkoʻmir” AJlarning “Angren” razrezida istiqbolda foydalanish imkoniyati boʻlmaganligi munosabati bilan rotor majmuasini demontaj qilish, koʻchirish va keyinchalik konservatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Ishonchli boshqaruv doirasida “Oʻzbekkoʻmir” AJ faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻzbekkoʻmir” AJga, istisno tariqasida, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʻzbekkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi aksiyalari ishonchli boshqaruvga topshirilishiga qadar, “ProgressGorTex” MCHJ (Rossiya Federatsiyasi) bilan kelishgan holda, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK ekspertizasidan oʻtkazilgan, cheklangan narxi belgilangan texnik topshiriqlarga asosan 2-ilovaga* muvofiq kon-transport va yordamchi texnika, texnologik uskunalarni tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida yetkazib berish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Oʻzbekkoʻmir” AJ boshqaruv organlariga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda ishonchli boshqaruvchi bilan birgalikda auditor xulosasi olingandan soʻng ikki hafta muddatda ishonchli boshqaruvchi tomonidan taqdim etilgan “Oʻzbekkoʻmir” AJni “Angren” koʻmir razrezi kesimida rivojlantirish strategiyasini (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) tasdiqlash hamda “Oʻzbekkoʻmir” AJning 2019-yilga moʻljallangan ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati rejasini ushbu Strategiyaga muvofiqlashtirish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekkoʻmir” AJ bilan birgalikda Strategiya tasdiqlangandan soʻng bir oy muddatda Strategiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Quyidagi takliflar maʼqullansin:
b) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga “Chinniobod” shaharchasida yer uchastkalari olinishi munosabati bilan buziladigan uylar, binolar, inshootlar, ekin maydonlarining bozor qiymati va mulkdorlarga yetkazilgan zararning qoplanishini taʼminlash toʻgʻrisidagi;
v) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” va “Oʻzbekkoʻmir” AJlarning “Oʻzbekkoʻmir” AJ uchun mazkur qarorning 2-ilovasida* nazarda tutilgan kon-transport va yordamchi texnika, texnologik uskunalarni jamiyatning oʻz mablagʻlari va jalb qilingan moliyalashtirish manbalari hisobidan xarid qilish toʻgʻrisidagi;
10. Ishonchli boshqaruv va Strategiyani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida 2024-yil 1-yanvarga qadar:
a) “Oʻzbekkoʻmir” AJ va ishonchli boshqaruvchi tomonidan jalb etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlmagan loyiha va pudrat tashkilotlari — yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan;
b) ishonchli boshqaruvchi, “Oʻzbekkoʻmir” AJ hamda ular tomonidan jalb etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlmagan loyiha va pudrat tashkilotlari:
koʻrsatiladigan xizmatlar, olib kiriladigan tovarlar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar, materiallar va texnologik jihozlarni Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziyalash va sertifikatlash bilan bogʻliq toʻlovlar, yigʻimlar va davlat bojlarini toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga muvofiq chetdan olib kiriladigan loyiha va texnik hujjatlar, metall prokati, qurilish va yordamchi materiallar, asboblar va ularning qismlari, butlovchi buyum va qismlar, kimyoviy reaktivlar va laboratoriya mebellari uchun bojxona bojlarini toʻlashdan;
v) “Oʻzbekkoʻmir” AJ:
mazkur qarorning 2-ilovasiga* muvofiq olib kiriladigan kon-transport va yordamchi texnika, texnologik uskunalar hamda Strategiyada qoʻshimcha ravishda belgilanadigan uskuna, texnika, laboratoriya uskuna va jihozlari, ularning ehtiyot qismlari uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlashdan;
g) jismoniy shaxslar — xorijiy mutaxassislar — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq koʻmirning narxlari:
operatsion sarflar, kapital xarajatlar va 10 foizdan kam boʻlmagan rentabellik darajasi asosida shakllantiriladi;
yoqilgʻi-energetika resurslari narxlari qayta koʻrib chiqilishi bilan uygʻun ravishda qayta koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi 2019-yil 1-iyunga qadar respublikada togʻ-kon ishi, shu jumladan koʻmir sanoati sohasidagi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va loyiha institutlarining filiallarini ochish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-mart,
PQ-4234-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 07/19/4234/2726-son, 25.10.2019-y., 07/19/4497/3957-son)