O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4061-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 10-son, 55-modda) bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-mart,
190-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-martdagi 190-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan
qo‘shimchalar
1. 1-bandda:
a) “sportning olimpiya turlari” so‘zlaridan keyin “shu jumladan, sportning texnik va amaliy turlari” so‘zlari qo‘shilsin;
b) “shashka” so‘zidan keyin “avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari” so‘zlari qo‘shilsin.
2. Quyidagi tahrirdagi 21-band qo‘shilsin:
“21. Avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari xamda olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda (Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionatida) birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egallagan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining bitiruvchilari tegishli oliy ta’lim muassasalariga ta’limning ushbu sohadagi yo‘nalishlariga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadilar”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 09/19/190/2707-son)