O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat ijtimoiy granti asosida moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-iyuldagi PQ-3880-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, xorijiy mamlakatlar kinokompaniyalari ishtirokida hamkorlikda film ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat ijtimoiy granti asosida moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zbekkino” Milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Sh. Zokirov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-fevral,
89-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-fevraldagi 89-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat ijtimoiy granti asosida moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan kinematografiya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda milliy kinokompaniya deb ataladi) xorijiy mamlakatlar kinokompaniyalari va boshqa tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda xorijiy kinokompaniya deb ataladi) bilan hamkorlikda film ishlab chiqarishini davlat ijtimoiy granti asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etadigan milliy kinokompaniya va (yoki) xorijiy kinokompaniyalar (hamprodyuserlar);
Badiiy kengash — hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun ariza beruvchining murojaatini ko‘rib chiqish, saralash va davlat ijtimoiy granti asosida hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish bo‘yicha xulosa beruvchi “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi kollegial organ;
prodyuser — filmlar ishlab chiqarish jarayoni ustidan g‘oyaviy-badiiy va tashkiliy-moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi, filmni tasvirga olish guruhi va texnik xodimlar tarkibini shakllantirishda ishtirok etadigan kinokompaniya vakili;
uchinchi shaxs — hamprodyuserlarning biri tomonidan hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun jalb etilgan uchinchi mamlakat kinokompaniyasi yoki prodyuseri;
film — original ssenariy yoki adabiy asarni ekranlashtirish asosida tasvirga olinadigan audiovizual asar (badiiy to‘liq metrajli, badiiy qisqa metrajli, hujjatli-xronikal, ilmiy-ommabop filmlar va ijtimoiy videoroliklar);
hamkorlikdagi film — milliy kinokompaniyalar tomonidan xorijiy kinokompaniyalar yoki prodyuserlar bilan birgalikda ijodiy, texnik va moliyaviy hissa qo‘shish yo‘li bilan ishlab chiqarilgan film;
hamprodyuserlar — hamkorlikda film ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga ega va hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etadigan milliy kinokompaniyalar yoki kamida bir nafari xorijiy bo‘lgan kinokompaniyalar yoki prodyuserlar.
3. Hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi xorijiy kinokompaniya tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyundagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino- va videotasvirga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq beriladigan ruxsatnomani olish talab etilmaydi.
4. Quyidagi hollarda film hamkorlikda ishlab chiqarilgan hisoblanadi:
film O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki uning hududidan tashqarida hamprodyuserlarning birgalikdagi ijodiy, texnik va boshqa hamkorligi natijasida ishlab chiqarilgan bo‘lsa;
film ishlab chiqarishda hamprodyuserlar har birining qo‘shadigan eng kam hissasi filmni ishlab chiqarish umumiy xarajatlarining 20 foizidan kam bo‘lmagan, eng ko‘pi 80 foizidan oshmagan bo‘lsa;
hamprodyuserlarning kelishuviga ko‘ra filmni hamkorlikda ishlab chiqarish uchun uchinchi davlatdan boshqa prodyuser jalb qilingan hollarda uchinchi shaxslarning hissasi filmni ishlab chiqarish umumiy xarajatlarining 30 foizidan oshmagan bo‘lsa;
hamprodyuserlarda filmdan birgalikda foydalanish tartibini belgilovchi shartnomalarning mavjudligi, bunda kinoprokatidan tushadigan daromadlarning hamprodyuserlar va hududlar (film prokati amalga oshiriladigan mamlakatlar) o‘rtasida o‘zaro taqsimlanishi kabi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa.
5. Agar hamkorlikda film ishlab chiqarish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarda hamprodyuserlar o‘rtasidagi rasmiy kelishuvlarda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qo‘llaniladi.
6. Hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirishga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun taqdim qilinadigan ariza va hujjatlarni ko‘rib chiqish
7. Hamkorlikdagi filmni ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun ariza beruvchi “O‘zbekkino” Milliy agentligiga (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) quyidagilarni taqdim etadi:
a) hamkorlikdagi filmni ishlab chiqarishni moliyalashtirish to‘g‘risida ariza;
b) rejalashtirilayotgan film ssenariysining davlat yoki rus tilidagi bosma (elektron) varianti;
v) ariza beruvchi tomonidan hamkorlikda film ishlab chiqarish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
g) filmni tasvirga olish guruhi va asosiy rollardagi aktyorlarning fuqaroligi, kasbi va (yoki) lavozimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan ro‘yxat;
d) hamkorlikdagi filmni tasvirga olishga sarflanadigan mablag‘larning dastlabki hisob-kitobi;
e) hamkorlikdagi filmni tasvirga olish kalendar-postanovka rejasi.
Ariza beruvchi tomondan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Ariza beruvchi hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni Agentlikka bevosita berishi yoki pochta aloqasi vositalari orqali yoxud elektron shaklda yuborishi mumkin.
Ariza beruvchi tomonidan Agentlikka taqdim etilgan hujjatlar qaytarilmaydi.
9. Agentlikka taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi. Ro‘yxat Agentlik tomonidan ariza qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda darhol ariza beruvchiga beriladi (yuboriladi).
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Agentlik tomonidan bir ish kunida ko‘rib chiqiladi. Ariza va hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlansa, bu haqda darhol ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada hujjatlardagi mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etgan holda takroran ariza bilan murojaat qilishning aniq muddati ko‘rsatilishi lozim.
Arizani boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emas, degan vajlar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Arizani takroran ko‘rib chiqishda Agentlik tomonidan ariza beruvchiga ilgari yozma shaklda, shu jumladan, axborot tizimi, elektron pochta aloqasi orqali bayon qilinmagan rad etish sabablari Agentlik tomonidan keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ilgari ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog‘liq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
11. Xabarnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin ariza beruvchi tomonidan topshirilgan ariza yangidan topshirilgan hisoblanadi va Agentlik tomonidan umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
12. Ariza beruvchi tomondan topshirilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
13. Agentlik tomonidan qabul qilingan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar bir ish kunida ko‘rib chiqish va tegishli xulosa berish uchun Badiiy kengashga yuboriladi.
14. Badiiy kengash arizani u olingan kundan boshlab 15 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi va uning natijasi bo‘yicha quyidagi xulosalardan birini chiqaradi:
hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi;
hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirishning maqsadga muvofiq emasligi.
15. Agentlik ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Badiiy kengashning tegishli xulosasi asosida uch ish kunida ko‘rib chiqadi va uning natijasi bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlari va shu maqsadlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan Agentlikka ajratilgan mablag‘lar doirasida yoki Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish to‘g‘risida;
hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirishni rad etish to‘g‘risida.
16. Agentlik qabul qilingan qaror haqida ariza beruvchini qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron pochta aloqasi orqali xabardor qilishi shart.
17. Quyidagi hollarda hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirish rad etiladi:
a) agar film ssenariysida:
milliy, irqiy, etnik yoki diniy dushmanlikni targ‘ib etuvchi;
fuqarolarning milliy mansubligi, diniy e’tiqodlari munosabati bilan ularning qadr-qimmatini kamsituvchi, haqorat qiluvchi yoki axloq normalariga va milliy mentalitetga zid bo‘lgan;
O‘zbekiston Respublikasi xalqlarining tarixi, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini haqiqatga zid tarzda yoki buzib aks ettiruvchi;
ekstremizm va terrorizm g‘oyalarini, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq jinoiy yoki boshqa javobgarlikka olib keluvchi pornografik va boshqa xususiyatga ega bo‘lgan lavhalar mavjud bo‘lsa;
(17-bandning “a” kichik bandi oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) hamkorlikdagi filmni ishlab chiqarishni moliyalashtirish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va (yoki) Jamg‘armadan kino mahsulotlarini ishlab chiqarishga ajratiladigan yillik hajmlardan ko‘p mablag‘ni talab etsa.
3-bob. Hamkorlikda film ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash
18. Hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash:
davlat buyurtmasiga muvofiq milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlari va shu maqsadlarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Agentlikka ajratilgan mablag‘lar doirasida mablag‘ ajratish;
Jamg‘armadan mablag‘ ajratish;
hamprodyuserlarga hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishda moddiy-texnika bazani shakllantirishga ko‘maklashish orqali amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
19. Hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat ijtimoiy granti asosida moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Hamkorlikda film ishlab chiqarishni moliyalashtirishga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.02.2019-y., 09/19/89/2574-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)