Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti shaxsiy tarkibining ovqatlanish tizimini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (keyingi oʻrinlarda Bojxona instituti deb ataladi) shaxsiy tarkibining ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish hamda budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti shaxsiy tarkibining ovqatlanish tizimini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
Bojxona instituti shaxsiy tarkibini oziq-ovqat bilan taʼminlashni tashkil qilish boʻyicha autsorsing xizmatlari joriy etilishi munosabati bilan oshxona xodimlari shtat birliklarini qayta koʻrib chiqib, qisqartirish va ushbu bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni optimallashtirish choralarini koʻrsin;
autsorsing tizimiga oʻtish munosabati bilan tejalgan pul mablagʻlarini, birinchi navbatda, Bojxona instituti shaxsiy tarkibining ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilashga yoʻnaltirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-yanvar,
52-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-yanvardagi 52-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti shaxsiy tarkibining ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) shaxsiy tarkibining ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
autsorsing — buyurtmachining shaxsiy tarkibni ovqatlantirish vazifasini shartnoma asosida autsorserga oʻtkazish;
autsorser — shartnoma asosida buyurtmachiga autsorsing xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti;
Institut shaxsiy tarkibi — Institutda xizmat oʻtayotgan davlat bojxona xizmati organlari xodimlari va kursantlari.
3. Institut shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat bojxona qoʻmitasi deb ataladi) tomonidan Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan normalar asosida ovqat bilan taʼminlanadi.
4. Institut shaxsiy tarkibini ovqatlantirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
statsionar va dala sharoitida oziq-ovqat taʼminoti;
quruq mahsulotlar taʼminoti.
5. Autsorsing xizmati buyurtmachining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Autsorser xodimlarining buyurtmachiga tegishli hududga belgilangan tartibda oldindan taqdim etilgan roʻyxat asosida kirishiga ruxsat beriladi.
7. Autsorsing xizmatini koʻrsatish jarayonida maxfiylik tartibiga rioya etish buyurtmachi tomonidan taʼminlanadi.
2-bob. Autsorserni tanlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish
8. Autsorser Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tanlanadi.
9. Autsorserga talabgorlarga nisbatan quyidagi talablar qoʻyiladi:
yuridik shaxs boʻlishi;
umumiy ovqatlanish sohasida kamida uch yil faoliyat olib borgan boʻlishi;
autsorsing xizmati boʻyicha kamida bir oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablagʻlarga ega boʻlishi;
moliyaviy ahvoli barqarorligi, soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan qarzdorligi mavjud emasligi;
statsionar va dala sharoitida autsorsing xizmatini koʻrsatish uchun yetarli moddiy-texnika va logistika bazasiga ega boʻlishi;
shtatida yetarli ish tajribasi va koʻnikmaga ega xodimlar boʻlishi.
10. Autsorsing xizmatini koʻrsatish boʻyicha shartnoma buyutmachi va autsorser oʻrtasida kalendar yil uchun yozma shaklda uch nusxada tuziladi.
Shartnomada Institut shaxsiy tarkibining soni, bir nafar ovqatlanuvchi uchun tasdiqlangan normalardagi kunlik oziq-ovqat qiymati, kalendar kuni va jami yillik summa aks ettiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlaridan olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxi oʻzgarganda yoki boshqa asosli hollarda, shartnomaga tegishli oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
11. Buyurtmachi mahalliy davlat hokimiyati organlaridan koʻpi bilan bir oyda bir marta oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha bozor narxlari boʻyicha maʼlumot oladi.
12. Bir nafar ovqatlanuvchi uchun kunlik oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha narxi oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha bozor narxlaridan kelib chiqqan holda buyurtmachi tomonidan aniqlanadi va Moliya vazirligi bilan kelishiladi.
13. Autsorsing xizmatiga haq toʻlash shartnoma imzolanadigan oyda Institut shaxsiy tarkibi uchun kunlik oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha narxi va autsorserning xarajatlari (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari, asbob-uskunalarni taʼmirlash, ulardan foydalanish va boshqalarni) hamda ularga nisbatan 20 foizgacha ustama hisobga olingan holda buyurtmachi tomonidan belgilanadi.
14. Koʻrsatilgan xizmatlar hisob-kitobi shartnomaning oylik summasining 15 foizi miqdorida oldindan, 85 foizi haqiqatda koʻrsatilgan xizmatlar summasidan kelib chiqib har 10 kunda, yakuniy hisob-kitob esa keyingi oyning 5 sanasiga qadar amalga oshiriladi.
15. Institut shaxsiy tarkibini ovqatlantirish boʻyicha hisobga kiritishda yoki hisobdan chiqarishda hisob-kitoblar belgilangan kunlik norma summasiga nisbatan quyidagicha amalga oshiriladi:
nonushta uchun 25 %;
tushlik uchun 50 %;
kechki taom uchun 25 %.
3-bob. Autsorserga qoʻyiladigan talablar
16. Autsorsing xizmatlari asosida ovqat bilan taʼminlash qonun hujjatlarida belgilangan texnika va yongʻin xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.
17. Autsorser tomonidan foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlari tegishli sertifikatlar bilan tasdiqlanishi, shuningdek, xalqaro va milliy standartlar talablariga javob berishi shart.
18. Oziq-ovqat mahsulotlarini belgilangan tartibda saqlash qoidalariga rioya etilishi boʻyicha javobgarlik autsorser zimmasiga yuklanadi.
19. Autsorser xodimlari:
sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishi, ularni toʻgʻri saqlashi va belgilangan normalar asosida sarflashi;
belgilangan normalar asosida taom tayyorlash texnologiyasiga qatʼiy amal qilishi, ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasligi;
oziq-ovqat tayyorlash va xizmat koʻrsatish jarayonida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi;
oshpazlik sohasida zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi va oʻz malakasini doimiy ravishda oshirib borishi zarur.
Autsorser xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtishi va tibbiy daftarchaga ega boʻlishi shart.
Mazkur bandda belgilangan talablarga rioya qilmagan shaxslarning autsorser tomonidan xizmat koʻrsatishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
4-bob. Autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
20. Autsorser quyidagi huquqlarga ega:
ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish;
ijaraga olingan bino va inshootlarning ichki qismida texnik jihatdan jihozlash va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
Institut shaxsiy tarkibining soni va ovqatlanish jadvalini belgilangan tartibda olish;
olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaga oʻzgartirish kiritish taklifi bilan chiqish;
koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida toʻlovlar amalga oshirilishini talab qilish;
buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini talab qilish.
Autsorser qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Autsorser:
Institut shaxsiy tarkibining oziq-ovqat taʼminotini uzluksiz, shu jumladan dam olish va bayram kunlari hamda dala sharoitida amalga oshirishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining yangi va sifatli boʻlishini taʼminlashi;
sogʻliq uchun zararli va yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanmaslik va taomlarni tarqatmasligi;
dala sharoitida koʻchma oshxona faoliyatini toʻliq tashkil etgan holda, Institut shaxsiy tarkibining oziq-ovqat taʼminotini amalga oshirishi;
ijaraga olingan bino va inshootlar, jihozlardan maqsadli hamda oqilona foydalanishi, saqlashi, nosoz holga kelganda ularni oʻz hisobidan taʼmirlashi, shuningdek, mulkni saqlash xarajatlarini qoplashi;
autsorsing xizmatini koʻrsatishda texnika, yongʻin, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya etishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatli saqlanishini taʼminlashi;
maxfiylik tartibiga qatʼiy rioya qilishi lozim.
Autsorser zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
22. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
autsorserdan shartnoma shartlarini bajarish bilan bogʻliq jarayonda qatnashuvchi shaxslar (oshxona xodimlari) roʻyxatini olish;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish;
ovqatlanish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish;
autsorserning ishlab chiqarish faoliyatiga aralashmagan holda, shartnoma shartlarining bajarilishini nazorat qilish.
Buyurtmachi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
23. Buyurtmachi:
autsorserga Institut shaxsiy tarkibining soni va ularning ovqatlanish jadvalini oʻz vaqtida taqdim etishi;
shartnomaga muvofiq belgilangan muddat va shartlar asosida autsorserga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishi lozim.
Buyurtmachi zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
24. Autsorserga vaqtinchalik foydalanishga beriladigan oshxona binosiga qoʻyiladigan asosiy talablar quyidagilar hisoblanadi:
yetarli oʻringa ega boʻlgan, texnologik jihozlar bilan taʼminlangan, texnik holati belgilangan normalarga mos boʻlgan ovqatlanish binosining mavjud boʻlishi;
mahsulotlarni saqlash uchun omborlar mavjudligi;
taom tayyorlash uskunalari, oshxona mebellari va ovqatlanish uchun zarur boʻlgan boshqa jihozlar mavjudligi.
5-bob. Autsorser tomonidan buyurtmachi mol-mulki va moddiy-texnika vositalaridan foydalanish
25. Oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebellari ijara shartnomasi asosida hamda tegishli qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (keyingi oʻrinlarda dalolatnoma deb ataladi) rasmiylashtirilgan holda, “nol stavka” boʻyicha autsorserga vaqtinchalik foydalanishga beriladi.
Dalolatnoma buyurtmachining komissiyasi va autsorser tomonidan imzolanadi.
26. Autsorserga koʻrsatilgan kommunal xizmatlar qiymati buyurtmachiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida qoplanadi.
6-bob. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish
27. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan monitoring buyurtmachi tashkil etadigan komissiya (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
28. Komissiya:
autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi, jumladan Institut shaxsiy tarkibi oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazadi;
monitoring natijalaridan kelib chiqib, buyurtmachi va autsorserga tegishli taklif va tavsiyalar kiritadi;
oshxona va omborlarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga rioya qilishning buzilish holatlarini bartaraf etish choralarini koʻradi;
tayyor oziq-ovqatning belgilangan kunlik normalarga mos kelishi hamda sifatini oʻrganadi, zarur hollarda chetdan mutaxassislar jalb etadi.
Komissiya buyurtmachi tomonidan yuklangan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
29. Komissiya tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari alohida yuritiladigan jurnalda qayd etib boriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi buyurtmachi va autsorserning tuzilgan shartnomani belgilangan tartibda bekor qilishiga asos boʻladi.
31. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 09/19/52/2521-son)