Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fransiya rivojlanish agentligi ishtirokida “Iqtisodiy boshqarishni yaxshilash dasturi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Makroiqtisodiy barqarorlik, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarining ijrosi mustahkamligi boʻyicha vazifalarni amalga oshirish, shuningdek yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini qoʻshimcha moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida ishlab chiqilgan “Iqtisodiy boshqarishni yaxshilash dasturi” loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya rivojlanish agentligi oʻrtasida (keyingi oʻrinlarda — FRA) budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun 150,0 million yevro miqdorida olti yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda soʻndirish muddati 20 yil boʻlgan Qarz bitimi imzolangan;
Oʻzbekiston Respublikasiga FRAning qarzi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarini moliyalashtirish uchun taqdim etiladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini umumiy muvofiqlashtirish va monitoring qilish, FRA qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
FRA qarzini soʻndirish, shuningdek qarz boʻyicha foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. “Iqtisodiy boshqarishni yaxshilash dasturi” loyihasini amalga oshirish doirasida FRA qarzini soʻndirish hamda u boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash prognoz jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va FRA oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-yanvar,
PQ-4123-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2019-y., 07/19/4123/2495-son)