Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Strategik sheriklik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarining tarixiy va madaniy umumiyliklari, doʻstona va ahil qoʻshnichilik munosabatlarini inobatga olgan holda,
2000-yil 15-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga asoslanib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umumeʼtirof etilgan normalariga sodiq ekanliklarini yana bir bor tasdiqlab,
Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi yuksak masʼuliyatni anglagan holda,
ikki tomonlama munosabatlarni oʻzbek-tojik hamkorligining zamonaviy rivojlanish salohiyati va haqiqiy ehtiyojlariga munosib boʻlgan, sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga intilib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarning asosi sifatida strategik sheriklikning shartnomaviy-huquqiy mustahkamlanishi barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga koʻmaklashishiga boʻlgan ishonchdan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Shartnomaga muvofiq Tomonlar uzoq muddatli va barqaror strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatdilar hamda ularni suverenitet va hududiy yaxlitlikni oʻzaro hurmat qilish, chegaralarning daxlsizligi, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, tenglik va oʻzaro manfaatdorlik, tinch-totuv yashash va oʻzaro ishonch prinsiplariga tayangan holda har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldilar.
Tomonlar, eng avvalo, oliy va yuqori darajada muntazam uchrashuvlar mexanizmidan foydalanib va uni takomillashtirib, oʻzaro ahamiyatga molik boʻlgan ikki tomonlama munosabatlar masalalari va dolzarb xalqaro muammolar boʻyicha muntazam fikrlar almashgan hamda pozitsiyalarni kelishgan holda strategik sheriklikni mustahkamlaydilar.
2-modda
Tomonlar boshqa Tomon suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga ziyon keltiruvchi har qanday xatti-harakatlardan, shu jumladan, uchinchi davlatlar bilan shartnomalar tuzishdan tiyilish majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlaydilar. Tomonlardan hech biri oʻz hududidan boshqa Tomon davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga ziyon keltirgan holda uchinchi davlatlarning foydalanishiga yoʻl qoʻymaydi.
Tomonlardan hech biri oʻz hududida boshqa Tomon suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga ziyon keltiruvchi muassasalar (tuzilmalar), tashkilot va guruhlarning tashkil etilishi va faoliyatiga yoʻl qoʻymaydi.
Tomonlar oʻzaro xavfsizlik manfaatlariga yoki ulardan birining xavfsizlik manfaatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, bunday vaziyatni bartaraf etish boʻyicha pozitsiyalarni kelishib olish va amaliy chora- tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun oʻzaro kelishuv asosida tegishli maslahatlashuvlar mexanizmini ishga soladilar.
3-modda
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa koʻp tomonlama formatlarda hamkorlik va aloqalarni mustahkamlaydilar. Tomonlar milliy manfaatlariga daxldor boʻlgan masalalarni koʻrib chiqishda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar hamda oʻz pozitsiyalarini kelishib olish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
Tomonlar Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi Shartnoma va uning barcha koʻrinishlarida tarqatmaslik rejimini samarali amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar BMTning global va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi xalqaro saʼy-harakatlariga koʻmaklashish maqsadida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona toʻgʻrisidagi Shartnoma doirasida hamkorlik boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarini davom ettiradilar.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, mintaqani xavfsiz va barqaror rivojlanayotgan hududga aylantirish borasida birgalikdagi saʼy-harakatlarini amalga oshiradilar.
4-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik asosida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-tojik Qoʻshma komissiyasining rejalashtiruvchi, muvofiqlashtiruvchi va yoʻnaltiruvchi rolidan toʻliq hajmda foydalangan holda, oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama amaliy hamkorlikni har tomonlama va muvozanatlashgan tarzda rivojlantiradilar.
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik asosida oʻrta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama va izchillik bilan rivojlantiradilar.
5-modda
Tomonlar oʻz qonunchiliklari va ular ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, tovar aylanmasi barqaror oʻsishini taʼminlash va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish, tizimli va uzoq muddatli asoslarda oʻzaro mahsulot va xizmatlar yetkazib berish hajmini koʻpaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va ragʻbatlantirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qoʻshma korxonalarni tashkil qilish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
6-modda
Tomonlar har ikkala Tomon iqtisodiy manfaatlariga mos keladigan hamda xalqaro bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni taʼminlaydigan ishonchli va xavfsiz transport yoʻlaklarini yaratishni qoʻllab-quvvatlaydilar va shu munosabat bilan ular erishilgan kelishuvlarni amaliy tatbiq etish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarini davom ettiradilar.
Tomonlar xalqaro transport infratuzilmalarini birgalikda rivojlantirish va ulardan foydalanish, ularning raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtiradilar.
7-modda
Tomonlar Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish sohasida mintaqaviy sheriklikni rivojlantirishga, suv-energetika masalalarida mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish asosida ochiq va konstruktiv muloqotni qoʻllab-quvvatlash, oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, oʻzaro maqbul yechimlarni qidirish va oqilona murosaga erishishga koʻmaklashadilar.
8-modda
Tomonlar harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida hamkorlik qiladilar hamda alohida xalqaro shartnomalar asosida ikkala davlat tegishli idoralarining aloqalariga koʻmaklashadilar.
9-modda
Tomonlar xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidi, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning prekursorlari va qurollarning noqonuniy muomalada boʻlishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va xavfsizlikka oid yangi tahdid va xurujlarning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashish va ularni bartaraf etish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini muvofiqlashtiradilar va birlashtiradilar.
10-modda
Tomonlar fan va texnika, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni yanada ragʻbatlantiradilar va mustahkamlaydilar.
Tomonlar oʻz davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy, madaniy, ijodiy, jamoat tashkilotlari, uyushmalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida aloqa va almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish hamda qoʻllab-quvvatlash, ushbu sohada qoʻshma dastur va tadbirlarni amalga oshirish orqali gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishni davom ettiradilar.
11-modda
Tomonlar oʻz qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar hamda ikki davlat fuqarolari oʻrtasidagi aloqalarga har tomonlama koʻmaklashadilar.
12-modda
Tomonlar oʻzlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalar, shuningdek oʻz qonunchiliklariga muvofiq bir Tomon hududida boshqa Tomon yuridik va jismoniy shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun samarali chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
Tomonlar bundan buyon ham oʻz fuqarolarining oʻzaro safarlariga, oʻz hududlarida istiqomat qilayotgan oʻzbek va tojik jamoatchiligi uchun ona tili, milliy madaniyati, anʼana va urf- odatlarini saqlash va rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratishga koʻmaklashadilar.
13-modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Tomonlarning ular ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini amalga oshirishda vujudga kelishi mumkin boʻlgan nizo va kelishmovchiliklarni doʻstona muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
15-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Shartnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin boʻlib, ular mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi hamda Shartnomaning 16-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
16-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim hamda ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma nomuayyan muddatga tuziladi.
Mazkur Shartnomaning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Shartnoma amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Toshkent shahrida 2018-yil 17-avgustda har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)