Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-martdagi 170-sonli ““Navoiyuran” davlat korxonasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Navoiy KMK” DK deb ataladi) boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, “Navoiy KMK” DKda korporativ boshqaruv va xalqaro standartlarning zamonaviy tizimlarini joriy etishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Navoiy KMK” DK Kuzatuv kengashining:
a) “Navoiy KMK” DK Loyiha ofisini tashkil etish, unga quyidagi vazifalarni yuklash:
korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish va “Navoiy KMK” DKni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish ishlarini tashkil etish;
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq “Navoiy KMK” DKning moliyaviy hisobotini oʻtkazish ishlarini tashkil etish;
biznes-jarayonlarni optimallashtirish va avtomatlashtirish hisobiga ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini pasaytirish;
korxonaning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini, shu jumladan, moliya va xaridlar sohasida transformatsiyalarni amalga oshirish hisobiga takomillashtirish;
b) “Navoiy KMK” DK bosh direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimini joriy etish, unga quyidagi asosiy funksiyalarni yuklash:
“Navoiy KMK” DKda korporativ boshqaruv va moliyaviy menejmentning zamonaviy usullarini joriy etish, shu jumladan, investorlar uchun moliyaviy hisobotlarni va boshqa hisobotlarni eʼlon qilgan holda belgilangan tartibda mustaqil tashqi audit oʻtkazilishini tashkil etish;
“Navoiy KMK” DK Loyiha ofisi ishi samaradorligini tashkil etish, uning tarkibiga koʻlamli loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega boʻlgan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilish;
shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb etish yoʻli bilan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish va diversifikatsiyalash, shuningdek, mamlakatimiz va xalqaro fond bozorlarida aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirishga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilarning:
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi Loyiha ofisining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilansinki, “Navoiy KMK” DK bosh direktorining iqtisodiyot boʻyicha oʻrinbosari ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha “Navoiy KMK” DK bosh direktori birinchi oʻrinbosariga va qolgan masalalar, shu jumladan, “Navoiy KMK” DKning operatsiya faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha — “Navoiy KMK” DK bosh direktoriga boʻysunadi.
4. “Navoiy KMK” DK bosh direktori “Navoiy KMK” DK bosh direktorining birinchi oʻrinbosariga:
“Navoiy KMK” DK Loyiha ofisi xodimlarining lavozim maoshlariga oylik ustamalar miqdorlarini belgilash;
oʻziga yuklangan vazifalar bajarilishini taʼminlash uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni belgilangan tartibda xarid qilishga shartnomalarni “Navoiy KMK” DK nomidan imzolash vakolatini bersin.
5. “Navoiy KMK” DK ikki oy muddatda 2019-yil uchun “Navoiy KMK” DK biznes-rejasini koʻrib chiqish uchun Kuzatuv kengashiga taqdim etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov va “Navoiy KMK” DK bosh direktori Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
8-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 09/19/8/2439-son)