Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Toshkent shahrining infratuzilmaviy rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni poytaxtning imkoniyatlari va salohiyati toʻgʻrisida keng xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda tuman hokimliklarining masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi,
1. Quyidagilar Toshkent shahar hokimligi, tuman hokimliklari va davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi asosiy vazifalari etib belgilansin:
Toshkent shahrida biznes yuritish uchun investitsiya muhitini yaxshilash;
yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni, shu jumladan kichik sanoat zonalari va texnoparklarda ularning ishlab chiqarish hajmi va eksportini koʻpaytirgan holda, rivojlantirish uchun infratuzilma tashkil etish;
mintaqaning turistik markazi sifatida poytaxtning jozibadorligini oshirish, ichki va xorijdan tashrif buyuradigan turistlar oqimini koʻpaytirish, turli formatdagi mehmonxonalar tarmogʻini tashkil qilish, shuningdek, tibbiyot turizmini rivojlantirish;
xalqaro yetakchi oliy oʻquv yurtlari filiallarini ochish, sogʻliqni saqlash muassasalarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllagan holda qurish, qayta tiklash va texnik qayta jihozlash;
transmilliy kompaniyalar, yirik xorijiy moliya korporatsiyalarini jalb qilish, poytaxtni mintaqaviy moliya markazi sifatida rivojlantirish;
xususiy investitsiyalarni zamonaviy ofis binolari va uy-joy komplekslari qurilishiga jalb qilish, ularni tegishli infratuzilma bilan taʼminlash, poytaxtning alohida hududlarida “smart city” va “green city” tizimlarini tatbiq qilgan holda qurilish ishlarini yanada rivojlantirish;
muhandislik-kommunal infratuzilmasini rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifatini va ommabopligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni tadbiq qilish va xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etiladigan korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini jadallashtirish.
2. Quyidagilar:
2019-2020-yillarda Toshkent shahri tumanlari boʻyicha investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga* muvofiq;
xorijiy investitsiyalar ishtirokida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun Toshkent shahri tumanlarini rivojlantirishning ustuvor sohalari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” ATB va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy investorlarga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida koʻmaklashish uchun 2019-yilning 1-fevralidan Toshkent shahri tumanlari hokimliklari huzurida Investorlarni qoʻllab-quvvatlash markazlarini ( keying oʻrinlarda markazlar deb ataladi) tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” ATB va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda markazlar faoliyatini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
investorlarga tumanlarning salohiyati, tuman hokimliklari tomonidan tayyorlangan aniq investitsiya takliflari, mavjud imtiyoz va preferensiyalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni olishda koʻmaklashish;
investorlarni boʻsh turgan davlat mulki obyektlar va foydalanilmayotgan yer uchastkalari, shuningdek, ularni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash;
investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda investorlarga maslahatlar berish, shu jumladan ularga konsalting xizmatlari (loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va boshqa hujjatlarini ishlab chiqish) koʻrsatish;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, tijorat banklari vakillari ishtirokida tumanlarning investitsiya imkoniyatlari masalalari boʻyicha tadbir va uchrashuvlar tashkil etish;
xorijiy investorlar bilan hamkorlikda, shu jumladan boʻsh turgan, foydalanilmayotgan obyektlar va yer uchastkalari negizida loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyatli mahalliy sheriklarni topish;
investorlarga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, ruxsat beruvchi hujjatlar, shu jumladan qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berishga doir hujjatlarni olishda koʻmaklashish;
loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal qilish, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etiladigan korxonalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga yordam berish;
xorijda oʻtkaziladigan xalqaro investitsiya va biznes-forumlar uchun materiallar, videoroliklar, investitsiya takliflari va taqdimotlar tayyorlashda ishtirok etish.
6. Toshkent shahri hokimi va tumanlar hokimlari zimmasiga:
2019-2020-yillarda 1-ilovaga* muvofiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz amalga oshirish;
markazlarning samarali faoliyat yuritishi va ularni zarur axborot bilan taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.
7. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasining 2019-yilda Toshkent shahrida 4-ilovaga* muvofiq tashkil etiladigan xalqaro investitsiya va biznes-forumlar, koʻrgazmalar oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
1 — 4- ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
8. Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi, Bosh prokuratura va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi xukumat qarori loyihasini kiritsin:
Toshkent shahar hokimligida “Investorlar kuni”ni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, investorlar, shu jumladan xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni monitoring va nazorat qilish tartibi;
toʻgʻrida-toʻgʻri muzokalar yakunlari boʻyicha investitsiya shartnomalarini imzolash orqali Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan investitsiya faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkasini soddalashtirilgan tartibda taqdim qilish tartib-taomillarining toʻliq shaffofligini taʼminlash.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va mazkur qarorga 4-ilovada koʻrsatilgan boshqa munfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrida tashkil etiladigan halqaro investitsiya va biznes-forumlarning yuqori darajada oʻtkazilishini taʼminlansin.
9. Toshkent shahar hokimligiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha investitsiya va biznes-forumlarni oʻtkazish, Toshkent shahri va tumanlarining investitsiya salohiyatini keng yoritish, chet elda oʻtkaziladigan xalqaro investitsiya tadbirlarida ishtirok etish, muzokaralar olib borish uchun daromad prognozini oshirib bajarish hisobiga hosil boʻlgan mahalliy budjet mablagʻlaridan foydalanishga, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarga ruxsat berilsin.
10. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda:
2019-yilning 1-apreliga qadar Toshkent shahrining investitsiya jozibadorligi, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar, yirik investitsiya loyihalari toʻgʻrisida rus va ingliz tillarida videomateriallar va reklama roliklari tayyorlanishini;
tayyorlangan videomateriallar va reklama roliklarini internet tarmogʻi va ommaviy axborot vositalari rasmiy saytlariga joylashtirish orqali keng yoritish, respublikaning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida, yirik xorijiy kompaniyalar va vakolatxonalarda taqdimotlar oʻtkazish hamda ularni xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalariga yuborishni taʼminlansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 4-yanvar,
4-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2019-y., 09/19/4/2424-son)