Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2017-yil 11-sentabrdagi OʻRQ-445-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 5-son, 107-modda) bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-dekabr,
1061-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1061-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-bandga quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“sayyor qabul — davlat organlari va davlat tashkilotlari rahbarlarining tasdiqlangan jadval asosida joylarga chiqqan holda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishi bilan bogʻliq tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar majmui”.
2. 26-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yozma va elektron (agar davlat organlari, tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi organlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda elektron hujjat aylanish dasturi joriy etilmagan boʻlsa, qogʻozga bosib chiqarilgan) murojaatlar murojaatlarni roʻyxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha hisobga olish kartochkasini toʻldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi oʻng qismida roʻyxatga olish shtampini qoʻyish yoʻli bilan murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmada roʻyxatga olinadi”.
3. 38-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Elektron murojaatlar ish vaqti tamom boʻlgandan keyin tushgan taqdirda navbatdagi ish kunida roʻyxatga olinadi”.
4. 55-bandning ikkinchi xatboshisidan “shaxsiy” soʻzi chiqarib tashlansin.
5. Quyidagi mazmundagi 551-band qoʻshilsin:
“551. Barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini joylarda sayyor qabul qilish boʻyicha jadvallari (yillik yoki yarim yillik) ishlab chiqilib, mos ravishda yuqori turuvchi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi”.
6. 56-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“56. Davlat organlari, tashkilotlari rahbarlari tomonidan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsiy, sayyor va ommaviy qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq oʻtkaziladi.
Shaxsiy, sayyor va ommaviy qabul qilish jadvali va uni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, qabul qilish tartibi ularni davlat organlari, tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish, shuningdek, ularning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
Sayyor va ommaviy qabul oʻtkaziladigan viloyat, shahar va tumanlardagi tegishli davlat organlari, tashkilotlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan bir hafta oldin aholi bilan targʻibot ishlari amalga oshiriladi”.
7. 63-banddagi “shaxsan” soʻzi “shaxsiy, sayyor va ommaviy” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. 64-banddan “shaxsiy” soʻzi chiqarib tashlansin.
9. 65-banddagi “sayyor shaxsiy qabullar” soʻzi “sayyor va ommaviy qabullar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Quyidagi mazmundagi 651 va 652-bandlar qoʻshilsin:
“651. Joylarda uchrashuvlarni oʻtkazish mavzusiga mamlakatning strategik maqsadlarini amalga oshirishda ustuvor boʻlgan fuqarolik jamiyatini va xalq bilan ochiq muloqotni rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini, davlat va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati va hududlarni kompleks rivojlantirishning istiqbolli rejalari toʻgʻrisida aholiga yetkazish, joylardagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni yechimlarini topish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, murojaatlarni koʻrib chiqish kabi dolzarb masalalar kiritilishi lozim.
652. Sayyor va ommaviy qabulni oʻtkazish natijalari boʻyicha tegishli bayon toʻldiriladi, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi”.
11. 79-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Har oy yakuni boʻyicha davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar umumlashtirib, tahlil qilingan holda muhokama etish uchun kiritiladi”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2018-y., 09/18/1061/2406-son)