O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-son qarori ijrosini ta’minlash hamda Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-dekabr,
1027-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-dekabrdagi 1027-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Respublika budjeti mablag‘lari, shu jumladan, 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan, har chorakda ajratilib, har yili budjet qoidalariga muvofiq indeksatsiyalanadigan jami 100 milliard so‘m miqdorida;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining foydalanilmayotgan ko‘chmas mulkini sotishdan tushgan mablag‘lar — 100 foiz miqdorida;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 320-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/320/0482-son)
Vazirlik tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar va muassasalar faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Vazirlik ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjetdan tashqari jamg‘armalari daromadiga undirilgan budjet mablag‘larining noqonuniy xarajatlari, o‘g‘irlik, kamomad summalarining 50 foizi;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari (qarzi), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamg‘arma mablag‘lari:
Oldingi tahrirga qarang.
maktabgacha ta’lim tashkilotlarini belgilangan tartibda qurilishlarning manzilli ro‘yxatiga kiritib, ularning tarmog‘ini kengaytirishga;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 320-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/320/0482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga;
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/426/0707-son)
yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy va oliy ta’lim muassasalari, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilishga;
Vazirlik xodimlarini, jumladan, xorijda o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilishga;
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘limlari va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarni jihozlash, ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga;
(4-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/426/0707-son)
ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek, Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.
3-bob. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish
5. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash Jamg‘arma faoliyatini boshqarish kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Kengash raisi hisoblanadi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirining buyrug‘i bilan kamida yetti nafar kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi va vazir o‘rinbosarlari, vazirlikning boshqarmalari va bo‘lim boshliqlaridan shakllantiriladi.
Kengash majlisi a’zolarning yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
6. Kengash majlisi har chorakda yoxud zarur bo‘lganda navbatdan tashqari o‘tkaziladi.
7. Kengash:
har yili 25-dekabrgacha Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini tasdiqlaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi;
ushbu Nizomning 4-bandiga muvofiq Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarni belgilaydi;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
yil choraklari yakunlari bo‘yicha Jamg‘armaning mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamg‘armaga xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari (qarzi), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari jalb etilishiga ko‘maklashadi;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Vazirlikning Moliyaviy-iqtisodiy rivojlantirishni rejalashtirish boshqarmasi Jamg‘armaning ishchi organi hisoblanadi.
9. Ishchi organ:
Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarini tayyorlaydi;
Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
tushumlar manbalari bo‘yicha Jamg‘armaning daromadlari hamda xarajatlarning asosiy yo‘nalishlari hisobini yuritadi;
har chorakda kamida bir marta Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va Kengashga taqdim etadi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan hisob, hisobot va nazorat
10. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar Vazirlikning budjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida yuritiladi.
11. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, tushumlar manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha) va Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
12. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarining bajarilishi bo‘yicha yillik hisobot Vazirlik hay’ati majlisida ko‘rib chiqiladi va har yili 15-martgacha Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
13. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va olib qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Kengash Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun javob beradi.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 09/18/1027/2340-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/320/0482-son; 03.08.2022-y., 09/22/426/0707-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)