O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi finali ishtirokchilari orasidan boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 30-maydagi PQ-3755-son qarorini ijro etish yuzasidan, istiqbolli boshqaruv kadrlari salohiyatidan samarali foydalanish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqa organlarining kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi finali ishtirokchilari orasidan boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (keyingi o‘rinlarda davlat tashkilotlari deb ataladi) tanlov finalining kamida uch nafar ishtirokchisi kadrlar zaxirasiga kiritilishini hamda tegishli davlat tashkilotining markaziy apparatida va tarkibiy bo‘linmalarida, qoidaga ko‘ra, bo‘sh turgan rahbarlik lavozimlariga birinchi navbatda ishga joylashtirilishini ta’minlaydilar;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovining (keyingi o‘rinlarda tanlov deb ataladi) finali ishtirokchilariga, agar ular davlat tashkilotlariga ishga joylashsa, ishga qabul qilingan kunidan boshlab dastlabki 12 oy davomida tegishli davlat tashkiloti mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 10 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tanlov finali ishtirokchisi davlat tashkilotlariga ishga joylashtirilishi va kasbi bo‘yicha faoliyati yuzasidan doimiy monitoring olib borilishini tashkil etsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-dekabr,
1018-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1018-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi finali ishtirokchilari orasidan boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (keyingi o‘rinlarda davlat tashkilotlari deb ataladi) tomonidan istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi (keyingi o‘rinlarda tanlov deb ataladi) finali ishtirokchilari orasidan boshqaruv kadrlari zaxirasini (keyingi o‘rinlarda kadrlar zaxirasi deb ataladi) shakllantirish tartibini belgilaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
2. Tanlov finali ishtirokchilari fuqarolarning boshqa toifalari uchun nazarda tutilgan kadrlar zaxirasiga tanlov tartibotlaridan o‘tmagan holda davlat tashklotining kadrlar zaxirasiga kiritilishi lozim va boshqaruv xodimlarining tanlovdagi nominatsiya sohalariga mos keladigan bo‘sh turgan, qoida tariqasida, rahbarlik lavozimiga tanlovsiz qabul qilinish (tayinlanish) huquqiga ega.
3. Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi o‘tkazilishini tashkil etuvchi Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) tomonidan “taraqqiyot-tanlov.uz” maxsus veb-saytida tanlov natijalari joylashtirilgan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt mobaynida tanlov finali ishtirokchilari davlat tashkilotining kadrlar zaxirasida turishi mumkin emas.
4. Agar tanlovning finali ishtirokchisi biror-bir lavozimni egallagan holda davlat tashkilotining kadrlar zaxirasiga kiritilgan bo‘lsa, o‘z nominatsiyasi sohasiga mos keladigan bo‘sh o‘rin ochilsa, lavozimi oshishi uchun ustuvor huquqdan foydalanadi.
5. Tanlov finalining ishtirokchisi bir vaqtning o‘zida ikkitadan ortiq bo‘lmagan davlat tashkilotining, shu jumladan, o‘zi ishlayotgan tashkilotning kadrlar zaxirasiga kiritilishi mumkin.
6. Tanlov finalining ishtirokchilari davlat tashkilotiga ishga joylashtirilsa, ularga ishga qabul qilingan kunidan boshlab dastlabki 12 oy mobaynida tegishli davlat tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 10 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
2-bob. Kadrlar zaxirasiga kiritish
7. Tanlov finali ishtirokchilari ishtirokidagi kadrlar zaxirasi tuziladigan davlat tashkilotining lavozimlari ro‘yxati har yili tashkilot kadrlar xizmati tomonidan 1-dekabrdan kechikmay quyidagi lavozimlar bo‘yicha alohida aniqlanadi:
davlat tashkiloti rahbarlari (rahbar o‘rinbosarlari);
davlat tashkiloti tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari (rahbarlar o‘rinbosarlari);
hududiy bo‘linmalar rahbarlari (rahbarlar o‘rinbosarlari);
davlat tashkiloti markaziy apparatining bosh boshqarmalari, boshqarmalari bo‘limlari, shu’balari boshliqlari (boshliqlarning o‘rinbosarlari) va bosh mutaxassislari.
Davlat tashkilotining kadrlar zaxirasi tuziladigan lavozimlar ro‘yxati davlat tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak, uning faoliyati tartibida o‘zgacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
8. Davlat tashkiloti:
“taraqqiyot-tanlov.uz” maxsus veb-saytiga joylashtirilgan Respublika komissiyasi ma’lumotlari asosida ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mazkur tashkilotdagi lavozimlarni egallaydigan kadrlar zaxirasiga kiritish uchun tanlov finali ishtirokchilarining shaxsiy ro‘yxatini shakllantiradi;
ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan lavozimlarni egallaydigan kadrlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risidagi shaxsiy taklifni (ofertani) yoki tegishli bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa, taklif etilayotgan lavozimlarni va har bir lavozim bo‘yicha mehnat shartnomasining asosiy shartlarini ko‘rsatgan holda ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) to‘g‘risidagi taklifni final ishtirokchilarining manziliga yozma shaklda yuboradi.
9. Kadrlar zaxirasiga kiritish uchun tanlov finali ishtirokchisining yozma roziligini olgach davlat tashkiloti ushbu shaxsni kadrlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risida farmoyish beruvchi hujjatni (buyruq) chiqaradi va ushbu hujjatning nusxasini tanlov finali ishtirokchisiga yuboradi.
Tanlov finali ishtirokchisi davlat tashkilotidagi bo‘sh lavozimga ishga joylashishga rozi bo‘lsa, u bilan uch ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda, belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuziladi.
Tanlov finali ishtirokchisining yozma roziligi yoxud kadrlar zaxirasiga kirish va (yoki) bo‘sh lavozimga ishga joylashish haqidagi taklifni rad etishi davlat tashkilotiga elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Tanlov finali ishtirokchisi manziliga shaxsiy taklif (oferta) yuborilgandan keyin u ikki oy davomida kadrlar zaxirasiga kirishga va (yoki) bo‘sh lavozimga ishga joylashishga yozma rozilik bermasa, u taklifni rad etgan deb baholanadi.
3-bob. Kadrlar zaxirasida bo‘lish
10. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan tanlov finali ishtirokchilari jumlasiga kiradigan shaxslar bilan bevosita ish olib borish davlat tashkilotining kadrlar xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat tashkilotining rahbari kadrlar zaxirasi bilan ishlashga umumiy rahbarlik qiladi va buning uchun javob beradi.
11. Kadrlar zaxirasi bilan ishlash davlat tashkilotining rahbari tomonidan tasdiqlanadigan xodimlarni kasbiy yuksaltirishga doir davlat tashkilotining dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat tashkilotining xodimlarni kasbiy yuksaltirishga doir dasturi professionalizmni oshirish va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha shaxsiy rejalar (keyingi o‘rinlarda shaxsiy reja deb ataladi) asosida shakllantiriladi. Shaxsiy rejada kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxs zarur nazariy va amaliy bilimlarni egallashi, bo‘lajak ish xususiyatini chuqur o‘zlashtirishi, davlat tashkiloti oldida turgan vazifalarni hisobga olgan holda tashkilotchilik ko‘nikmalarini ishlab chiqishi uchun imkon beradigan aniq tadbirlar nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.
Shaxsiy rejada quyidagi ish shakllaridan foydalanilishi mumkin:
boshqaruvni tashkil etishning zamonaviy usullarini, iqtisodiyot va qonun hujjatlarini o‘rganish;
davlat tashkilotining vazifalari doirasiga kiradigan ayrim masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etish;
kadrlar zaxirasiga kiritilgan final ishtirokchisiga mo‘ljallangan lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtinchalik bajarish;
kadrlar zaxirasiga kiritilgan tanlov finali ishtirokchisiga mo‘ljallangan lavozimlarning mutaxassisligiga muvofiq bilim sohalari bo‘yicha eng yangi yutuqlar bilan tanishish va amaliy ko‘nikmalar olish maqsadida konferensiyalar, kengashlar, seminarlar, ishchi guruhlar va boshqa kollegial organlar ishida ishtirok etish.
Tanlov finali ishtirokchisining kadrlar zaxirasida bo‘lishi bo‘yicha shaxsiy rejasi uning fikr-mulohazalarini hisobga olib shakllantiriladi va davlat tashkilotining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
12. Tanlov finali ishtirokchisi kadrlar zaxirasida bo‘lish davrida:
mos keladigan bo‘sh o‘rinlar ochilgan kundan boshlab uch ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ushbu bo‘sh o‘rinlarning mavjudligi haqida axborot olish;
davlat tashkilotining tegishli nizomlarida nazarda tutilgan tartibda, shu jumladan, qo‘shimcha kasbga o‘qitish shaklida kasbga qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan bepul o‘tish;
kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda (bundan davlat tashkilotining mansabdor shaxslarigina ishtirok etadigan kengashlar mustasno), shu jumladan, konferensiyalar, seminarlar, tajriba orttirish ishlarida ishtirok etish huquqiga ega.
Tanlov finali ishtirokchisining shaxsiy rejasiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari kadrlari zaxiraga kiritilgan davlat tashkiloti tomonidan qoplanadi.
13. Kadrlar zaxirasida bo‘lish davrida tanlov finali ishtirokchisi:
davlat tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlangan professionalizmni oshirish va ko‘nikmalarni rivojlantirish shaxsiy rejasini bajarishi;
ishga joylashganligi yoki shaxsiy sabablar tufayli kadrlar zaxirasida bo‘lishni to‘xtatishi haqida kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat tashkilotini o‘z vaqtida ogohlantirishi shart.
14. Tanlov finali ishtirokchisi quyidagi holatlarda kadrlar zaxirasidan chiqib ketadi:
kadrlar zaxirasiga kiritilmagan boshqa davlat tashkilotiga o‘tish (lavozimga tayinlanish);
kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat tashkiloti bilan mehnat shartnomasini to‘xtatish;
tanlov finali ishtirokchisining kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat tashkilotidagi bo‘sh lavozimga ishga joylashishdan yozma ravishda voz kechishi;
ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan kadrlar zaxirasida bo‘lish muddati tugashi;
davlat tashkilotining rahbari tomonidan tanlov finali ishtirokchisining malakasizligi tufayli ushbu tashkilotga ishga joylashishga mos emas deb topilishi;
tanlov finali ishtirokchisining sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilishi;
tanlov finali ishtirokchisiga nisbatan sudning ayblov hukmi chiqarilishi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizomga rioya etilishi yuzasidan davlat tashkiloti rahbarlari va kadrlar xizmati javob beradi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2018-y., 09/18/1018/2326-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)