Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida poligrafiya sohasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish hamda Toshkent shahrida xususiy poligrafiya tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbektelekom” AK deb ataladi) hamda Toshkent shahar hokimligining:
Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mingbuloq koʻchasi, 38-uy manzilida joylashgan “Oʻzbektelekom” AKning 265-ATS binosi (keyingi oʻrinlarda — ATS binosi deb ataladi) tegishli hududi bilan “Oʻzbektelekom” AK ustav kapitalidagi davlat ulushini ATS binosining qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirish hisobiga “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda “UNICON.UZ” DUK deb ataladi) davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi bilan berish;
“UNICON.UZ” DUKning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 17-mavze, Yangi shahar koʻchasi, 1a-uy manzilidagi poligrafiya sexi binosi (keyingi oʻrinlarda poligrafiya sexi binosi deb ataladi) tegishli hududi bilan birgalikda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida “Kolorpak” MChJga sotish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. “Oʻzbektelekom” AK bir oy muddatda:
ATS binosini “UNICON.UZ” DUKga berilishini, “UNICON.UZ” DUK esa ATS binosini qabul qilinishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzbektelekom” AK ustav kapitalida davlat ulushini “UNICON.UZ” DUKga beriladigan ATS binosining qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
3. Belgilansinki, “Kolorpak” MChJ bir yil davomida quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarini bajarishni oʻz zimmasiga oladi:
15 mln. yevro miqdorida investitsiya kiritish hisobiga zamonaviy poligrafiya sohasini tashkil etish;
5 mlrd. soʻm investitsiya kiritish hisobiga bino va infratuzilma obyektlarini qurish, kapital taʼmirlash va hududni obodonlashtirish;
200 ta yangi ish oʻrinlarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
“UNICON.UZ” DUK va “Kolorpak” MChJ bilan birgalikda poligrafiya sexi binosini “nol” xarid qiymatida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishni nazarda tutuvchi oldi-sotdi shartnomasining tuzilishini;
“Kolorpak” MChJ tomonidan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini monitoring qilinishini taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi 640-son qarorining 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
966-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2018-y., 09/18/966/2233-son)