O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida poligrafiya sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish hamda Toshkent shahrida xususiy poligrafiya tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda “O‘zbektelekom” AK deb ataladi) hamda Toshkent shahar hokimligining:
Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mingbuloq ko‘chasi, 38-uy manzilida joylashgan “O‘zbektelekom” AKning 265-ATS binosi (keyingi o‘rinlarda — ATS binosi deb ataladi) tegishli hududi bilan “O‘zbektelekom” AK ustav kapitalidagi davlat ulushini ATS binosining qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirish hisobiga “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasiga (keyingi o‘rinlarda “UNICON.UZ” DUK deb ataladi) davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi bilan berish;
“UNICON.UZ” DUKning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 17-mavze, Yangi shahar ko‘chasi, 1a-uy manzilidagi poligrafiya sexi binosi (keyingi o‘rinlarda poligrafiya sexi binosi deb ataladi) tegishli hududi bilan birgalikda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida “Kolorpak” MChJga sotish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. “O‘zbektelekom” AK bir oy muddatda:
ATS binosini “UNICON.UZ” DUKga berilishini, “UNICON.UZ” DUK esa ATS binosini qabul qilinishini;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “O‘zbektelekom” AK ustav kapitalida davlat ulushini “UNICON.UZ” DUKga beriladigan ATS binosining qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
3. Belgilansinki, “Kolorpak” MChJ bir yil davomida quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga oladi:
15 mln. yevro miqdorida investitsiya kiritish hisobiga zamonaviy poligrafiya sohasini tashkil etish;
5 mlrd. so‘m investitsiya kiritish hisobiga bino va infratuzilma obyektlarini qurish, kapital ta’mirlash va hududni obodonlashtirish;
200 ta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
“UNICON.UZ” DUK va “Kolorpak” MChJ bilan birgalikda poligrafiya sexi binosini “nol” xarid qiymatida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishni nazarda tutuvchi oldi-sotdi shartnomasining tuzilishini;
“Kolorpak” MChJ tomonidan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini monitoring qilinishini ta’minlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-avgustdagi 640-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
966-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2018-y., 09/18/966/2233-son)