O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-noyabrdagi PF-5241-son Farmoni)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-noyabrdagi PF–5241-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-noyabr,
950-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-noyabrdagi 950-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Qoidalar ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda ISKX tashkiloti deb ataladi) bilan iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni belgilaydi”.
2. 2-bandning yigirma oltinchi xatboshidagi “ikki” so‘zi “uch” so‘zi bilan almashtirilsin.
3. 49-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“49. Faoliyat ko‘rsatayotgan ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga (shu jumladan, suv olish kolonkalari va o‘t o‘chirish gidrantlari, uyning kiritma va chiquvlariga ham) o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek, ushbu tizimlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.
Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga (yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan) o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb ataladi) vakili tomonidan bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuziladi, bir nusxadan o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan subyektga va ISKX tashkilotiga topshiriladi. Ushbu dalolatnoma o‘zboshimchalik bilan ulanganning javobgarlik darajasini va ISKX tashkilotiga yetkazilgan zararni aniqlash uchun asos bo‘ladi hamda ISKX tashkiloti ushbu Qoidalarning 94-bandiga muvofiq suv sarfi va oqova suvlarni chiqarganlik uchun to‘lov summalarini to‘lash uchun ulanma egasiga to‘lov hujjati yozib beradi.
Iste’molchi dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi. Bosh tortish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Bunda iste’molchi dalolatnomada uning mazmuni bo‘yicha tushuntirish va e’tirozlarni, shuningdek, imzolashdan bosh tortish sabablarini bayon etish huquqiga ega.
O‘zboshimchalik bilan foydalanilgan suv sarfini qayta hisob-kitob qilish iste’molchini iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan iste’molchi Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan tarmoqdan uziladi va bu haqda belgilangan tartibda uch nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi”.
4. 50-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“50. Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimidan ilgari uzib qo‘yilgan (o‘zboshimchalik bilan ulanish, qarzdorlik mavjud bo‘lganda yoki shartnoma shartlari bajarilmaganda) shaxslarni qayta ulashda I guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali tarmoqqa qayta ulanadi”.
5. 51-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Bunda, iste’molchini tarmoqdan uzish yoki qayta ulash Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi”.
6. 63-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“63. Suv o‘lchash uzeli ISKX tashkiloti tomonidan Byuro bilan birgalikda plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Suvni hisobga olish asbobiga o‘rnatilgan plombani echish iste’molchining murojaatiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan Byuro bilan birgalikda amalga oshiriladi va bu haqda dalolatnoma tuziladi”.
7. 65-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Suvni hisobga olish asbobini o‘rnatish, almashtirish, echish Byuro vakili ishtirokida amalga oshiriladi”.
8. 68-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“68. ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobining ishlamayotganligi aniqlansa yoki uning ish tartibiga ruxsatsiz aralashilgan yoki plombalari uzilgan bo‘lsa, ushbu holatga aniqlik kiritilgan holda dalolatnoma tuziladi hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan iste’molchiga (subiste’molchiga) suvni hisobga olish asbobini 30 kun mobaynida navbatdan tashqari tekshiruvdan o‘tkazishga ko‘rsatma beradi. Muddat ko‘rsatma taqdim etilgan sanadan boshlab hisobga olinadi”.
9. 69-bandda:
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi “ISKX tashkiloti” va “ISKX tashkiloti vakili” so‘zlari tegishli ravishda “ISKX tashkiloti yoki Byuro” va “ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan tartibda ISKX tashkiloti yoki Byuro iste’molchiga ogohlantirish xati bermaganda, barcha guruh iste’molchilari tomonidan qiyoslovdan o‘tkazish muddati tugagan hisobga olish pribori orqali iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun qaytadan hisob-kitob qilish qat’iyan man etiladi.
ISKX tashkiloti yoki Byuro iste’molchiga ogohlantirish xati yuborgandan so‘ng belgilangan muddatda davriy qiyoslovdan o‘tkazilmagan hisoblash asbobining ko‘rsatkichlari inobatga olinmaydi va hisob-kitob I guruh iste’molchilari uchun — ushbu Qoidalar 87-bandining “a” kichik bandi bo‘yicha, II va III guruh iste’molchilari uchun — ushbu Qoidalar 87-bandining “b” kichik bandi bo‘yicha hisob-kitob qilinadi”.
10. 70, 78, 80, 86 va 92-bandlardagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “ISKX tashkiloti va Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
11. 71-bandda:
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi “ikki” so‘zi “uch” so‘zi bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “ISKX tashkiloti va Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
12. 73-bandning birinchi xatboshidagi “ISKX tashkilotini” so‘zlari “ISKX tashkiloti yoki Byuroni” so‘zlari bilan almashtirilsin.
13. 76-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“76. Byuro tomonidan iste’molchilar bilan hisob-kitob qilishga asos bo‘ladigan suvni hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlari har oyda 1-marta olinib, tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirish orqali (2 nusxada dalolatnoma tuziladi va uning bir nusxasi iste’molchiga topshiriladi) iste’molchilarning ma’lumotlariga o‘zgartirishlar kiritiladi”.
14. 77-banddagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “Byuro” so‘zi bilan almashtirilsin.
15. 85, 90, 102, 111 va 112-bandlardagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “ISKX tashkiloti yoki Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
16. 91-banddagi “jismoniy shaxslar” so‘zlari “barcha guruh iste’molchilari” so‘zlari bilan almashtirilsin.
17. 93-bandda:
birinchi xatboshidagi “Kommunal” va “ISKX tashkilotiga” so‘zlari tegishli ravishda “Ichimlik” va “ISKX tashkiloti va Byuroga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “ISKX tashkiloti va Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
18. 97-banddagi “xususiy uy-joy egalari shirkatlari va ISKX tashkiloti” so‘zlari “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, ISKX tashkiloti va Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
19. 98-bandning beshinchi xatboshidagi “budjet tashkilotlari” so‘zlari chiqarib tashlansin.
20. 99-banddagi “hisobidan amalga oshiriladi” so‘zlari “hisobidan va undan ortiq xonali uylarda shu tartibda amalga oshiriladi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
21. 100-banddagi “ISKX vakili” so‘zlari “Byuro vakili” so‘zlari bilan almashtirilsin.
22. 101-banddagi “kommunal” va “ISKX tashkiloti” so‘zlari tegishli ravishda “ichimlik” va “ISKX tashkiloti yoki Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
23. 105-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilaridagi “ISKX tashkiloti” so‘zlari “ISKX tashkiloti yoki Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
24. 107-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“107. ISKX tashkiloti vakillari ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun iste’molchilardan mustaqil ravishda to‘lov qabul qilishi taqiqlanadi”.
25. 108-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“108. I guruh iste’molchilari, avans tariqasida, kommunal xizmatlar (shuningdek, maxsus ustama) uchun 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lovlarni avvaldan amalga oshirib qo‘ygan bo‘lsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maxsus ustama miqdori)ning o‘zgarishi tufayli to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladilar.
Barcha guruh iste’molchilari ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun hisobga olish priborlari mavjud bo‘lganda oxirgi uch oyning o‘rtacha sarfi bo‘yicha hamda hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmaganda oylik iste’mol normasi bo‘yicha keyingi oy uchun har oyning10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lashni amalga oshirishlari lozim.
To‘lovning shartnomada belgilangandan kechiktirilgan har bir kuni uchun — yuridik shaxslar 0,4 foiz, jismoniy shaxslar esa 0,1 foiz penya to‘laydilar. Ammo bu ko‘rsatkich jami kechiktirilgan summaning 50 foizidan oshmasligi lozim.
Suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda, I guruh iste’molchiga tegishli bo‘lgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar. Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u I guruh iste’molchiga tegishli bo‘lgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi”.
26. 109-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“109. Barcha guruh iste’molchilari keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lovlarini amalga oshirmasalar, Byuro iste’molchilarni yozma ravishda xabardor qilgan paytdan boshlab besh ish kuni o‘tgandan keyin qarzlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste’molchilarni ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qo‘yish yo‘li bilan undirish choralarini ko‘radi”.
27. 110-banddagi “ISKX tashkilotiga” so‘zlari “ISXK tashkiloti yoki Byuroga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
28. 114-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“114. Uyda vaqtincha istiqomat qiluvchi (yollovchi)lar istiqomat qilganda to‘lovlar haqiqatda istiqomat qilayotganlar soniga qarab amalga oshiriladi. I guruh iste’molchisi, o‘zi yashayotgan xonadonda turuvchilar soni ko‘payishi (shu jumladan, vaqtinchalik yashayotganlar hisobiga hamda Qoidalarning 87-bandi “a” kichik bandida ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha) yoki kamayishi holatlari yuzasidan, o‘zgarishlar sodir bo‘lgan vaqtdan boshlab 5 ish kunidan kechikmay ISKX tashkiloti yoki Byuroni yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Bunda iste’molchi, ISKX tashkiloti yoki Byuro, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakillari va uyning asosiy egasi tomonidan — uch tomonlama dalolatnoma tuziladi”.
29. 115-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“115. Obyekt egasi o‘zgarganda iste’molchi chiqib ketishidan 7 kun avval debitorlik qarzlarini uzib, bu haqda Byuro bilan dalolatnoma imzolashi shart. Iste’molchi chiqib ketgach, suvni hisobga olish asbobi, plombalarning butligi va qoplanmagan debitor qarzdorlik uchun javobgarlik obyektning yangi egasi zimmasiga yuklanadi”;
beshinchi xatboshidagi “issiqlik” so‘zi “ichimlik” so‘zi bilan almashtirilsin.
30. 119-bandning:
o‘n beshinchi, yigirma to‘rtinchi va yigirma oltinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘n uchinchi, yigirma ikkinchi va yigirma uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
31. 123-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“o‘zlarining hududida va tasarrufida bo‘lgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda qurilmalarining zarur darajada qo‘riqlanishini ta’minlash, ularning buzilishi, suv bosishi va muzlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, quduqlarning qopqog‘ini muz va qordan tozalash, ISKX tashkiloti Byuro bilan birgalikda o‘rnatilgan plombalarning saqlanishini nazorat qilish, yer usti suv oqimlarining quduqlar yonidan oqizib yuborilishini ta’minlash, yong‘in gidrantlariga kirib borish yo‘laklarini tirband qilmaslik, yong‘in gidrantlari ko‘rsatkichlarining ishga yaroqliligini kuzatib borish va mavjud bo‘lgan yong‘in gidrantlarini va yong‘in kranlarini plombalash uchun taqdim qilish”;
oltinchi xatboshidagi “ISXK tashkilotiga” so‘zlari “ISXK tashkiloti yoki Byuroga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
o‘n oltinchi xatboshidagi “ISXK tashkiloti” so‘zlari “ISXK tashkiloti yoki Byuro” so‘zlari bilan almashtirilsin.
32. 124-bandda:
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ISKX tashkiloti yoki Byuro bilan hisob-kitob qilish uchun foydalaniladigan suvni hisobga olish asbobi, aylanma liniya zulfini, yong‘in zulfinlari, gidrantlar va uning hududida yoki tasarrufida bo‘lgan hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan plombalangan boshqa ichimlik suv qurilmalaridagi plombalarning butligi va saqlanishi uchun”;
o‘ninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ichimlik suv ta’minotining yong‘inga qarshi tizimidan foydalanish to‘xtatilganda iste’molchi 24 soat mobaynida ISKX tashkiloti yoki Byuroga plomba uzilgani to‘g‘risida dalolatnoma taqdim etishi va zulfinlarni plombalash uchun ISKX tashkiloti va Byuro vakilini chaqirishi shart”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/950/2216-son)