Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida davlat mulki obyektlarini yanada samarali boshqarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat mulki obyektlarini yanada samarali boshqarishni taʼminlash, shuningdek, Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Jizzax shahar, “Jizzaxlik” MFY, Sh. Rashidov koʻchasida joylashgan sobiq bolalar va oʻsmirlar sport maktabi bino va inshootlarini operativ boshqaruv huquqi bilan Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markaziga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Jizzax viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Jizzax viloyatining mahalliy budjeti mablagʻlari hisobiga, ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq berilayotgan Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazi bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazi bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq zarur boʻlgan kapital qoʻyilma limiti ajratilishini 2019-yil Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda nazarda tutsin.
4. Belgilansinki, “Barkamol avlod” bolalar markazini rekonstruksiya qilish doirasida:
Jizzax viloyati hokimiyati huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi;
tanlov (tender) savdolari natijalari boʻyicha belgilangan tartibda aniqlanadigan tashkilotlar — bosh loyihalashtiruvchi va pudratchi tashkilotlar etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazini rekonstruksiya qilish boʻyicha qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati ustidan belgilangan tartibda arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyundagi 352-son (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 476-modda) qarori bilan tasdiqlangan Samarali foydalanish uchun tadbirkorlik subyektlariga berilishi, shu jumladan investitsiya majburiyatlari qabul qilish sharti “nol” xarid qiymatida berilishi taklif etilayotgan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari roʻyxatidan 37-pozitsiya chiqarib tashlansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov va Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-noyabr,
943-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/943/2208-son)