Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish (Qalmoqqir, Sarichoʻqqi, Mis boyitish fabrikasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Temir yoʻllar transporti boshqarmasi)” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-yildagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 3-fevraldagi PQ-3507-son qaroriga muvofiq hamda mavjud konlarda ruda qazib olish hajmlarini oshirish hisobiga qimmatbaho va rangli metallar ishlab chiqarishni barqaror koʻpaytirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini (Qalmoqqir, Sarichoʻqqi, Mis boyitish fabrikasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Temir yoʻllar transporti boshqarmasini) kengaytirish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) amalga oshirish doirasida:
a) umumiy qiymati 124,64 mln. AQSh dollari ekvivalentidagi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilib, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilgani hamda ijobiy xulosa berilgani;
b) “Olmaliq KMK” AJning maxsus investitsiya hisob raqamidan 19,59 mln. AQSh dollari ekvivalentidagi oʻz mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Ipoteka-bank” ATIB orqali qayta moliyalashtiriladigan va qayta moliyalashtiruvchi bankning yillik 2,25 foiz miqdoridagi foiz stavkasi hamda yillik 0,25 foiz miqdoridagi marjasi qoʻshilgan holda 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davrga beriladigan 105,05 mln. AQSh dollari miqdoridagi krediti moliyalashtirish manbalari etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
“Olmaliq KMK” AJ qarz oluvchi hamda investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditidan maqsadli hamda samarali foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
jalb etiladigan kreditni qoplash va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar “Olmaliq KMK” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini (Qalmoqqir, Sarichoʻqqi, Mis boyitish fabrikasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Temir yoʻllar transporti boshqarmasini) kengaytirish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“Xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini (Qalmoqqir, Sarichoʻqqi, Mis boyitish fabrikasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Temir yoʻllar transporti boshqarmasi) kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida asosiy qarzni qoplash, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining jalb etiladigan krediti boʻyicha foizlar hamda komissiyalarni toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2 ilovalar rus tili matnida berilgan.
4. “Olmaliq KMK” AJ investitsiya loyihasining tasdiqlangan asosiy texnik-iqtisodiy parametrlarga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi A.X. Xursanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-noyabr,
937-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/937/2203-son)