Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizmni rivojlantirish va Tomonlar davlatlari aholisining madaniy hayoti bilan tanishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
Tomonlar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan oʻzaro manfaat asosida,
Oʻzbekiston tarafidan Hindiston Respublikasi fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza rejimi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish, undan tranzit oʻtish va joʻnab ketishda vizadan ozod etish tartibini joriy etilganligining ikki davlat oʻrtasida sayyohlar oqimini oshishidagi ijobiy rolini qayd etib,
Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhim rolini hisobga olib,
ikki tomonlama asosda turizm sohasida samarali hamkorlik qilishga intilib,
tenglik, oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaat prinsiplariga asoslangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar har ikkala Tomon davlatlarining fuqarolarini oʻz davlatlarining fan, iqtisodiyot, ijtimoiy taraqqiyot, madaniyat, tabiat, diqqatga sazovor joylar, shuningdek, tarixiy obidalar va madaniy anʼanalar sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlar oqimini oshirish uchun oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida davlatlari hududiga boshqa Tomon davlatining fuqarolari kirishi tartibini soddalashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar oʻz davlatlari oʻrtasida sayyohlar oqimini oshirish maqsadida davlatlarining turizm sohasida faoliyat koʻrsatadigan tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Toshkent, Qoʻqon, Termiz va boshqa, shuningdek, Hindistonning Dehli, Agra, Varanasi, Hampi, Ahmadobod, Maduray va boshqa qadimiy shaharlari va sayyohlik markazlarini targʻibot qilishni, shu jumladan, xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, koʻrgazmalar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilish, ularning tarixiy roli, zamonaviy ahamiyati, ulkan turistik salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini ochib berish orqali ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Mazkur Bitim doirasidagi maqsadlarga erishish uchun Tomonlar oʻz davlatlarining qonunlari, qoidalari va siyosatiga muvofiq quyidagi yoʻnalishlar va shakllarda hamkorlik qilishga kelishadilar:
a) Tomonlar davlatlarining ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalari oʻtkazish;
b) turizmni rivojlantirish uchun turli xil tadbirlar, shu jumladan, seminarlar, konferensiyalar va V2V formatidagi uchrashuvlar oʻtkazish;
s) Tomonlar davlatlari hududida oʻtkaziladigan turistik yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish;
d) tibbiy va ziyorat turizmni qoʻllab-quvvatlash;
e) Tomonlar davlatlarining turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻquv safarlari tashkil etish;
f) Tomonlarning hamkorligini qoʻllab-quvvatlash va turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish;
g) Tomonlar davlatlari tegishli muassasalari mutaxassislarining tajriba almashinuvi orqali turistik sanoat vakillari uchun amaliyotlar tashkil etish, xodimlarni oʻqitishda yordam koʻrsatish;
h) turizm sohasida axborot va tajriba, shuningdek Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq investitsiya sohasida beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
i) turistik nashrlar va boshqa materiallarni, ayniqsa, har ikkala Tomon davlatlarining turistik salohiyatini targʻibot qiladigan audio va video materiallarni tarqatish;
j) yangi turistik yoʻnalishlarni rivojlantirish;
k) Tomonlarda oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa tegishli yoʻnalishlar.
5-modda
Tomonlar quyidagilarni mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib tayinlaydilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi;
Hindiston tomonidan — Hindiston Respublikasi Turizm vazirligi.
6-modda
Tomonlar har bir davlatning qonunchiligi bilan oʻrnatilgan qonunlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va siyosatga muvofiq Tomonlar davlatlarining boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan sayyohlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda ularni evakuatsiya qilish choralarini koʻradilar.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitimning amalda bajarilishini taʼminlash maqsadida tarkibiga har ikki Tomondan teng miqdorda aʼzolar kiritiladigan turizm sohasida Qoʻshma ishchi guruhini tuzadilar.
Qoʻshma ishchi guruh oʻz davriy uchrashuvlarini har ikki yilda bir marotaba Tomonlar oldindan oʻzaro kelishgan muddatlarda navbat bilan Oʻzbekiston va Hindistonda oʻtkazadi. Tomonlar mazkur uchrashuvlarga turizm sohasida faoliyat yuritadigan xususiy kompaniyalar vakillarini ham taklif etishlari mumkin.
8-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar, basharti har bir alohida holatda boshqacha kelishilmagan boʻlsa, har bir Tomon tarafidan Tomonlar davlatlarining qonunchiligi va siyosatiga muvofiq tegishli sohaga ajratilgan mavjud moliyaviy manbalar doirasida qoplanadi.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilish yuzasidan kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning uni tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnomasini olgandan soʻng uch oy oʻtgunga qadar oʻz kuchida qoladi.
Mazkur Bitim kuchga kirishi bilan 2015-yil 6-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
Buning tasdigʻi sifatida oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)