Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
2015-yil 6-iyul, Toshkent
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, uning nomidan “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi va Hindiston Respublikasi Hukumati, uning nomidan Turizm vazirligi, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilgan holda,
turizm sektorining iqtisodiy rivojlanishda muhim ekanligini anglab,
turizmning Tomonlar davlatlari xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunishni kuchaytirishda muhim omil ekanligini tan olib,
tenglik, oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaat tamoyillariga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari fuqarolarini ikki mamlakat xalqlarining tarix va madaniyat sohasidagi yutuqlari, shuningdek tabiati hamda diqqatga sazovar joylari, tarixiy obidalari va milliy anʼanalari bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligi asosida oʻz fuqarolarining har ikkala mamlakatlarga safarlarini ragʻbatlantiradilar. Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida manfaatdor turistik tashkilotlar oʻrtasida bevosita aloqalarni va hamjihatlikni koʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasida quyidagi sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga intiladilar:
a) turizm sohasiga oid maʼlumotlar bilan almashish;
b) kadrlar malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik qilish maqsadida mutaxassislar bilan almashinish dasturlarini tashkil etish;
v) turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish, shu jumladan Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq taqdim etiladigan investitsiyaviy imtiyozlar toʻgʻrisida axborot almashinish;
g) Tomonlar davlatlari turoperatorlari va turizm sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻzaro maxsus tashriflar uyushtirish;
d) targʻibot, marketing va toʻxtash joylarini rivojlantirish hamda boshqarish sohasida tajriba almashish;
yo)har ikkala Tomon davlatlarida oʻtkaziladigan koʻrgazma va yarmarkalarda ishtirok etish;
j) xavfsiz va barqaror turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish.
4-modda
Tomonlar mazkur Bitim ijrosini taʼminlash yuzasidan fikr almashish maqsadida tarkibiga har ikki Tomondan teng miqdorda aʼzolar kiritiladigan Qoʻshma ishchi guruh tuzishlari mumkin.
Qoʻshma ishchi guruh oʻz davriy uchrashuvlarini har ikki yilda bir marotaba Tomonlar oldindan oʻzaro kelishgan muddatlarda navbat asosida oʻtkazadi. Tomonlar mazkur uchrashuvlarga turizm sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalar vakillarini taklif etishlari mumkin.
5-modda
Qoʻshma ishchi guruh uchrashuvini oʻtkazishda yuboruvchi Tomon safar bilan bogʻliq yoʻl va yashash harajatlarini qoplaydi. Uchrashuvni tashkil etish bilan bogʻliq barcha harajatlarni qabul qiluvchi Tomon qoplaydi.
6-modda
Mazkur Bitim Tomonlar va ularning davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
7-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan yozma oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish, amalga oshirish va/yoki qoʻllashda yuzaga keladigan qar qanday kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali oʻzaro maslahatlashuv yoki muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh (5) yil davomida amal qiladi va Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali tegishli muddat tugashidan olti (6) oy avval ushbu Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda boshqa Tomonni xabardor qilmaguniga kadar uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi shunday muddatlarga uzayaveradi.
Buning tasdigʻi sifatida tegishli Hukumatlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
2015-yil 6-iyulda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, xar biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)