Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga, sogʻliqni saqlash davlat tizimining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilashga qaratilgan sogʻliqni saqlashni isloh qilish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sogʻliqni saqlashning milliy tizimini jadal rivojlantirish ishlarini tizimli va sifatli tashkil etish uchun umumiy amaliyot vrachlarining, patronaj tibbiyot hamshiralarining, qishloq vrachlik punktlari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining lavozim maoshlari oshirildi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida mehnatni ragʻbatlantirishning bozor usullari belgilandi.
Tibbiyot xodimlari mehnatini baholashning hamda ular oladigan ish haqi va mukofotning bajariladigan ishning murakkabligi va koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatiga aniq va bevosita bogʻliqligini taʼminlashning ilgʻor mexanizmlari joriy etildi.
Shu bilan birga, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish zarur boʻlgan sharoitda tibbiyot sohasini boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni davom ettirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar va ragʻbatlantiruvchi omillar yaratish masalalari davlatning diqqat markazida turibdi.
Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, yuksak professional kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida:
1. Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdorlari 2018-yil 1-dekabrdan 1,2 baravar va 2019-yil 1-apreldan 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani oʻrganish asosida 2019-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha quyidagilarga yoʻnaltirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, koʻrsatiladigan tibbiy yordamning murakkabligi va javobgarligiga, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini joriy etish, shu jumladan, davolangan kasallar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar oʻrtasida onlayn soʻrovlar oʻtkazish orqali joriy etish;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta koʻrib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq toʻlanishini taʼminlash;
tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida oʻrnak koʻrsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga toʻlanadigan haq miqdori oshirilishi munosabati bilan davlat tibbiyot muassasalarining qoʻshimcha xarajatlari moliyalashtirilishini, 2019-yilda va keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan zarur mablagʻlar nazarda tutilishini;
2020-yildan boshlab Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar hajmlari bosqichma-bosqich oshirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Rivojlantirish va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
a) quyidagi miqdorlarda ajratiladigan ajratmalar:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari xizmatlari uchun tushumlar miqdorining 2 foizi sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlarda tashkil etilgan tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tasarrufidagi tibbiyot muassasalari bundan mustasno;
(5-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-88-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi hamda uning hududiy boʻlinmalari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning filiallari, Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi va uning hududiy boʻlinmalarining klinik ordinatura, malaka oshirish, mavzuli oʻqish, qayta tayyorlash va baholash boʻyicha pulli tushumlari miqdorining 5 foizi;
(5-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “a” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
farmatsevtika va tibbiyot faoliyati bilan shugʻullanish, shu jumladan, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini chakana realizatsiya qilish huquqiga litsenziyalar olish uchun talabgorlar tomonidan toʻlanadigan davlat bojlari tizimidagi tushumlar miqdorining 20 foizi shuningdek, tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun undiriladigan yigʻimlar;
(5-bandning “a” kichik bandi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining barcha turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va sertifikatlashtirish bilan bogʻliq koʻrsatiladigan xizmatlar tushumlari miqdorining 10 foizi.
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-noyabrdagi PQ-408-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi barcha budjetdan tashqari jamgʻarmalarning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
v) jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
g) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Jamgʻarmaning mablagʻlaridan:
Oldingi tahrirga qarang.
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlar, moddiy yordam, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarning boshqa turlari tarzida moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarni moliyalashtirish, shuningdek, ularga sanatoriy-kurort, tibbiy xizmat koʻrsatilishi va davolanish xarajatlariga haq toʻlash;
(6-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
uy-joy bilan taʼminlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlari va tashkilotlari tibbiyot xodimlari uchun uy-joylar qurishni tashkil etish orqali moliyalashtirish;
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini oʻqitish, ularning malakasini oshirish va amaliyot oʻtkazishini tashkil etish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, Oʻzbekiston hududidan tashqarida oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar xarid qilish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlab turish;
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda konsalting tashkilotlarini jalb qilish;
(6-bandning “a” kichik bandi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oliy va oʻrta tibbiyot taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar toʻlashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
(6-bandning “a” kichik bandi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli davlat tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlari uchun tushumlar miqdoridan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlarning 70 foizi tegishligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining budjetdan tashqari hisob raqamiga yoʻnaltiriladi hamda ushbu mablagʻlardan mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan tadbirlar uchun foydalaniladi.
(6-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Jamgʻarmaning daromadlari, shu jumladan, vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklariga joylashtirishdan foizlar tarzida olingan daromadlar soliqlarning barcha turlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga toʻlovlardan 2021-yil 1-noyabrgacha ozod qilinsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
8. Quyidagilarning:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimovning — tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimi tubdan qayta koʻrib chiqilishi boʻyicha takliflarni tayyorlashda masʼul vazirliklar va idoralar ishi amalda muvofiqlashtirilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanovning — Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek, ushbu qarorga muvofiq sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarining ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini takomillashtirish uchun shaxsan masʼul ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Rivojlantirish va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin, shu jumladan, Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning aniq va shaffof tartibini, uning daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobot berish masalalarini nazarda tutsin;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan tibbiyot muassasalarida vrachlikdan boshqa faoliyatni bajaruvchi oliy maʼlumotli mutaxassislar lavozimlari nomenklaturasini qayta koʻrib chiqsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A. Abduxakimov va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-noyabr,
PQ-4007-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2018-y., 07/18/4007/2167-son; 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son; 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son; 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son; 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son; 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son)