Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzmetkombinat” AJning investitsion loyihalarini amalga oshirish va obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Oʻzmetkombinat” AJning boʻsh maydonlari va yer uchastkalaridan, shuningdek, sohaga oid boʻlmagan hamda foydalanilmayotgan obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni investitsion loyihalarni amalga oshirishga jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan obyektlar, shuningdek, foydalanilmayotgan yer uchastkalari inventarizatsiya qilinganligi hamda kelgusida ulardan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan ishlab chiqilgan quyidagi roʻyxatlar maʼqullansin:
“Oʻzmetkombinat” AJning boʻsh turgan maydonlarida, shuningdek, sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan obyektlari negizida 2018 — 2022-yillarda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda investitsion loyihalar roʻyxati deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq;
“Oʻzmetkombinat” AJning ochiq savdolar orqali xususiy mulk etib sotiladigan, sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan obyektlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan obyektlar roʻyxati deb ataladi) 2-ilovaga* muvofiq;
“Oʻzmetkombinat” AJning Jizzax viloyati hokimligiga toʻlovlarsiz beriladigan foydalanilmayotgan yer uchastkalari va asosiy vositalari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda beriladigan obyektlar roʻyxati deb ataladi) 3-ilovaga* muvofiq.
1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Oʻzmetkombinat” AJ:
investitsion loyihalar roʻyxatida nazarda tutilgan investitsion loyihalarni amalga oshirishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari qabul qilingan qarorlarga muvofiq taʼminlasin;
sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan obyektlar roʻyxatiga kiritilgan obyektlarni baholash va ochiq savdolarga qoʻyish jadvalini ikki hafta muddatda tasdiqlasin;
beriladigan obyektlar roʻyxatida koʻrsatilgan yer uchastkalari va asosiy vositalarni bir oy muddatda Jizzax viloyati hokimligiga qoldiq qiymati boʻyicha tekin bersin.
4. Jizzax viloyati hokimligi beriladigan obyektlar roʻyxatidagi yer uchastkalarining kelgusida ulardan samarali foydalanish uchun salohiyatli investorlarga berilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzmetkombinat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda, tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, shuningdek, oʻz mahsulotlarini sotish va reklama qilish uchun Tojikiston Respublikasida “Oʻzmetkombinat” AJning savdo uyi ochishni ikki oy muddatda taʼminlasin.
6. Toshkent viloyati hokimligi, “Oʻzmetkombinat” AJ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Oʻzmetkombinat” AJning “Metallurg” pansionatiga tutashgan, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining, Bakachoʻl qishlogʻi hududida joylashgan 1 ga yer maydonini, undagi inshootlar bilan birgalikda, davlat ulushini koʻpaytirish hisobiga, baholash tashkiloti tomonidan belgilangan narx boʻyicha “Oʻzmetkombinat” AJning ustav kapitaliga, kelgusida “Oʻzmetkombinat” AJ xodimlari uchun zamonaviy dam olish zonasi tashkil etish, hududlarni obodonlashtirish va zarur infratuzilma yaratish maqsadida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov va “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi T.T. Azamatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-noyabr,
911-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2018-y., 09/18/911/2160-son)