Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Muruntov” konini oʻzlashtirish (V-navbati) I-bosqichi” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-yilga moʻljallangan investitsiya va infratuzilma loyihalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 3-fevraldagi PQ-3507-son qaroriga muvofiq hamda mavjud konlardan ruda qazib olish hajmlarini koʻpaytirish hisobiga qimmatbaho metallar ishlab chiqarishning barqaror oʻsishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Muruntov” konini oʻzlashtirish V-navbati) 1-bosqichi” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) amalga oshirish doirasida quyidagilar:
a) umumiy qiymati 733,9 mln AQSh dollariga teng boʻlgan investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilganligi hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUKda belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilganligi;
b) “Muruntov” konining IV-navbati konturida tarkibida oltin mavjud boʻlgan rudalarning kamayib ketayotgan zaxiralarini toʻldirish hamda “Navoiy KMK” davlat korxonasining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish taʼminlanayotganligi;
v) quyidagilar:
maxsus investitsiya hisob raqamidagi mablagʻlar hisobiga 445,9 mln. AQSh dollariga teng summadagi “Navoiy KMK” davlat korxonasining oʻz mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki orqali qayta moliyalashtiriladigan, 10 yil muddatga beriladigan, shu jumladan imtiyozli davri 3 yil, foiz stavkasi yiliga 2,0 foiz, shu jumladan bankning qayta moliyalashtirish marjasi yiliga 0,25 foiz boʻlgan, hisoblanadigan foizlar investitsiya loyihasini amalga oshirish davrida kapitallashtiriladigan 288,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi krediti moliyalashtirish manbalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Navoiy KMK” davlat korxonasi qarz oluvchi va investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari maqsadli va samarali foydalanilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
jalb etiladigan kreditni qoplash va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar “Navoiy KMK” davlat korxonasining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Muruntov” konini oʻzlashtirish (V-navbati) 1-bosqichi” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1 -ilovaga* muvofiq;
“Muruntov” konini oʻzlashtirish (V-navbati) 1-bosqichi” investitsiya loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditini qaytarishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati yuzasidan belgilangan tartibda davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan qonun hujjatlariga, yer qaʼrini geologik oʻrganish, foydali qazilmalarni qazib olish yuzasidan belgilangan normalar va qoidalarga, shuningdek, kon ishlarining geologik-marksheyderlik taʼminotiga rioya etilishini nazorat qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov hamda “Navoiy KMK” davlat korxonasining bosh direktori Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-noyabr,
907-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2018-y., 09/18/907/2158-son)