Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat boji stavkalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-son Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-yil, 11-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Belgilansinki, kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar 2018-yil 10-noyabrdan boshlab kuchga kiradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
notariuslar va notarial idoralarning boshqa xodimlari oʻrtasida mazkur qarorning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish maqsadida hududiy seminarlarni tashkil etsin;
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholi oʻrtasida mazkur qarorning mazmun va mohiyati toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-noyabr,
904-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-noyabrdagi 904-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat boji stavkalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning “e” kichik bandi quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh. Otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tugʻilganligi, shuningdek tugʻilgan vaqti faktlarini aniqlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrganlik uchun davlat boji undirilmaydi”.
2. 4-bandda:
a) “g” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga oʻzgartirishlar kiritganlik uchun:
mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onalariga, bolalari va ularning er-xotinlariga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga tasdiqlaganlik uchun — eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida;
yuridik shaxslar uchun yoki taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganda — eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida;
Izoh. Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini bekor qilganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi”;
b) “z” kichik band quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh. Qarz shartnomalariga oʻzgartirishlar kiritganlik yoki uni bekor qilganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi”;
v) “i” va “k” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“i) kafillik shartnomalarini tasdiqlaganlik, unga oʻzgartirishlar kiritganlik yoki bekor qilganlik uchun:
jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 25 foizi miqdorida;
yuridik shaxslar uchun yoki taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganda — eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
k) korxonani boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun — eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida”;
g) “l” kichik band chiqarib tashlansin;
d) “n” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“n) merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berganlik uchun:
meros mol-mulki koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositasi boʻlganda (har biri uchun) — eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
boshqa barcha mol-mulklar uchun — eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida”;
e) “ya1” kichik bandda:
uchinchi xatboshi “yuridik shaxslar uchun” soʻzlaridan keyin “yoki taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
izoh quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh. Davlat notarial idorasi binosidan tashqarida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi, bundan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chogʻida amalga oshiriladigan notarial harakatlar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning ishonchnomalarini notarial tartibda tasdiqlash mustasno, ushbu harakatlarni bajarish uchun joyga borish bilan bogʻliq amalda sarflangan xarajatlar toʻlanadi.
Nikoh shartnomasini va aliment toʻlash haqida kelishuvni notarial tasdiqlash, ularga oʻzgartirishlar kiritish yoki bekor qilish hamda mol-mulkni oʻzga shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyish va taqiqni bekor qilishda davlat boji undirilmaydi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2018-y., 09/18/904/2154-son)