O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2018-yil 26-iyuldagi O‘RQ-488-son Qonuni)
O‘zbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2018-yil 26-iyuldagi O‘RQ-488-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-oktabr,
863-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-oktabrdagi 863-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 3-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandida:
a) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qo‘shilsin:
“yengil avtomobillarni, mototransport vositalarini ijaraga berish xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida yengil avtomobillarni, mototransport vositalarini ijaraga berish yuzasidan o‘ttiz kungacha oddiy yozma shartnomalar tuzish hollariga”;
b) uchinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 8-son, 191-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 45-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“45. Notariuslar, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda esa konsullar tomonidan ham tasdiqlangan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) tasarruf etish ishonchnomalari, ijara, tekinga foydalanish va avtomototransport vositalarini garovga qo‘yish shartnomalari, avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha tegishli hududiy YHXDX organlarida avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan hisobga qo‘yiladi.
Avtomototransport vositalarini begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan bitishuvlarni hisobga olish yuridik shaxslar tomonidan o‘z xodimlariga berilgan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqiga ishonchnomalarga hamda yengil avtomobillarni va mototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘ttiz kungacha muddatga oddiy yozma shaklda tuziladigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarining ijara shartnomalariga nisbatan qo‘llanilmaydi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/863/2098-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)