Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Namangan viloyatida xususiy tibbiyot sohasini rivojlantirish va zamonaviy tibbiyot markazini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Namangan viloyatida sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, aholiga, birinchi navbatda, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga sifatli va malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, samarasiz faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalari negizida xorijiy investorlar ishtirokida zamonaviy diagnostika markazini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish maqsadida davlat aktivlarini sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3297-son qaroriga muvofiq Namangan viloyati, Namangan shahri, “Sihatgoh” mahalla fuqarolar yigʻini, Chamanzor dahasi, 2d-uy manzilida joylashgan “Viloyat tibbiy diagnostika markazi” davlat unitar korxonasining bino va inshootlari (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) faoliyat turini 10 yil mobaynida saqlash sharti bilan xususiylashtirilishi belgilangan boʻlsada, mazkur obyekt ommaviy savdolarda sotilmagani;
Namangan viloyati hokimligi va “Gold — dream” Oʻzbekiston — Koreya qoʻshma korxonasi masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Gold — dream” MChJ deb ataladi) oʻrtasida Namangan shahrida umumiy qiymati 30,0 mln. AQSh dollari boʻlgan toʻgʻridan toʻgʻri chet el investitsiyasi hisobiga zamonaviy tibbiyot diagnostika markazini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Namangan viloyati hokimligining obyektni “Gold — dream” MChJga zamonaviy xususiy tibbiyot markazini tashkil etish uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. “Gold — dream” MChJga obyekt doirasida investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklatilsin:
a) bir yil davomida oʻz mablagʻlari hamda jalb etiladigan xorijiy hamkorlarning mablagʻlari hisobiga 30,0 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali obyektni rekonstruksiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish hamda jihozlash;
b) obyekt negizida zamonaviy 4 ta jarrohlik amaliyoti boʻlimi, 20 ta jonlantirish va 200 ta statsionar davolanish oʻrinlari, shuningdek, bakteriologik va gistologik tahlil laboratoriyalari xizmatini tashkil etish;
v) obyekt ishga tushirilgan sanadan boshlab, 3 yil davomida respublika boʻyicha kamida 5 000 nafar kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda barcha turdagi guruh nogironlariga begʻaraz tibbiy xizmat koʻrsatish, shu jumladan kamida 200 ta jarrohlik amaliyotlarini bajarish;
g) kamida 150 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etish va 15 yil davomida faoliyat turini saqlab qolish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda:
oʻn kun muddatda mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan shartlar asosida obyekt boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuzilishini;
“Gold — dream” MChJ tomonidan shartnoma asosida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi taʼminlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Gold — dream” MChJ bilan birgalikda ikki hafta muddatda kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga hamda barcha turdagi guruh nogironlariga begʻaraz tibbiy xizmat koʻrsatish va jarrohlik amaliyotlarini bajarish majburiyatini belgilab beruvchi vaqtinchalik tartib ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov va Namangan viloyati hokimi X.X. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-oktabr,
834-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2018-y., 09/18/834/2071-son)