Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIY SEKTORNI RIVOJLANTIRISH BOʻYICHA ISLOM KORPORATSIYASIGA AʼZOLIGI TOʻGʻRISIDA
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining Islom taraqqiyot bankiga aʼzoligini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekistonning Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasiga qabul qilinishi toʻgʻrisidagi qaror Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi (XSRIK) rahbariyati tomonidan maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasini taʼsis etish toʻgʻrisida 1999-yil 3-noyabrdagi Bitim moddalari qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni qabul qilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasiga maʼlum qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga:
XSRIK oʻz avuarlarini saqlashi mumkin boʻlgan depozitariy;
Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasini taʼsis etish toʻgʻrisida 1999-yil 3-noyabrdagi Bitim bilan bogʻliq masalalar yuzasidan XSRIK bilan aloqalarni amalga oshirish funksiyalari yuklansin.
4. Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi ustav kapitaliga Oʻzbekiston Respublikasi badallarini toʻlash jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki belgilangan tartibda:
oʻz mablagʻlari hisobiga har birining nominal qiymati 10 000 AQSH dollari boʻlgan 5 ta aksiyaga yozilishni;
ilovaga asosan tasdiqlangan toʻlov jadvaliga muvofiq badallar toʻlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi — Islom taraqqiyot banki boshqaruvchisining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan oʻrinbosari Z.S. Mirxoʻjayev Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan faoliyat yuritishga vakil qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-dekabr,
596-son
Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi ustav kapitaliga Oʻzbekiston Respublikasi badallarini toʻlash
JADVALI
|
Toʻlash yillari |
Toʻlash summasi (AQSH dollarida)* |
|
2004 |
10000 |
|
2005 |
10000 |
|
2006 |
10000 |
|
2007 |
10000 |
|
2008 |
10000 |
* Izoh: 1 ta aksiyaning qiymati 10000 AQSH dollari. Toʻlovlar AQSH dollarida amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 517-modda)