O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURASI TUZILMASIDA TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT SOHASIDAGI PORAXO‘RLIK, O‘G‘IRLIKLAR VA BOShQA SUIISTE’MOLChILIKLARGA QARShI KURASh BOShQARMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat, qo‘shma va xususiy korxonalar, turli birjalar va tijorat banklarining tashqi iqtisodiy faoliyatlari rivojlanayotganligi tufayli O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazuvchi jinoyatlar soni ko‘payib bormoqda.
Iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikka, o‘g‘irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi markaziy apparati tuzilmasida — Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikka, o‘g‘irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash boshqarmasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalarida va O‘zbekiston transport prokuraturasida — tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikga, o‘g‘irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash bo‘yicha tegishli bo‘linmalar tashkil etilsin.
2. Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikka, o‘g‘irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash boshqarmasi va bo‘limlarning tuzilmalari va shtatlar soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikka, o‘g‘irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun doimiy ishlaydigan tezkor-tergov guruhini tuzsinlar.
O‘n kun muddat ichida ushbu guruh tarkibi Hukumat tasdig‘iga taqdim etilsin.
4. Tashqi iqtisodiy faoliyatga daxldor bo‘lgan vazirliklar, idoralar, birlashmalar, korxonalar, qo‘shma korxonalar, barcha tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati talablariga binoan zarur materiallarni o‘z vaqtida taqdim etsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (o‘rtoq E.J. Boqiboyev) O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tuzilmasida o‘zgarishlar bo‘lganligi munosabati bilan uni mablag‘ bilan ta’minlasin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-mart,
96-son
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi markaziy apparati huzuridagi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxo‘rlikka, o‘g‘irliklar va boshqa suiistemolchiliklarga qarshi kurash Boshqarmasining
TUZILIShI VA ShTATLARI SONI
Boshqarma boshlig‘i — 1
Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari — 2
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchilari — 4
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari — 5
Jami: 12
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida va O‘zbekiston transport prokuraturasida tegishli tuzilmaga va 3 nafardan shtatga ega bo‘lgan bo‘linmalar tuziladi.