OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
RESPUBLIKADA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon (fermer) xoʻjaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq va bozor infrastrukturasini jadal shakllantirish, davlatga qarashli boʻlmagan korxonalarni va fuqarolarni xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga faol jalb etish, respublika bozorini isteʼmol mollari bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishini, eng avvalo, xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish sohasida, har tomonlama ragʻbatlantirsinlar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, kichik korxonalar tuzilishiga amaliy yordam koʻrsatsinlar, Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasi va uning tashkilotlariga oʻz ustav vazifalarini bajarishda koʻmaklashsinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev) 1992-yil 28-fevralgacha tegishli bankka tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasining hisob-kitob schyotiga Vazirlar Mahkamasining rezerv fondidan 2 mln. soʻm oʻtkazsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tadbirkorlar uyushmasi tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, mulkchilik, shaklidan qatʼi nazar, kichik korxonalar, ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etish boʻyicha moliyaviy tadbirlarni taʼminlash uchun mahalliy budjetlardan ajratiladigan mablagʻlar, davlat, jamoat korxonalari va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning ixtiyoriy badallari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash mintaqa jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-iyundagi 276-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 12-son, 83-modda)
4. Tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning boshqa suveren davlatlarga va chet elga yetkazib berilishi bilan bogʻliq tovar ayirboshlash (barter) operatsiyalarini amalga oshirishda talab katta boʻlgan, vatanimizda ishlab chiqarilgan za import mahsulotlarni muqobil xarid qilishda va ular bilan respublika bozorini toʻldirishda tadbirkorlarning faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
a) Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 7-martdagi 97-son qarori (17-band “v” kichik bandining 2-xatboshi)ning, 1989-yil 10-maydagi 162-son qarori (8-bandining “g” kichik bandi va “d” kichik bandining 4-xatboshi)ning, 1990-yil 15-yanvardagi 33-son qarori (1-ilovaning 26-bandi)ning xalq isteʼmoli mollarini import qilishni cheklash toʻgʻrisidagi qismining amal qilishi 1992-1993-yillarda toʻxtatib qoʻyilsin;
b) bir hafta muddat ichida:
Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) tashqi iqtisodiy tovar ayirboshlash (barter) operatsiyalarini amalga oshirish boʻyicha cheklashlarni olib tashlashga doir takliflarni taqdim etsinlar;
Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi (oʻrtoq Joʻrayev) xalq isteʼmoli mollarini respublikaga import qilish boʻyicha boj imtiyozlarini belgilash yuzasidan takliflar kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi (oʻrtoq Usmonov), Oʻzbekbirlashuv (oʻrtoq Volkov), mahalliy boshqaruv organlari Tadbirkorlar uyushmasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va barter boʻyicha xarid qilingan xalq isteʼmoli mollarini shartnoma narxlarida sotish uchun ularga savdo binolarini ijaraga (paychilarning roziligi bilan matlubot kooperatsiyasi tizimida) bersinlar.
Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga uning korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan xalq isteʼmoli mollarini, odatdagicha, respublika aholisiga sotish, bunda savdo tashkilotlari bilan oʻzaro foydali shartnomalar tuzish tavsiya qilinsin.
6. Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi:
1992-yildan boshlab Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga qiruvchi korxonalarda kelishilgan hajmlarda va roʻyxat boʻyicha majburiy yetkazib beriladigan mahsulotlar (ishlar va xizmatlarni joylashtirishni nazarda tutsin. Tadbirkorlar uyushmasi har yili belgilangan muddatlarda oʻz takliflarini kiritsin;
Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi (oʻrtoq Sharipov), “Oʻzboshyengiltaʼminotsotish” (oʻrtoq Gataulin), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” (oʻrtoq Husanov), Oʻzbekiston Respublikasi Neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat qoʻmitasi (oʻrtoq Muminov) bilan birgalikda roʻyxat boʻyicha birkitilgan korxonalarga, Tadbirkorlar uyushmasi aʼzolariga belgilangan majburiy mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika resurslarini belgilangan tartibda ajratishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining quyidagi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
“Kooperativlar faoliyatini tartibga solishga doir takliflarni ishlab chiquvchi Respublika komissiyasining nomini oʻzgartirish va Oʻzbekiston SSRni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirishda uning hissasini oshirish toʻgʻrisida” 1989-yil 27-sentabrdagi 315-son qaror;
“Kooperativlar faoliyatini va mehnatni tashkil etishning yakka tartibdagi shakllarini tartibga solishga doir takliflarni ishlab chiquvchi Respublika komissiyasi sostaviga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 1990-yil 24-yanvardagi 51-son qaror;
“Kooperativlar va mehnatni tashkil qilishning yakka tartibdagi faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish hamda respublikaning suveren huquqlarini, oʻzini oʻzi boshqarishni va oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlashni kengaytirish asosida iqtisodiy islohotni amalga oshirish yuzasidan respublika komissiyalarining vakolatlarini kengaytirish toʻgʻrisida” 1990-yil 16-martdagi 140-son qaror.
8. Adliya vazirligi (oʻrtoq Malikov) Tadbirkorlar uyushmasi, Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar qoʻmitasi (oʻrtoq Sultonov), Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev), Davlat banki (oʻrtoq Mullajonov) va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 10 kun muddat ichida oʻz kuchini yoʻqotgan normalarni bekor qilish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishning huquqiy asoslarini taʼminlash uchun soliq solish, bank va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida respublika qonunchiligi va Hukumat qarorlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Umumiqtisodiyot kompleksi (oʻrtoq Hamidov) 5 kun muddat ichida ushbu takliflarni koʻrib chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari, manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar:
tadbirkorlik faoliyatiga asoslangan ishlab chiqarish kooperativlari, korxonalarning buyurtmalari boʻyicha mehnat daftarchalari va ular uchun suqma varaqlar tayyorlashni taʼminlasinlar;
mehnat daftarchalari yuritishni amalga oshiruvchi davlatga qarashli boʻlmagan korxonalar xodimlariga zarur boʻladigan amaldagi qonunchilik materiallarini yetkazsinlar;
davlatga qarashli boʻlmagan korxonalar tomonidan mehnat daftarchalari va ular uchun suqma varaqlarni hisobga olish, saqlash, berish va toʻldirishning belgilangan qoidalariga rioya etilishi yuzasidan chora-tadbirlar koʻrsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi XXYuK direksiyasi (oʻrtoq Lukovskiy) Tadbirkorlar uyushmasiga koʻrgazmalar, yarmarkalar, birja savdolari va boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun pavilonlardan birini imtiyozli shartlar boʻyicha ijaraga bersin.
11. Toshkent shahar hokimligi (oʻrtoq Fozilbekov) bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga uning tarkibiy boʻlinmalarini joylashtirish uchun 3000 kv metr maydonli binolar ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekistonning Moskva shahridagi doimiy vakolatxonasi (oʻrtoq Saidov) Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasining vakolatxonasini joylashtirish uchun tegishli binoni aniqlasin va Uyushmaga ijaraga bersin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi (oʻrtoq Rahimov) Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasi va uning tarkibiy boʻlinmalarini belgilangan tartibda zarur telefon, teleks va faksimil aloqa bilan taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (oʻrtoq Abdullayev), Xalq taʼlimi vazirligi (oʻrtoq Yoʻldoshev) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga koʻmaklashsinlar.
Oʻzbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi (oʻrtoq Xayitboyev) teleradioeshittirishlar dasturlarida tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitishga bagʻishlangan eshittirish va koʻrsatuvlar, oʻquv dasturlarini nazarda tutsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, Aloqa vazirligi Tadbirkorlar uyushmasiga belgilangan tartibda noshirlik huquqi bergan holda Uyushmaning davriy nashrlarini, tadbirkorlik faoliyatini targʻib etish, reklama qilish va rivojlantirish bilan bogʻliq bosma mahsulotlarini chiqarish va tarqatish uchun zarur matbaachilik quvvatlari ajratilishini taʼminlasinlar.
Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi 1992-yildan boshlab Oʻzbekiston Tadbirkorlar uyushmasining buyurtmasiga muvofiq (roʻznoma va kitobbop) qogʻozga fondlar ajratilishini nazarda tutsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-fevral,
85-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh JAMGʻARMASI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Bundan keyin Jamgʻarma deb ataladigan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi xususiylashtirish jarayonlariga koʻmaklashish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, tovar bozorlarini rivojlantirish, Tadbirkorlarga amaliy, moddiy va moliyaviy yordam berish, Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida tuziladi.
2. Jamgʻarma Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi huzurida kafolot jamgʻarmasi sifatida tuziladi. Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi Jamgʻarma majburiyatlari boʻyicha javob beradi. Jamgʻarma mulk va vositalarga Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va taʼsis etuvchilar Kengashi tomonidan belgilangan doirada egalik qiladi.
3. Jamgʻarma oʻzining alohida balansiga ega boʻlib, tadbirkorlar Uyushmasi va boshqa taʼsis etuvchilar bilan birga oʻziga berilgan vakolatlar doirasida boshqa korxonalar va tashkilotlar bilan, ularning mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, huquqiy munosabatlarda boʻladi.
4. Jamgʻarmaning manzilgohi: Toshkent shahri.
II. Jamgʻarmaning maqsadi va vazifalari
5. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:
respublikada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishda, kichik, ijara va qoʻshma korxonalar, kooperativlar, ayrim fuqarolarning istiqbolli, ustuvor faoliyat turlarini yaratishga qaratilgan ishlariga amaliy, moddiy va moliyaviy yordam berish;
Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning hududiy tuzilmalarining ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlari uchun imtiyozli kreditlar berish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
tashkil etilayotgan tadbirkorlik tuzilmalarini axborot, moddiy-texnika, moliyaviy, huquqiy jihatdan taʼminlash, respublika iqtisodiyotining turli sohalari va tarmoqlarida tadbirkorlik faoliyatini umumlashtirish va ilgʻor tajribani, uning usul va turlarini keng yoyish;
Jamgʻarma taʼsischilarining, aksioner-aʼzolarining hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa korxonalar va tashkilotlarning boʻsh turgan pul mablagʻlari va moddiy resurslarini ixtiyoriy va shartnoma asosida safarbar qilish, tavakkalchilik kreditini sugʻurta qilish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan faol foydalanishga yordam beruvchi kredit berish, lizing operatsiyalari va ijaraning turli shakllarini amalga oshirishni taʼminlash;
Jamgʻarmaning pul mablagʻlari aylanishini jadallashtirishni taʼminlash.
6. Ushbu maqsad va vazifalarning bajarilishiga erishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda Jamgʻarma quyidagi huquqlarga ega:
oʻz huquqlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan mustaqil ravishda yuridik aktlar tuzish;
aksiyalar va boshqa qimmatdor qogʻozlarni chiqarish va berish;
qimmatdor qogʻozlar operatsiyasini oʻtkazish;
faol operatsiyalar oʻtkazayotganda qoʻshimcha xizmatlar uchun mustaqil ravishda foiz stavkalari va toʻlovlar miqdorini belgilash;
korxonalardan, kooperativlardan hamda Jamgʻarma tomonidan kredit beriladigan va xizmat koʻrsatiladigan Jamgʻarmaning boshqa aʼzolaridan, amaldagi tartibga muvofiq, buxgalteriya hisoblari, balanslari va boshqa hujjatlarni olish va Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni nazorat qilish maqsadida tekshirish oʻtkazish;
yangi korxonalar taʼsis etish.
III. Jamgʻarmaning taʼsischilari
7. Oʻzbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning xoʻjalik hisobidagi tuzilmalari, birjalar, banklar, har qanday korxonalar, tashkilotlar, aksionerlik jamiyatlari va uyushmalari, shuningdek, xohlovchi fuqarolar, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, jamoat tashkilotlari va jamgʻarmalar Jamgʻarmaning taʼsischilari va qatnashchilari hisoblanadilar.
IV. Jamgʻarmani boshqarish
8. Jamgʻarma taʼsischilarining umumiy yigʻilishi Jamgʻarmaning yuqori organi hisoblanadi.
9. Jamgʻarma direksiyasi Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
10. Jamgʻarma direktori Jamgʻarma taʼsischilari umumiy yigʻilishining qarori bilan tayinlanadi.
11. Taʼsischilar umumiy yigʻilishining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
Jamgʻarmaning nizomi (ustavi)ni qabul qilish va oʻzgartirish;
Jamgʻarma faoliyatining yillik natijalarini, foydani taqsimlash tartibini tasdiqlash, zararlarni qoplash tartibini belgilash;
Jamgʻarmaning aybdor mansabdor shaxslarini mulkiy javobgarlikka tortish haqida qarorlar chiqarish;
Jamgʻarma faoliyatining qoidalarini tasdiqlash;
oʻz aksiyalarini chiqarish haqidagi masalani hal etish;
Jamgʻarmani tugatish haqida qaror qabul qilish.
12. Moliya va xoʻjalik faoliyatini nazorat qilib borish tadbirkorlar Uyushmasi — Jamgʻarmaning kafolatchisi va boshqa davlat organlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Joriy rahbarlik Jamgʻarma direktori va direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Jamgʻarma direktori ishonchnomasiz Jamgʻarma nomidan ish yuritadi, boshqa yuridik shaxslar bilan munosabatda uning nomidan vakillik qiladi.
15. Direktor Jamgʻarmaning faoliyati uchun toʻliq javob beradi, oʻz huquqlari doirasida buyruqlar chiqaradi, mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi, belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlarini ishlatadi.
16. Jamgʻarma direktorining oʻrinbosarlari va bosh buxgalter lavozimga shartnoma boʻyicha yollanadilar va Jamgʻarma direktori tomonidan lavozimidan ozod etiladilar.
V. Jamgʻarmaning Ustav kapitali
17. Jamgʻarmaning Ustav kapitali taʼsis badallari (omonatlari) hisobiga shakllantiriladi va 5 mln. soʻmga teng boʻladi.
VI. Jamgʻarmaning mulki
18. Taʼsischilarning va jamgʻarma qatnashchilarining asosiy mablagʻlari va pul omonatlari Jamgʻarmaning mulki hisoblanadi.
19. Quyidagilar Jamgʻarma moliyaviy mablagʻlarining manbalaridir:
Jamgʻarma taʼsischilari va qatnashchilarining pul badallari;
qimmatdor qogʻozlarni sotishdan tushgan daromadlar;
korxonalar, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning qaytarilmaydigan badallari;
Jamgʻarma faoliyatidan tushgan daromad;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
VII. Foydani taqsimlash
20. Jamgʻarmaning xoʻjalik, tijorat faoliyatidan tushgan foyda (daromad), qimmatdor qogʻozlarni sotishdan tushgan daromadlarning 40 foizi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin taʼsischilarga taqsimlanadi va 60 foizi jamgʻarmani toʻldirishga yoʻnaltiriladi. Reinvestiratsiyalash vaqtida imtiyozlar umumiy yigʻilish tomonidan belgilanadi.
VIII. Jamgʻarmani roʻyxatga olish
21. Jamgʻarmani roʻyxatga olish Jamgʻarmaning joylashgan oʻrnida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IX. Jamgʻarma faoliyatini toʻxtatish
22. Jamgʻarmaning faoliyati Jamgʻarma umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra yoki qonunchilikda belgilangan hollarda toʻxtatiladi.
23. Tugatilgan Jamgʻarmaning mulki, xodimlarning ish haqi hisob-kitob qilingandan keyin, Jamgʻarma taʼsischilari oʻrtasida ularning qoʻshgan ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlash uchun yoʻnaltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-iyundagi 276-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 14-fevraldagi 55-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)