O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 8-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2864-2]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 4-iyuldagi 7-mh-sonli “Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish hamda birinchi marta yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3444, 05.07.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PF-5415-son “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq hamda yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida, buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 42-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2864, 2017-yil 28-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 9-son, 140-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 8-sentabr,
457-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 8-sentabrdagi 457-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar
1. 3-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi lavozimiga adliya organlari bilan kelishilib lavozimga tayinlangan xodimlar kelgusida ushbu tashkilotning yuridik xizmatidagi lavozimi o‘zgarsa adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi, yuridik xizmat rahbari va uning o‘rinbosari lavozimi bundan mustasno.
Bunda Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining ma’lumotlari bazasini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2861, 2017-yil 28-fevral) asosan davlat organlari va tashkilotlari o‘n kun muddatda tegishli ma’lumotni adliya organiga yuborishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining yuridik xizmat xodimlari hamda ular bilan kelishib lavozimga tayinlangan yuridik xizmat xodimlari adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi.”.
2. 5-bandda:
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ish beruvchi davlat organi va tashkilotining muhri bilan asliga to‘g‘riligi tasdiqlangan nomzodning oliy yuridik ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomining nusxasi yoki oliy yuridik ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun;”
quyidagi tahrirdagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“ish beruvchi davlat organi va tashkilotining muhri bilan asliga to‘g‘riligi tasdiqlangan nomzodning oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomining nusxasi va Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazida yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomdan nusxa — oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risida diplomga ega bo‘lmaganlar uchun;”
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi tahrirdagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Agar nomzod xorijda ta’lim olgan bo‘lsa ish beruvchi davlat organi va tashkilotining muhri bilan asliga to‘g‘riligi tasdiqlangan xorijda o‘qishni tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjat va ushbu hujjatning O‘zbekiston Respublikasidagi hujjatga ekvivalent deb topilganligi to‘g‘risida vakolatli davlat organi tomonidan berilgan guvohnomaning nusxalari taqdim etiladi;”
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. 10-banddagi “Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi va uning shu’balari” degan so‘zlar “Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning bo‘limlari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
4. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Komissiya ishida a’zolarning kamida yarmi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Komissiyaning a’zosi ish joyida bo‘lmagan taqdirda uning o‘rniga uning vazifasini bajaruvchi shaxs ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi.”.
5. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Komissiya a’zolari nomzodning bilimi, shuningdek ish tajribasini hisobga olib, uni suhbatdan o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish haqida qaror qabul qiladi. Mazkur qaror komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya a’zolari nomzodni boshqa lavozimga tayinlash haqida tavsiya berishi mumkin.
Suhbatga kela olmaydigan nomzodlar suhbat boshlangunga qadar Komissiyaning ishchi organini yozma xabardor qilishlari lozim. Komissiyaning ishchi organini suhbatga kela olmasligi to‘g‘risida yozma xabar bergan nomzodlar Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida suhbatga qo‘yiladilar.
Suhbatga kelmagan va komissiya ishchi organini yozma xabardor qilmagan nomzodlar suhbatdan o‘tmagan deb topiladi va bu haqda ishchi organ tomonidan nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga ma’lum qilinadi.”
6. 20-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
7. 21-banddagi “uch oydan” degan so‘zlar “bir oydan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
8. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Yuridik xizmat xodimi lavozimiga suhbatdan uch marotaba o‘ta olmagan nomzodlar uch oydan so‘ng umumiy asoslarda tegishli lavozimga qayta tavsiya etilishi mumkin.”.
9. Quyidagi mazmundagi 281-band bilan to‘ldirilsin:
“281. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 7-bandiga muvofiq yuridik xizmat xodimi lavozimidan ozod etilganda hamda yuridik xizmat shtat birligi qonun hujjatlariga muvofiq tugatilganda yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etishni adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi.
Yuridik xizmat xodimini yuridik xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa lavozimga o‘tkazish mazkur Nizomning 23 — 27 bandlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.”
10. Mazkur qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2018-yil 7-sentabr
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K. RAFIKOV
2018-yil 5-sentabr
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.09.2018-y., 10/18/2864-2/1860-son, )