Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi va emblemasi namunalari tasdiqlanishi toʻgʻrisida”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-fevraldagi PQ-3553ss-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Bayroq va emblemaning foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati Raisi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyilsin.
2. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Mahmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisining v.b. B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-iyun,
PF-5463-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-iyundagi PF-5463-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi
TAVSIFI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi (keyingi oʻrinlarda — bayroq) toʻq koʻk va oq rangdagi toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodan iborat boʻlib, u vertikal ravishda teng ikkiga boʻlingan. Bayroqdagi toʻq koʻk rang ulugʻvorlik, jasorat va sadoqatni ifodalasa, oq rang donolik, oliyjanoblik, poklik, samimiylik, umid, haqiqatparvarlikni anglatadi. Bayroqdagi koʻk va oq ranglarning uygʻunligi sharaf va oliyjanoblikni, halollik va samimiylikni, ochiqlik va poklikni ifodalaydi.
Bayroqning markazida, old va orqa tomonlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati geraldik belgisi — emblemasi tasvirlangan. Emblema bayroqning ustun (drevka) tomoniga nisbatan vertikal joylashgan boʻlib, u diametri 98 sm boʻlgan doiraga sigʻadi. Emblemaning yuqori qismida gorizontal ravishda “OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI”, pastki qismida esa “DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI” yozuvlari joylashgan. Harflarning balandligi 6,5 sm, kengligi 4,5 sm, harflar orasidagi masofa 1,5 sm ni tashkil etadi. Bayroqdagi harflar markazdan chetga qarab joylashgan boʻlib, koʻk fonda oq rangda, oq fonda esa koʻk rangda aks ettirilgan.
Bayroqning uzunligi 250 sm, kengligi esa 125 sm ni tashkil etadi. Har bir chiziqning (polosaning) uzunligi 125 sm ga teng. Bayroq boshqa oʻlchamlarda tayyorlanishi mumkin, biroq barcha holatlarda uning kengligi va uzunligi oʻrtasidagi nisbat 1:2 boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-iyundagi PF-5463-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati geraldik belgisi — emblemasi
TAVSIFI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati geraldik belgisi — emblemasi toʻq koʻk va oq ranglardan iborat boʻlgan doira shaklida tasvirlanib, uning chet qismida toʻq koʻk rangli halqa chizigʻi joylashgan.
Halqa chizigʻining yuqori qismida oq rangdagi toʻgʻri harflar bilan lotin alifbosida “OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZ1DENTI”, pastki qismida esa “DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI” yozuvlari joylashgan.
Doiraning markazida uchburchak shakldagi, pastga choʻzilgan va yuqori burchaklari kesilgan qalqon tasvirlangan boʻlib, u tashqi va ichki tahdidlardan himoyani anglatadi. Qalqonning yuza qismi va ichki qismi oltin rangda. Qalqonning markazida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan boʻlib, u tasdiqlash belgisini ifodalaydi.
Qalqonning yuzasida tasvirlangan perchinlar himoya qilinayotgan shaxslarni ichki va tashqi tajovuzlardan himoya qilish ramzi sifatida ifodalanadi.
Qalqonning orqasida vertikal ravishda simmetriya oʻqi boʻylab pastga qaratilgan qilich tasvirlangan. Qilich kuch, sharaf, qadr-qimmat, jasorat va hushyorlikni ifodalaydi. Qilich kumush rangda. Uning dastasi va gʻilofi oltin rangda.
Qalqonning pastki qismida, qilich uchining ikki tomonida, dafna novdalari tasvirlangan boʻlib, ular mustahkamlik, barqaror shon-sharaf va gʻalabani ifodalaydi.
Qalqon va qilichning orqasida qanotlari tushirilgan holda Semurg (Feniks) qushi tasvirlangan boʻlib, u yuqori kesilgan burchaklaridan ikki panjasi bilan qalqonni ushlab turadi va jasorat, masʼuliyat hamda sindirilmas ruhni ifodalaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining Semurgʻ qushi ortida joylashuvi davlatning turli tahdidlardan himoyalanganligini ifodalaydi.
Emblemaning orqa fonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi tasvirlangan.