Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Fargʻona viloyatining Soʻx tumani xamda Fargʻona tumanining “Shohimardon” va “Yordon” qishloqlarida maktabgacha taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodni xar tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy kamol topdirish. ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash xamda taʼlimning ushbu bosqichiga maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirish va maktabgacha taʼlimning aholi uchun hammabopligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchkorov va maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 8-avgust,
PQ-3904-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PQ-3904-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3571-son qarorining 2-bandidagi “Xovos va Sardoba tumanlarida” soʻzlari “Xovos va Sardoba tumanlari, Fargʻona viloyatining Soʻx tumani xamda Fargʻona tumanining “Shohimardon” va “Yordon” qishloqlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son qaroriga 32-ilovaning rus tilidagi matni izohi “Sirdariiskoy oblasti” soʻzlaridan keyin “v Soxskom rayone, v selax “Shoximardon” i “Yordon” Ferganskogo rayona Ferganskoy oblasti” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2018-y., 07/18/3904/1637-son)