Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “FAN VA TEXNIKA SOHASIDA BERUNIY (ABU RAYHON BERUNIY) NOMIDAGI OʻZBEKISTON SSJ DAVLAT MUKOFOTI TOʻGʻRISIDA” 1991-YIL 5-MARTDAGI 57- SON QARORIGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH HAQIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 8-avgustdagi 168-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlarini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2006-yil 25-iyuldagi pf–3781–son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 5 martdagi 57-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1-banddagi “sakkiz ming soʻm” soʻzlari “eng kam oylik ish haqining 120 baravari miqdorida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“1991-yildan boshlab har ikki yilda” soʻzlari “1996-yildan boshlab har uch yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin: “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qoʻmitasiga mukofotga taqdim etilgan ishlarni tavsiya etish, muhokama qilish va ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish, shuningdek, ularga mukofot berishga oid qarorlar tayyorlash vazifasi yuklansin”;
3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Quyidagilar:
Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti toʻgʻrisidagi Hizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Hizom 2-ilovaga muvofiq;
Qoʻmitaning yangi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi ilmiy tadqiqotlar uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga taqdim etilgan ishlarni ekspertizadan oʻtkazish hamda gonorarlar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1967-yil 6 sentyabrdagi 469-son, 1967-yil 21 oktyabrdagi 523-son, 1981-yil 16 fevraldagi 161-son, 1989-yil 7 martdagi 111-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 13-fevral,
59-son
Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti toʻgʻrisida
HIZOM
1. Fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti:
ilm-fanning rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshadigan, yuksak amaliy ahamiyatga ega boʻlgan, respublika ilm-fani va texnikasining jahon yutuqlari darajasiga chiqishini taʼminlaydigan tadqiqotlar uchun;
oʻz koʻrsatkichlariga koʻra eng yaxshi jahon namunalari darajasidagi yoki ulardan yuqori boʻlgan texnika, materiallar va texnologiyalarning yangi turlarini ishlab chiqqanlik, joriy etganlik va ishlab chiqarishda oʻzlashtirganlik uchun;
moddiy, tabiiy, mehnat resurslarining koʻplab tejalishini, atrof-muhit muhofazasini taʼminlaydigan, resurslarni tejaydigan, tabiatni muhofaza qiladigan texnologiyalarni yaratganlik va joriy etganlik uchun;
Oʻzbekistonning maʼnaviy merosi va uni rivojlantirish istiqbollarini, jamiyatning madaniy va ijtimoiy taraqqiyotini chuqur anglashga koʻmaklashadigan ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi alohida muhim yutuqlar uchun;
jamoatchilik tomonidan keng eʼtirof etilgan, uch va undan ortiq nashr qilingan, oʻzida yangi ilmiy gʻoyalarni mujassamlashtirgan, oliy oʻquv yurtlari uchun moʻljallangan original darsliklar uchun beriladi.*
* Oʻquv qoʻllanmalar Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etish uchun qabul qilinmaydi.
2. Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga koʻrsatilayotgan ilmiy asarlar ular mukofotga tavsiya etilguniga qadar kamida bir yil oldin matbuotda eʼlon qilingan, texnika, materiallar va texnologiyalarning yangi turlari esa — xalq xoʻjaligida oʻzlashtirilgan boʻlishi kerak.
3. Beruniy nomidagi Davlat mukofotlari har uch yilda oltitagacha mukofot miqdorida, shu jumladan, bitta mukofot — darslik uchun beriladi.
4. Ishlarni Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etish olimlar, ilmiy muassasalar, oliy oʻquv yurtlari, birlashmalar, korxonalarning ilmiy-texnika kengashlari tomonidan keng jamoatchilik ishtirokida va oshkoralik taʼminlangan holda amalga oshiriladi.
Boshqa mukofotlarga sazovor boʻlgan yoki ularni olishga tavsiya etilgan ishlarning mukofot olish uchun tavsiya etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qoʻmitasi (bundan keyin “Qoʻmita” deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
Ishlarni tavsiya etish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi Qoʻmita tomonidan tasdiqlanadigan yoʻriqnoma bilan belgilanadi.
6. Qoʻmita ishlarni ikki bosqichda koʻrib chiqadi. Birinchi bosqichda ishlar mukofot olish uchun tanlovda qatnashish uchun tanlab olinadi, ikkinchi bosqichda — mukofotni berish toʻgʻrisida qaror tayyorlanadi.
7. Qoʻmitaning mukofotlar berish toʻgʻrisidagi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti uni tasdiqlagandan keyin kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Beruniy nomidagi Davlat mukofotlari berish toʻgʻrisidagi Farmoni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kunida matbuotda eʼlon qilinadi, radio va televideniye orqali eshittiriladi.
8. Tanlovda qatnashish uchun qoʻyilgan ishlar bilan jamoatchilikni keng tanishtirish uchun ularning roʻyxati mualliflar hamda bu ishlarni tavsiya etgan tashkilotlar nomi koʻrsatilgan holda respublika gazetalarida eʼlon qilinadi.
9. Beruniy nomidagi Davlat mukofotini olish uchun tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan ishlar ommaviy axborot vositalarida, ilmiy va ilmiy-muhandislik jamiyatlari kengashlari va konferensiyalarida, olimlar va ilmiy-texnika kengashlari majlislarida, mehnat jamoalari yigʻilishlarida har tomonlama va xolisona muhokama qilinishi kerak.
Bu muhokamalarning materiallari eʼlon qilinadi, fikr-mulohazalar, taqrizlar, mulohaza va takliflar Qoʻmita tomonidan qabul qilinadi hamda mukofotlar berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
10. Talabgorlar tarkibiga nomzodlarni tanlab olish ishning bajarilishiga eng koʻp ijodiy hissa qoʻshgan mualliflar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan tanlab olinadi. Mukofot olishga daʼvogar boʻlgan har bir nomzod oʻzi ishlaydigan mehnat jamoasida va manfaatdor muassasalarda, tashkilotlarda jamoatchilik muhokamasidan oʻtishi kerak.
Talabgorlar soni mazkur ilmiy va texnik muammoni ishlab chiqishda bevosita qatnashgan shaxslar 4 kishidan oshib ketmasligi kerak.
Talabgorlar roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan, ammo qoʻshma dasturlar boʻyicha ishlarni bajargan va Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.
11. Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureatining yangi yirik yutuqlari mavjud boʻlganda mazkur mukofot unga uning yutuqlari keng jamoatchilik tomonidan tan olingan taqdirda, avval berilgan mukofotdan kamida 10 yil oʻtgandan keyin, takroran berilishi mumkin.
12. Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan shaxslarga “Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati” unvoni beriladi, tantanali vaziyatda diplom, faxriy nishon va laureatlik guvohnomasi topshiriladi. Mukofot mualliflar jamoasiga berilganda mukofot puli ular oʻrtasida baravar taqsimlanadi.
Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotining faxriy nishoni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi.
13. Vafot etgan Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureatining diplomi, faxriy nishoni va guvohnomasi, shuningdek, mukofot puli uning oilasiga beriladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti qoʻmitasi toʻgʻrisida
HIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti qoʻmitasi (bundan keyin “Qoʻmita” deb ataladi) taniqli olimlar va mutaxassislardan tashkil topadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, keyinchalik oʻz tarkibining kamida uchdan ikki qismi almashtirilgan holda, 5 yil muddatga tasdiqlanadi.
2. Qoʻmitaga ishlarni tanlab olish va ularga Fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari berish yuzasidan qarorlar qabul qilish vazifasi yuklanadi.
3. Qoʻmita oʻz vazifalariga muvofiq:
a) Fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga taqdim etilgan ishlarni tavsiya qilish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
b) Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etilgan ishlarni qabul qiladi va ularni oldindan koʻrib chiqadi, ulardan eng munosiblarini mukofotga taqdim etilgan tanlovda qatnashish uchun tanlab oladi, ushbu ishlarning roʻyxatini matbuotda eʼlon qiladi va ularning keng hamda oshkora jamoatchilik muhokamasini taʼminlaydi;
v) tanlovga qoʻyilgan ishlarni har tomonlama koʻrib chiqadi, ularning Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Davlat mukofoti toʻgʻrisidagi Hizomga muvofiqligini, barcha xulosalar va natijalarning ishonchliligini va asosliligini aniqlaydi;
g) ular yuzasidan tushgan takliflar va fikr-mulohazalarni tahlil qiladi, Beruniy nomidagi Davlat mukofotlarini berishga tavsiya etish haqida qarorlar qabul qiladi va ularni Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi.
d) Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureatlarining diplomi, guvohnomasi va faxriy nishonlarini rasmiylashtiradi va ularning tantanali vaziyatda topshirilishini uyushtiradi;
e) laureatlarga mukofot pulini toʻlaydi;
j) Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureatlarining ijodiy tajribasi va yutuqlarini ommalashtirishga koʻmaklashadi.
4. Qoʻmitaga quyidagi huquqlar beriladi:
a) Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishlarni oldindan koʻrib chiqish uchun fan va texnikaning alohida tarmoqlari boʻyicha seksiyalar tashkil etish va ekspert komissiyalari tuzish;
b) mukofotga taqdim etilgan ishlarni ekspert koʻrigidan oʻtkazish uchun vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, ilmiy muassasalar va oliy oʻquv yurtlariga yuborish. Mukofotga taqdim etilgan ishlarni taqriz qilishga olimlar va xalq xoʻjaligi mutaxassislarini jalb etish;
v) Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etilgan ishlarni tavsiya etishning va ularni ekspert koʻrigidan oʻtkazishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qilish;
g) Qoʻmita aʼzolarini, ekspertlar yoki ekspert komissiyalarini koʻrib chiqilayotgan ishlarning natijalari va talabgorlarning ijodiy hissalari bilan joyning oʻzida tanishish uchun yuborish.
5. Qoʻmita oʻz majlislarini uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganida oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Ishlarni Beruniy nomidagi Davlat mukofotini olish uchun tanlovda qatnashishga taqdim etish va mukofot berish toʻgʻrisidagi qarorlar yashirin ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ishlarni tanlovga taqdim etish uchun u kamida ovozlarning uchdan ikki qismini, mukofot berilishi uchun esa ovoz berishda qatnashgan Qoʻmita aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismining ovozini olishi kerak.
Beruniy nomidagi Davlat mukofotini olishga Qoʻmita aʼzosining ishi taqdim etilgan taqdirda bu ish koʻrib chiqilayotgan hamda mukofot berilayotgan davrda u Qoʻmita faoliyatidagi ishtirokini toʻxtatib turadi.
Qoʻmitaning Beruniy nomidagi mukofotni berish toʻgʻrisidagi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi.
6. Qoʻmita oʻz muhriga ega boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 2-son, 7-modda)