Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA IQTISODIYOTINING USTUVOR TARMOQLARINI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Valyuta siyosatini erkinlashtirish va almashuv kurslarini birxillashtirish sharoitlarida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan va Hukumat kafolati ostida jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Hukumat tomonidan yoki uning kafolati ostida 2001-yil 1-iyulgacha jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiyalash vaqtida vaqtinchalik yetishmayotgan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarni hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda har oyda Vazirlar Mahkamasiga milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiyalash maqsadida aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun zarurat boʻlganda 2001-yilning noyabr—dekabrida Moliya vazirligining kreditlari beriladigan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari xoʻjalik yurituvchi subyektlari roʻyxatiga oid takliflar kiritsin.
3. Quyidagilar Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida 2001-yil 1-iyulgacha jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiyalash vaqtida vaqtinchalik yetishmayotgan oʻz aylanma mablagʻlarini toʻldirishlari uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kredit berish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston respublika valyuta birjasida operatsiyalar oʻtkazish uchun moʻljallangan valyuta mablagʻlarini 2001-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra qayta baholashdan olingan daromadlar;
paxta tolasi eksportidan olingan valyuta tushumining soʻmdagi ekvivalenti va paxta tolasining preyskurant boʻyicha narxi oʻrtasidagi farq;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qimmatbaho metallarni birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi boʻyicha xarid qilishdan olinadigan qoʻshimcha daromadlar.
Qimmatbaho metallar qoʻmitasidagi qimmatbaho metallar qoldiqlarini, ularning eksport qilinishi, valyuta tushumining kelib tushishi hamda uning birjadan tashqari valyuta birjasida sotilishiga qarab, 2001-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra qayta baholashdan olingan daromadlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 25-oktabr,
423-son
Hukumat tomonidan yoki uning kafolati ostida 2001-yil 1-iyulgacha jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiyalash vaqtida vaqtincha yetishmayotgan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarni hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kreditlash tartibi toʻgʻrisida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 22-iyundagi 263-son qarorini va “Ichki valyuta bozorida almashuv kurslarini birxillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 25-oktabrdagi 422-son qarorini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan va:
asbob-uskunalar, xomashyo, moddiy-texnika resurslari va butlovchi buyumlar importi uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda aylanma mablagʻlarning vaqtinchalik taqchilligini toʻldirishga iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari xoʻjalik yurituvchi subyektlariga 2001-yilning noyabr—dekabrida kredit berish:
ular boʻyicha bitim 2001-yil 1-iyulgacha imzolangan Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda moliyaviy resurslar taqchilligini 2001-2002-yillarda qisman qoplash tartibini belgilab beradi.
II. Kredit resurslari manbalari
2. Quyidagilar Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida 2001-yil 1-iyulgacha jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiyalash vaqtida vaqtinchalik yetishmayotgan oʻz aylanma mablagʻlarini toʻldirishlari uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga milliy valyutada Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kredit berish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasida operatsiyalar oʻtkazish uchun moʻljallangan valyuta mablagʻlarini 2001-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra qayta baholashdan olingan daromadlar;
paxta tolasi eksportidan olingan valyuta tushumining soʻmdagi ekvivalenti va paxta tolasining preyskurant boʻyicha narxi oʻrtasidagi farq (zararlar qoplanganidan keyin);
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda matnda Qimmatbaho metallar qoʻmitasi deb yuritiladi) birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi boʻyicha qimmatbaho metallarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan xarid qilinishidan olingan qoʻshimcha daromadlari;
Qimmatbaho metallar qoʻmitasidagi qimmatbaho metallar qoldiqlarini, ularning eksport qilinishi, valyuta tushumining kelib tushishi hamda uning birjadan tashqari valyuta birjasida sotilishiga qarab 2001-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra qayta baholashdan olingan daromadlar.
III. Mablagʻlarni Moliya vazirligining maxsus depozit hisob raqamlariga oʻtkazish tartibi
3. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan mablagʻlarni jamlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida har bir manba boʻyicha toʻrtta shaxsiy hisob raqamlari ajratilgan holda 21506-maxsus depozit hisob raqami ochiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan valyuta mablagʻlarini qayta baholashdan olingan daromadlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 21506-maxsus depozit hisob raqamiga ular hosil boʻlgan paytdan boshlab uch kun muddatda oʻtkazadi.
5. Qimmatbaho metallar qoʻmitasidagi qimmatbaho metallar qoldiqlarini 2001-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra qayta baholashdan olingan daromadlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Moliya vazirligining 21506-maxsus depozit hisob raqamining tegishli shaxsiy hisob raqamiga koʻrsatib oʻtilgan qoldiqlar eksportidan olingan tushum birjadan tashqari valyuta bozori savdosida sotilgan sanadan boshlab ikki bank kunidan kechikmay oʻtkaziladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tashqi savdo kompaniyalari orqali paxta tolasini sotishdan olingan valyuta tushumini birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga belgilangan tartibda majburiy sotishni valyuta tushumi tashqi savdo kompaniyalarining tranzit hisob raqamlariga oʻtkazilgan kundan boshlab uch bank kunidan kechikmay amalga oshiradi.
7. Paxta tolasini eksport qilishdan olingan sotilgan valyuta tushumining soʻmdagi ekvivalenti, eksport boʻyicha soʻmlardagi ishlab chiqarish xarajatlari chiqarib tashlangan holda. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari tomonidan quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
mablagʻlarning bir qismi paxta tolasi hajmi uchun tegishli yil hosili boʻyicha belgilangan preyskurant narxlar boʻyicha valyuta tushumiga teng holda “Paxtasanoat” hududiy birlashmalari bilan hisob-kitob qilish uchun yoʻnaltiriladi. Bunda, agar paxta tolasi uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalari tomonidan haq qisman toʻlangan boʻlsa, tegishli ravishda tashqi savdo kompaniyalarining “Paxtasanoat” hududiy birlashmalari bilan hisob-kitoblari ham xuddi shunday nisbatlarda qisman amalga oshiriladi.
Paxta tolasini sotishdan olingan valyuta tushumi soʻmdagi ekvivalentining uning preyskurant narxlaridan oshishi oqibatida preyskurant narxlar boʻyicha “Paxtasanoat” hududiy birlashmalari bilan hisob-kitob qilingandan keyin Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo kompaniyalarida qoladigan mablagʻlar ikki kun mobaynida toʻliq miqdorda Moliya vazirligining 21506-maxsus depozit hisob raqamining tegishli shaxsiy hisob raqamiga yoʻnaltiriladi.
8. Metall sotilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 13-iyuldagi 270-45-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. Qimmatbaho metallar qoʻmitasi tegishli hisob-kitoblar va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining topshiriqlari boʻyicha 3 kun mobaynida koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarni oʻzining depozit hisob raqamidan Moliya vazirligining 21506-maxsus depozit hisob raqamining tegishli shaxsiy hisob raqamiga oʻtkazadi.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlariga hamda Hukumat tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda moliyaviy resurslar taqchilligini qisman qoplash uchun kreditlar berish tartibi
10. Vakolatli banklar har oyning 2-kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini:
a) iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga mansub boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan — mijozlardan konvertatsiyalash yuzasidan qabul qilingan buyurtmanomalar mavjudligi toʻgʻrisida;
b) har oyda aniqlashtiriladigan asosiy qarzni va kreditlar boʻyicha foizlarni qaytarish jadvaliga muvofiq berilgan Hukumat kafolati ostida jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun qarzdorlar tomonidan berilgan konvertatsiyalash yuzasidan qabul qilingan buyurtmanomalar toʻgʻrisida:
v) quyidagilarning:
import qilinadigan asbob-uskunalar, xomashyo, moddiy-texnika resurslari va butlovchi buyumlarga haq toʻlashga xorijiy valyuta sotib olish uchun iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga mansub boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning;
Hukumat kafolati ostida jalb etilgan xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha toʻlov toʻlashi kerak boʻlgan qarzdorlarning oʻzining soʻmdagi naqd mablagʻlari va kutilayotgan tushumi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan axborot asosida, shuningdek maxsus depozit hisob raqamiga hisob-kitob tushumlaridan kelib chiqib joriy oyga kredit berishning prognoz hajmlarini shakllantiradi va ularni vakolatli banklarga va Markaziy bankka maʼlum qiladi.
12. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga mansub boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kreditlari, shuningdek Hukumat kafolati ostidagi xorijiy valyutadagi kreditlar qarzdorlarining moliyaviy mablagʻlari taqchilligini qoplash Moliya vazirligi, qarzdor va xizmat koʻrsatuvchi bank oʻrtasida Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan, biroq uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga shartnomalar tuzish asosida amalga oshiriladi.
Kredit miqdori qarzdorning moliyaviy ahvolini oʻrganib chiqish, qarzdorlarning soʻmdagi naqd mablagʻlari va kutilayotgan tushumi asosida belgilanadi.
Asbob-uskunalar, xomashyo, moddiy-texnika resurslari va butlovchi buyumlar importi uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda 2001-yil noyabr—dekabr oylarida aylanma mablagʻlarning vaqtinchalik taqchilligini toʻldirish uchun iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga mansub boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga beriladigan kreditning eng koʻp miqdori sotib olinadigan valyuta hajmiga Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-yanvardagi 23-8-son qarorida belgilangan kurs bilan birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi oʻrtasidagi farqdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Ular boʻyicha bitimlar 2001-yil 1-iyulgacha imzolangan Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda moliyaviy resurslar taqchilligini 2001-2002-yillarda qisman qoplash uchun kreditning eng koʻp miqdori:
2001-yil noyabr—dekabr oylarida sotib olinadigan valyuta hajmiga Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-yanvardagi 23-8-son qarorida belgilangan kurs bilan birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi oʻrtasidagi farqlar ortiq boʻlishi mumkin emas;
2002-yilda ular boʻyicha bitimlar 2001-yil 1-iyulgacha imzolangan Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilishda moliyaviy resurslar taqchilligini 2001-2002-yillarda qisman qoplash uchun zaruriyat boʻlganda Hisob-kitoblar intizomini mustahkamlash boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kredit sifatida beriladigan mablagʻlar mijozning vakolatli bankdagi maxsus hisob raqamiga uning tomonidan ushbu hisob raqamiga Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-yanvardagi 23-8-son qarorida belgilangan kurs boʻyicha kamida sotib olinadigan valyuta hajmiga teng miqdorda soʻmdagi mablagʻlar jamlangan taqdirda oʻtkaziladi.
14. Moliya vazirligiga kreditlar qarzdorning oʻz mablagʻlari hisobiga qaytariladi, erkin kurs bilan Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-yanvardagi 23-8-son qarorida belgilangan kurs oʻrtasidagi farq sifatida birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi boʻyicha eksportdan olingan valyuta tushumini majburiy sotishdan tushgan tushum ham shu jumlaga kiradi.
15. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga mansub boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga kredit berishda hamda ular boʻyicha bitimlar 2001-yil, 1-iyulgacha imzolangan Hukumat tomonidan yoki Hukumat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun milliy valyutani erkin almashtiriladigan valyuta konvertatsiya qilishda moliyaviy resurslar taqchilligini qisman qoplashga Davlat budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan xarajatlarni amalga oshirishda pul mablagʻlari maxsus depozit hisob raqamidan Davlat budjeti daromadlarining tegishli hisob raqamlariga oʻtkaziladi. Xarajatlar bundan keyin amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mablagʻ bilan taʼminlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va Davlat budjetiga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha Hukumat komissiyasiga valyuta balansining parametrlari aniqlashtirilishi va qarzdorlarning amaldagi moliyaviy ahvoli hisobga olingan holda kredit berish hajmi oʻzgarishi toʻgʻrisida taklif kiritish huquqi beriladi.
V. Nazorat va hisobot
17. Korxonalar va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan berilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradilar.
18. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklariga (roʻyxatga muvofiq):
konvertatsiya qilingan xorijiy valyutadan qatʼiy belgilangan maqsadda va belgilangan muddatlarda foydalanishini taʼminlash;
markazlashtirilmagan eksportdan olingan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan tushgan soʻmdagi mablagʻlari (birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursi bilan Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-yanvardagi 23-8-son qarorida belgilangan kurs oʻrtasidagi farq sifatida) birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining kreditlarini qaytarishga yoʻnaltirish yuklanadi.
19. Vakolatli banklar Moliya vazirligi tomonidan berilgan kreditlardan foydalanilishi toʻgʻrisida keyingi oyning 2-kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga axborot taqdim etadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2001-y., 10-son, 59-modda)