Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724 -son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri A.I. Axmedxadjayev zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-iyul,
583-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-iyuldagi 583-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-sonli qaroriga asosan 2020-yil 16-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/283/0587)
2. Vazirlar Mahkamasining “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 24-sentabrdagi 445-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 9-son, 94-modda) 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Belgilab qoʻyilsinki, plastik kartochkalardan foydalanib tovarlarni sotishda va xizmatlar koʻrsatishda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan beriladigan terminal cheklari, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar koʻrsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar kvitansiyalar, talonlar, chiptalarga hamda tovarlar va xizmatlarga haq toʻlanganligini tasdiqlovchi ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarga tenglashtiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
4. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 87-modda) bilan tasdiqlangan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 5-bandining “b” kichik bandida:
a) quyidagi mazmundagi yigirmanchi xatboshi qoʻshilsin:
“elektron tijorat sohasida davlat miqyosidagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va qoʻllab-quvvatlash”;
b) yigirmanchi — yigirma uchinchi xatboshlar tegishli ravishda yigirma birinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 254-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son)
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 74-modda) 31-bandida:
a) birinchi xatboshiga “shuningdek, elektron tijorat orqali amalga oshiriladigan uch ming AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti” soʻzlari qoʻshilsin;
b) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Bojxona yuk deklaratsiyasi roʻyxatidan oʻtkazish talabi elektron tijorat orqali amalga oshiriladigan uch ming AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishga tatbiq etilmaydi”;
v) toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 630-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2024-y., 09/24/630/0793-son)
8. Vazirlar Mahkamasining ““Elektron tijorat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2015-yil 22-maydagi OʻRQ-385-son Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 8-sentabrdagi 259-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 9-son, 78-modda) 3-bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda 3000 (uch ming) AQSh dollargacha boʻlgan tovarlar elektron tijorat orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan va yuk bojxona delaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, pochta xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga muvofiq realizatsiya qilinishi mumkin”.
9. Vazirlar Mahkamasining “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2016-y., 23-son, 266-modda):
a) 2-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli boʻlgan avtomobil transportida Oʻzbekiston hududi boʻylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yoʻlovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno”;
b) 1-ilovaning 48-bandida:
quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi toʻgʻrisida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda pul mablagʻlarini xizmat koʻrsatuvchi bankka topshirish sharti bilan;
toʻlov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik subyektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron toʻlov tizimlari orqali”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 2-ilovaning 7-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 4-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga quyidagi mazmundagi 41-band qoʻshilsin:
“41. Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini taʼminlash tartibi va talablariga qatʼiy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 09/18/583/1582-son; 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son; 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; 15.05.2020-y., 09/20/283/0587; 08.10.2024-y., 09/24/630/0793-son)