O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Navoiy viloyatida o‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Navoiy viloyatida o‘rmon fondi yerlarining holatini yaxshilash, qayta tiklash, cho‘l hududlaridagi samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, yaylovzorlar, pista, bodom plantatsiyalarini barpo etish hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirishni ko‘paytirish, o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, ihota o‘rmonzorlarini barpo etishda innovatsion usullarni qo‘llash, cho‘l hududlari xususiyatlarini tadqiq qilish, yurtimizda o‘smaydigan cho‘l o‘simliklari turlarini introduksiya qilish, cho‘lda o‘rmon barpo etish ishlarini ilmiy asosda tashkil qilish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi:
Navoiy viloyatining Nurota tumanida Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi;
Navoiy viloyatining Karmana tumanida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 6 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
o‘rmon barpo etish, o‘rmon fondini har tomonlama kengaytirish, ularni muhofaza qilish va o‘rmon boyliklaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
Nurota tumani hududida pista, bodom va dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish hamda ko‘chatxonalar tashkil etish;
o‘rmonlarni tiklash, ihota o‘rmonzorlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar, tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish;
o‘rmonlarni yong‘indan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining boshqa buzilishlaridan muhofaza qilish va nazoratini olib borish.
4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
o‘rmon fondi yerlarida sho‘rlanishga va suvsizlikka chidamli o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy asoslangan agrotexnologiyasini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
cho‘l hududlarida yaylovlarni qayta tiklash va ko‘paytirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni ilmiy asoslash;
cho‘l o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish;
o‘rmon fondi yerlarining holatini yaxshilash, o‘rmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, ihota o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish;
qum ko‘chishi va shamol eroziyalariga qarshi o‘rmon barpo etishning ilmiy asoslangan texnologiyalarini ishlab chiqish;
dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish, qurg‘oqchilik, zararkunanda, kasalliklarga chidamli cho‘l o‘simliklarini introduksiya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
xalqaro ilmiy va o‘quv seminarlar hamda anjumanlar tashkil etish.
5. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bir oy muddatda Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi hamda Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazi ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Navoiy viloyati hokimligi:
bir oy muddatda Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligiga tekin foydalanish huquqi bilan bino ajratilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Navoiy viloyatining Nurota tumani hududidagi yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazib, tabiiy o‘rmonzorlar va samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarini doimiy foydalanish huquqi bilan Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligiga belgilangan tartibda ajratib berilishini hamda yer-kadastr hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini;
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligining ko‘chatchilik issiqxona kompleksini Markazga tekin foydalanish huquqi asosida berilishini ta’minlasin.
7. Belgilansinki, Markaz direktori O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori tavsiyasiga ko‘ra O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Markaz direktori maqomiga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
8. Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi va Markazning 2018-yilgi faoliyati O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va budjetdan tashqari boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
2019-yildan boshlab Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi va Markaz faoliyati O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladigan hisob-kitoblarga asosan Moliya vazirligi tomonidan davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar, budjetdan tashqari mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Markaz xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligida 2018 — 2021-yillarda:
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Sentapsoy va Cho‘ya hududlarida innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda 10 ming gektar maydonda pista plantatsiyalarini bosqichma-bosqich barpo etish hamda uning qator orasida 5 ming gektar maydonda kavrak yetishtirishni tashkil etish uchun o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarni xalqaro grantlarini jalb etish hisobidan moliyalashtirish;
Markaz faoliyati uchun zarur zamonaviy laboratoriya jihozlarini sotib olish hamda fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy grantlarini jalb etish choralarini ko‘rsinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi va Markazga ularning ehtiyojidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtotransport vositalari ta’minotiga limit ajratilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi doirasida ajratiladigan mablag‘lar hamda O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Navoiy viloyatining Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlarida 2018-2020-yillarda 150 ming gektar maydonda saksovulzor va ozuqaga boy yaylovlarni barpo etish choralarini ko‘rsinlar.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.J. Bakirov, Navoiy viloyati hokimi Q.B. Tursunov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-iyul,
568-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi 568-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazining
tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 6 nafar.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni o‘rnatilgan me’yorlarga muvofiq belgilanadi.
* Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va ilmiy xodimlar qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida jalb etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi 568-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 19-iyuldagi 530-son qaroriga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. 4-ilovadagi “Andijon filiali” blokidan keyin “Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazi” bloki qo‘shilsin.
2. 5-ilovaning 16-bandi sakkizinchi xatboshisidagi “rahbarlarini” so‘zidan keyin “(Andijon filiali va Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazi direktorlari bundan mustasno)” so‘zlari qo‘shilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 09/18/568/1564-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)