O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
1992—1995 YILLARDA QAShQADARYo VILOYATIDAGI YAKKABOG‘ NOHIYASI AHOLISINING HAYOTIY TA’MINOTINI YaXShILASh BO‘YIChA KEChIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi shuni ta’kidlaydiki, Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi, Yakkabog‘ nohiyasi ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ nohiyasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining zaruriy ehtiyojlarini qondirishga oid ko‘pgina masalalarni hal etmayotirlar.
Nohiyada yashovchining har biriga to‘g‘ri keluvchi tibbiy xizmat, turar-joy, maktablar, maktabgacha bolalar muassasalari bilan ta’minot ko‘rsatgichlari viloyatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan keskin orqada qolmoqda, oddiy madaniy-maishiy shart-sharoitlar mavjud emas.
Bunday ahvolga ishlab chiqarish infrastrukturasining rivojlanishi darajasining zaifligi sabab bo‘ldi, bu o‘z navbatida jamoat ishlab chiqarishida band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sib borishiga olib keldi.
Vujudga kelgan ahvol viloyat boshqaruv organlarining ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirishga va joylashtirishga yetarlicha e’tibor bermasligining oqibati bo‘ldi, bu hol nohiyada jiddiy ijtimoiy-siyosiy keskinlikka olib keldi.
Aholining hayotiy ta’minotini yaxshilash, uning turmush farovonligi darajasini oshirish, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ nohiyasining tabiiy va mehnat resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi, respublika vazirliklari va idoralarining 1992 — 1995-yillarda Yakkabog‘ nohiyasida ijtimoiy va ishlab chiqarish obyektlarini ko‘rish haqidagi taklifi 1-2-ilovalarga* muvofiq qabul qilinsin.
Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi ilovalarda ko‘rsatib o‘tilgan obyektlarni ko‘rish uchun o‘z vaqtida yer ajratishni ta’minlasin.
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot qo‘mitasi va respublikaning boshqa vazirliklari va idoralari, respublika banklarining muassasalari xalq xo‘jaligining 1992—1995-yillardagi faoliyati istiqbollarini belgilash jarayonida Yakkabog‘ nohiyasida uy-joy, ijtimoiy-madaniy va ishlab chiqarish obyektlari qurilishini mablag‘ bilan ta’minlash manbalarini belgilasinlar.
Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi 1 va 4-ilovalarga* muvofiq ajratilgan mablag‘lar va moddiy-texnika resurslariga muvofiq obyektlarning qurilishini ta’minlasin.
1 — 4-ilovalar berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi shu yilning 1-martiga qadar oziq-ovqat va boshqa dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq dasturlarni ishlab chiqsinlar, bunda nohiya xo‘jaliklarida chorvachilik komplekslarini ko‘rish va rekonstruksiyalash ishlari hajmlarini ko‘paytirishni ustun darajada ko‘zda tutsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi, O‘rta Osiyo gaz sanoati ishlab chiqarish birlashmasi O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining viloyat qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan ta’minlash haqidagi 1988-yil 12-iyuldagi 240-son va 1990-yil 4-avgustdagi 275-son qarorlarining ilovalarida nazarda tutilgan obyektlarni belgilangan muddatlarda ko‘rishni va ularni foydalanishga topshirishni ta’minlasinlar. Amalga oshirilgan ishlar haqida Vazirlar Mahkamasiga 1992-yilning fevral oyida ma’lum qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 1993 — 1995-yillarda qishloqni suv bilan ta’minlash sxemasini ishlab chiqish chog‘ida Yakkabog‘ nohiyasining qishloqlaridagi suv quvurlarini qurilayotgan Tatar-Eski Yakkabog‘ magistral suv quvuriga ulashni nazarda tutsin va Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi bilan birgalikda 1992-yilning oxirigacha 1993 — 1995-yillarda qishloq suv quvurlari shoxobchalari qurilishi hajmlarini aniqlab chiqsin. 1992-yilda nohiyada uzunligi 40 kilometr bo‘lgan shunday shoxobchalarni ko‘rish topshirig‘i belgilansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi 1992 — 1995-yillarda nohiya xo‘jaliklaridagi 60 kilometr masofadagi kollektorlarni ta’mirlash va tozalashni, shuningdek, drenaj shoxobchalarini ko‘rishni va qayta ko‘rishni amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi 1992 — 1995-yillarda tashqi elektr ta’minoti bo‘yicha ishlarni 2-ilovaga muvofiq nihoyasiga yetkazsin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi ko‘rsatilgan muddatlarda Yakkabog‘ nohiyasining aholi punktlarida ichki xo‘jalik elektr tarmoqlari qurilishini ta’minlasinlar va chorvachilik fermalarini rezerv elektr quvvati bilan ta’minlashni tezlashtirsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi 1992 — 1995-yillarda Yakkabog‘ nohiyasi yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni 3-ilovaga* muvofiq amalga oshirsinlar.
*3-ilova berilmaydi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Yakkabog‘ning toshko‘mir bor maydonlarida — 1992-yilda S-2 kategoriyasi bo‘yicha istiqbolli uchastkalarda ko‘mir zaxiralarini tasdiqlagan va keyinchalik ularni kichik va kooperativ korxonalariga qazish ishlarini olib borish uchun bergan holda — qidiruv-baholash ishlarini tezlashtirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi va xo‘jaliklarning buyurtmalari bo‘yicha 1992 — 1995-yillarda istiqomat qiluvchi aholining telefon aloqasi va radiolashtirish obyektlariga bo‘lgan talabini 4-ilovaga muvofiq qondirishni ta’minlasin.
9. “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasi talab ko‘p bo‘lgan ip-gazlama matolarni ishlab chiqarish maqsadida 1992 — 1994-yillar mobaynida Yakkabog‘ to‘qimachilik fabrikasini, unga qarashli ishlab chiqarish maydonlarida tikuvchilik sexini barpo qilgan holda, texnologiya jihatidan qayta jihozlashni amalga oshirsin.
10. O‘zbekiston aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish respublika davlat-kooperativ markazi viloyat va nohiya ijroiya qo‘mitalari talablariga muvofiq maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda ularni markazlashtirilgan holda taqsimlanadigan uskunalar bilan butlashda yordam ko‘rsatsin.
11. Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi, respublika vazirliklari va idoralari obyektlarni o‘z vaqtida loyihalashtirishni hamda O‘zbekiston Respublikasi dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy ta’minlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qo‘mitasiga, Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasiga, Iqtisodiyot qo‘mitasiga asbob-uskunalar, butlovchi buyumlarni olish uchun va pudrat ishlariga talabnomalarni topshirishni ta’minlasinlar.
12. Respublika vazirliklari va idoralari, Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi 1996-yilga qadar har yili iyul va yanvar oylarida mazkur qarorning qanday bajarilayotganligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasini xabardor qilib borsinlar.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish vazifasi Vazirlar Mahkamasining hududiy-tashkiliy bo‘limiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 29-yanvar,
36-son