O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIRG‘IZISTON RESPUBLIKASINING YUK AVTOTRANSPORT VOSITALARI VA AVTOBUSLARI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BOJXONA HUDUDLARI BO‘YICHA O‘TISHI UCHUN YIG‘IMLAR UNDIRISHNI TARTIBGA SOLISH TO‘G‘RISIDA
Qirg‘iziston Respublikasining yuk avtotransport vositalari va avtobuslari O‘zbekiston Respublikasining hududi bo‘yicha o‘tishi uchun yig‘imlar undirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilab qo‘yilsinki, Qirg‘iziston Respublikasining yuk avtotransport vositalari va avtobuslari O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali kirib kelishi va tranzit o‘tishi uchun qonunchilik bilan belgilangan to‘lovlar Qirg‘iziston Respublikasining yuk avtotransport vositalari va avtobuslarining ilovaga muvofiq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tishi uchun undirilmaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tadigan Qirg‘iziston Respublikasining yuk avtotransport vositalari va avtobuslari kirib kelishi va tranzit o‘tishining belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 10-oktabr,
391-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 10-oktabrdagi 391-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qirg‘iziston Respublikasining yuk avtotransport vositalari va avtobuslarining O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegaralaridan o‘tishida to‘lovlar undirilmaydigan yo‘nalishlar
RO‘YXATI
1. Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududi orqali Qirg‘izistonga tranzit o‘tishi.
2. “Madaniyat” o‘tkazish punkti (Andijon viloyati) orqali “Maylisoy” elektrolampa zavodining yuk tushirish va ortish bazasiga o‘tish va orqaga qaytish.
3. “Farg‘ona” o‘tkazish punkti (Farg‘ona viloyati) orqali Qadamjoy surma kombinatining “1-Ferbaza” va “2-Ferbaza”siga o‘tish va orqaga qaytish.