Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalarning maktabgacha taʼlim tizimiga yanada kengroq qamrab olinishini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti Toshkent shahar hududiy boʻlimiga qarashli Toshkent shahar, Mirobod tumani, Inoqobod koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binolar va inshootlarni Toshkent shahar Mirobod tumani maktabgacha taʼlim boʻlimiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ushbu qarorning 1-bandida qayd etilgan binolar va inshootlar belgilangan tartibda topshirilishini va qabul qilinishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi 2018-yil 1-avgustgacha Toshkent shahar, Mirobod tumani, Inoqobod koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binolar va inshootlarda davlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkidan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 2-maydagi 111-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 19-son, 211-modda) 1-ilovaning 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-iyul,
495-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/495/1428-son)