O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son qaroriga muvofiq fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 24b-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K. Narbayeva va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-iyul,
498-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-iyuldagi 498-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
(ilova belgisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi o‘rinlarda FHDY organlari deb ataladi) faoliyatining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Quyidagilar FHDY organlari hisoblanadi:
tuman va shahar FHDY bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda FHDY bo‘limlari deb ataladi);
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda adliya boshqarmalari deb ataladi) FHDY arxivlari.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
3. FHDY organlari adliya boshqarmalari tizimiga kiradi va ularning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri FHDY organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDY organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
5. FHDY organlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. FHDY organlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
7. FHDY organlarining faoliyati qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilishini va ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni sir tutish tamoyillariga asoslanadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish munosabati bilan xodimga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar xizmat siri hisoblanib, ular, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham oshkor etilishi yoki e’lon qilinishi mumkin emas.
2-bob. FHDY organlarining vazifa va funksiyalari
8. FHDY organlarining vazifasi jismoniy va yuridik shaxslarga fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishdir.
FHDY arxivlarining vazifasi jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘chirma, nusxa va boshqa ma’lumotnomalar berish yo‘li bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishdir.
9. FHDY organlari ularga yuklatilgan vazifaga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi;
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining hisobini yuritadi;
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini va qonunda belgilangan boshqa hujjatlarni saqlanishini ta’minlaydi;
fuqarolarga (o‘zlariga nisbatan tuzilgan dalolatnoma yozuvlari bo‘yicha) fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari qayd qilinganligi haqida guvohnomalar, zarur hollarda takroriy guvohnomalar va ma’lumotnomalar beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi), sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ish yurituvida mavjud bo‘lgan ishlar munosabati bilan notariuslar, shuningdek FHDY organlari va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarining yozma so‘rovnomalariga binoan dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar yoki ulardan ko‘chirmalar va ma’lumotnomalar beradi;
(9-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
zarur hollarda mudofaa ishlari bo‘limlari, sog‘liqni saqlash organlari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limlari va boshqa vakolatli idoralarning so‘rovlariga asosan yig‘ish, umumlashtirish yoki taqqoslash maqsadlarida dalolatnoma yozuvlaridan alohida ma’lumotlar beradi;
qat’iy hisobda turuvchi gerbli guvohnoma blankalarini hisobga olish, saqlash, sarflashning hisobini yuritadi va bu haqda belgilangan muddatlarda hisobotlar topshiradi;
belgilangan shakllar bo‘yicha statistik hisobotlarni yuritadi;
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining elektron ma’lumotlar bazasini yuritadi;
murojaatlarni belgilangan muddatlarda va tartibda ko‘rib chiqadi;
oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shuningdek fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish masalalari yuzasidan huquqiy targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi.
10. FHDY bo‘limlari mazkur Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan funksiyalardan tashqari:
fuqarolik holati dalolatnomalari (tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralish va o‘lim)ni qayd etadi, shuningdek otalikni belgilash, farzandlikka olish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish harakatlarini amalga oshiradi;
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini tiklaydi va bekor qiladi;
shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘ini raislarining o‘limni qayd etishdagi ishlarini muvofiqlashtiradi va ularga amaliy yordam ko‘rsatadi, gerbli guvohnomalarning talab darajada saqlanishi va sarflanishi choralarini ko‘radi;
(10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
nikohni va tug‘ilganlikni tantanali ravishda qayd etadi (fuqarolarning xohishiga ko‘ra);
(10-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
11. FHDY arxivlari mazkur Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan funksiyalardan tashqari FHDY bo‘limlarining xabarnomalariga asosan dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxalariga tegishli o‘zgartirish va belgilar kiritadi hamda ularni bekor qiladi.
Dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, uning ikkinchi nusxasiga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi.
FHDY organlari xodimlari tomonidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini arxivdagi mavjud hujjatlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi;
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxasi saqlanayotgan Toshkent shahar hududiy boshqarmasining FHDY arxivi dalolatnoma yozuvlarga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi.
12. FHDY organlari o‘zlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni manfaatdor tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda amalga oshiradi.
3-bob. FHDY organlarining huquq va majburiyatlari
13. FHDY organlari quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilib olish;
Vazirlik va adliya boshqarmalariga FHDY sohasini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
(13-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxatlariga muvofiq fuqarolarga pulli xizmatlar ko‘rsatish.
(13-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY organlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
14. FHDY organlari:
fuqarolarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko‘maklashishi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishi;
fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish vaqtida fuqarolar tomonidan qonunchilik buzilganligi aniqlagan taqdirda, zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun tegishli tashkilotlarga bu haqda xabar qilishi;
qonun hujjatlariga zid bo‘lgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etishni rad qilishi;
arxiv fondini yuritishi va saqlashi;
Vazirlik va adliya boshqarmalarining topshiriqlarini bajarishi va ularga FHDY organlari faoliyatiga oid masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim qilishi;
(14-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY organlarining faoliyati yuzasidan belgilangan tartibda Vazirlik va adliya boshqarmalariga hisobot berishi shart.
(14-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY organlariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. FHDY organlari faoliyatini tashkil etish
15. FHDY organi rahbari (tuman va shahar FHDY bo‘limi mudiri, FHDY arxivi mudiri) lavozimiga quyidagi talablarga javob bergan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tayinlanishi mumkin, mazkur Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan holat bundan mustasno:
yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan;
oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan yoki Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazining oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxslar;
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik, shu jumladan FHDY organida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan.
FHDY organi rahbarligiga nomzod bo‘lgan shaxs qoida tariqasida FHDY organi rahbarligiga zaxirada turgan bo‘lishi lozim.
Attestatsiya va tegishli tanlovdan o‘tmagan shaxslar FHDY organi rahbarligiga qabul qilinishi mumkin emas.
(15-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-oktabrdagi 524-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son)
16. FHDY organi rahbari adliya boshqarmalari rahbarlari tomonidan Vazirlik bilan kelishilgan holda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
17. Mazkur Nizomning 15-bandi to‘rtinchi va beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan talablar adliya organlari va muassasalarida boshqaruv lavozimlarda ishlayotgan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 540-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son)
18. FHDY organi rahbari lavozimiga qo‘yiladigan talablarga javob beradigan nomzod topilmagan taqdirda, ushbu lavozimga Mazkur Nizomning 16-bandiga muvofiq yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida o‘rta maxsus ma’lumotga va FHDY organida kamida bir yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanishi mumkin.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 540-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son)
19. FHDY organi rahbari:
FHDY organi faoliyatini tashkil etadi, rejalashtiradi, Vazirlikning topshiriqlari belgilangan muddatlarda va sifatli ijro etilishini ta’minlaydi;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
qat’iy hisobda turuvchi gerbli guvohnomalar blankalarining belgilangan tartibda hisobga olinishi, saqlanishi va sarflanishini ta’minlaydi;
gerbli muhr va shtamplarning but saqlanishini ta’minlaydi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillari qabulini tashkil qiladi;
xizmat siri hisoblangan ma’lumotlarni FHDY organlari xodimlari tomonidan oshkor etilmasligi choralarini ko‘radi;
FHDY organlari xodimlari tomonidan mehnat va ijro intizomiga hamda ichki tartib qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi;
FHDY organi xodimlarini rag‘batlantirish yoki ularga intizomiy choralar ko‘rish haqida adliya boshqarmasiga takliflar kiritadi;
(19-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
bo‘sh (vakant) o‘rinlarni to‘ldirish bo‘yicha adliya boshqarmasiga takliflar kiritadi.
(19-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
20. FHDY bo‘limi mudiri mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilganlardan tashqari:
qonunda belgilangan tartibda adliya boshqarmasining topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
nikohni qayd etishda uzrli sabablar bo‘lganida arizachilarning iltimoslariga ko‘ra qonunda belgilangan bir oylik muddatni qisqartiradi yoki uzaytiradi;
fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish daftarlarining va boshqa hujjatlarning yuritilishi va ro‘yxatga olinishini nazorat qiladi;
nikohni va tug‘ilganlikni tantanali ravishda qayd etish uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi;
fuqarolik holati dalolatnomalari o‘z vaqtida to‘g‘ri va to‘liq to‘ldirilishini ta’minlaydi.
fuqarolik holati dalolatnomalarini “FHDYning yagona elektron arxivi”ga o‘z vaqtida to‘g‘ri va to‘liq kiritilishini ta’minlaydi.
(20-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
21. FHDY organi rahbari FHDY organiga yuklatilgan vazifa, funksiyalar va majburiyatlarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
22. FHDY organi mudiri vaqtincha bo‘lmagan hollarda (mehnat ta’tili, xizmat safari, betobligi) ularning vazifalarini bajarish Agentlikning hududiy boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan 1-toifali inspektorlar yoki boshqa xodimlar zimmasiga yuklatiladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
23. FHDY organining 1-toifali inspektori lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga va 2-toifali inspektori lavozimiga yuridik mutaxassislik bo‘yicha, qoida tariqasida, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tayinlanadi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
1 va 2-toifali inspektor lavozimida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazining oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxslar ham ishlashi mumkin.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
24. FHDY organining 1-toifali inspektori lavozimiga oliy yuridik ma’lumotli nomzod topilmagan taqdirda, ushbu lavozimga mazkur Nizomda belgilangan tartibda yuridik mutaxassislik bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs tayinlanishi mumkin.
25. 1 va 2-toifali inspektorlar Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, ish yurituvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Istisno hollarda, FHDY organi rahbari, 1 va 2-toifali inspektorlari adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi mumkin.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 540-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son)
26. 1-toifali inspektor vaqtincha bo‘lmagan hollarda (mehnat ta’tili, xizmat safari, betobligi) uning vazifalarini 2-toifali inspektor bajaradi.
27. FHDY bo‘limida 3 nafar va undan ortiq inspektor mavjud bo‘lganda ish yurituvchi lavozimi joriy etiladi.
28. FHDY organlari xodimlari o‘zi, eri yoki xotini, o‘zining va uning qarindoshlari (ota-onalari, bolalari, nevaralari, bobolari, buvilari, tug‘ishgan aka-ukalari va opa-singillari) to‘g‘risida fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etishga yoki ularga tegishli o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritishga haqli emas. Bunda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari adliya boshqarmasining yozma ko‘rsatmasiga asosan boshqa xodim tomonidan yoki boshqa FHDY organida qayd etiladi va bu haqda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvining belgilar ustuniga tegishli izoh kiritiladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
29. FHDY organi rahbarlari va inspektorlari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.
30. FHDY organlari xodimlari malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish Markazi tomonidan amalga oshiriladi.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
31. FHDY organi xodimlarining vazifalari, huquq va majburiyatlari tegishli lavozim yo‘riqnomalarida belgilanadi.
FHDY organi xodimlarining lavozim yo‘riqnomasi adliya boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
32. FHDY organlari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda martaba darajalari beriladi.
5-bob. FHDY organlarining shtatlar jadvali
33. FHDY organlarining xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatiladigan tartibga muvofiq belgilanadi.
34. FHDY organlari shtatlar jadvali belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida adliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
6-bob. Yakuniy qoidalar
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
(5-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/498/1438-son; 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son; 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son; 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son; 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son)