O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risida Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni Farg‘ona viloyati davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga 2019-yil 1-yanvargacha eksperiment tariqasida joriy etsin;
2019-yil 31-yanvargacha eksperiment natijalarini tahlil etsin, uning amal qilish muddatini uzaytirish va barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
birlamchi tibbiy hujjatlarni, jumladan, retseptni elektron shaklda to‘ldirishni joriy etish va uni tegishli dorixonalardagi ma’lumotlar bazasiga joylashtirishni ta’minlaydigan axborot tizimini bosqichma-bosqich amalga kiritishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini uch oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-iyun,
456-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyundagi 456-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish, davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish, vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish hamda xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega.
3. Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish
4. Har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekspert guruhi (keyingi o‘rinlarda Ekspert guruhi deb ataladi) tashkil etiladi.
5. Ekspert guruhi vrachlar tomonidan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida diagnostika va davolash standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlash va ularning takrorlanishini oldini olish maqsadida tuziladi.
6. Qoida tariqasida, Ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida ko‘rsatiladigan ixtisoslik yo‘nalishlaridan bittadan vrach kiritiladi. Ekspert guruhining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhi a’zolari soni tibbiyot tashkiloti ish hajmidan kelib chiqib, ushbu tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan belgilanadi.
Ekspert guruhi a’zolari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi va uning a’zolari tarkibi har yili qaytadan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhi raisi tibbiyot tashkiloti umumiy majlisida diagnostika va bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etadigan barcha vrachlarning uchdan ikki qismi qatnashgan holda ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan bir yilga saylanadi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi a’zoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
7. Tibbiyot tashkilotida jami vrachlar soni uchtadan kam bo‘lsa hamda bitta ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatsa, ushbu tibbiyot tashkilotining bosh vrachi Ekspert guruhi vazifasini bajaradi.
8. Ekspert guruhi majlislari zaruratga qarab, biroq har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Ekspert guruhi faoliyatiga uning raisi boshchilik qiladi.
9. Ekspert guruhi majlislarida:
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish reja-jadvali tasdiqlanadi;
tibbiyot tashkiloti vrachining kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlar atroflicha o‘rganib chiqiladi;
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish natijalari muhokama qilinadi, tegishli xulosa tayyorlanadi va tibbiyot tashkiloti rahbariga taqdim etiladi.
10. Ekspert guruhining xulosasi uning a’zolari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Ovozlar teng bo‘lib qolganda, Ekspert guruhi raisining ovozi hal qiluvchi bo‘lib hisoblanadi.
11. Ekspert guruhi a’zosining kasbiy faoliyati o‘rganilganda, uning o‘rniga sohaga oid boshqa vrach Ekspert guruhi tarkibiga kiritiladi.
12. Ekspert guruhi a’zosi o‘ziga yuklangan vazifalarni vijdonan va adolatli bajarmagan taqdirda Ekspert guruhi raisining taqdimnomasiga binoan tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan uning o‘rniga boshqa mutaxassis a’zolikka jalb qilinadi.
13. Ekspert guruhiga, zarurat bo‘lganda, tibbiyot tashkiloti rahbari bilan kelishgan holda boshqa tibbiyot tashkilotining malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
3-bob. Ekspert guruhining asosiy vazifalari va funksiyalari
14. Quyidagilar Ekspert guruhining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish;
tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
15. Ekspert guruhi o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tibbiyot tashkilotida vrachlar tomonidan bemorlarga yuritilgan birlamchi tibbiy hujjatlarni tahlil qilish;
vrachlar tomonidan bemorlarni davolashda davolash — diagnostika standartlariga rioya qilinganligini va zarurat bo‘lganda davolash jarayonida qatnashgan boshqa ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha vrach va paraklinik xizmatlar yozma xulosalarini tahlil qilish;
vrachlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat bo‘yicha fuqarolarning shikoyatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;
vrachlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat natijasida ahvoli og‘irlashgan yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bemorlarni aniqlash;
kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarning aybdorlik darajasidan kelib chiqib tegishli xulosa tayyorlash;
kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan tibbiyot tashkiloti rahbariga ko‘rib chiqish majburiy bo‘lgan takliflar kiritish;
vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tibbiyot tashkiloti rahbariga takliflar kiritish.
4-bob. Vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi
16. Ekspert guruhi tomonidan vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish navbati tasdiqlanadigan reja-jadval asosida amalga oshiriladi.
17. Ekspert guruhi tomonidan bitta vrachning kamida uchta bemorga oid yuritilgan tibbiy hujjatlari o‘rganib chiqiladi.
18. Vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish quyidagi metodlarda amalga oshiriladi:
bemorlarga yuritilgan tibbiy hujjatlarni o‘rganish;
bemorlar bilan bevosita suhbat o‘tkazish;
vrachning kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlarni o‘rganish;
kasbiy faoliyati o‘rganilayotgan vrach bilan bevosita suhbat o‘tkazish.
19. Bemorlarga yuritilgan tibbiy hujjatlarni o‘rganishda quyidagilarga e’tibor qaratiladi:
ambulatoriya-poliklinika tizimida — kasallik barvaqt aniqlanganligini, dispanser nazoratiga olinganligini, tekshirish va davolash taktikasi to‘g‘ri belgilanganligini, statsionar davolanishga muhtoj bemorlarga yo‘llanma to‘g‘ri berilganligini, bemorlarga rasmiylashtirilgan ambulatoriya kartalarini, yuritilgan tibbiy jurnallarni o‘rganib chiqish va boshqalar;
tez tibbiy yordam tizimida — chaqiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilganligini, birinchi tibbiy yordam davolash va tashxis qo‘yish standartlariga mos ravishda ko‘rsatilganligini va ko‘rsatmalarga muvofiq o‘z vaqtida shifoxonaga yotqizilganligini, transportirovkani to‘g‘ri tashkil etilganligini va o‘z vaqtida bajarilganligini, kechikib bajarilgan chaqiriqlar sababini aniqlash va boshqalar;
statsionar bosqichda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatda — bemor qabul bo‘limida o‘tkazilgan vaqti, asosiy tashxis va uning asorati aniqlangan muddat, laboratoriya, diagnostika, konservativ va operativ davo muolajalari asosli va to‘g‘ri bajarilganligini, anesteziya va reanimatsiya jarayonidagi kamchiliklarni, kechikib tashxis qo‘yish, tekshirish va davolash muolajalari nomuqobil (davolash — diagnostika standartlariga rioya qilinmagan xolda) olib borilganligi sababli kasallikning og‘irlashuvi va uning asoratlari rivojlanishi, davolash jarayonida va tuzalishning erta davrlarida bemorlarning parvarishi to‘g‘ri olib borilganligi tahlillarini amalga oshirish.
20. Vrach tomonidan bemorlarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmat sifati va uning natijadorligini o‘rganish maqsadida Ekspert guruhi tomonidan bemorlar yoki ularning qonuniy vakillari bilan bevosita suhbat o‘tkazilishi mumkin.
Bemor yoki uning qonuniy vakili bilan o‘tkazilgan suhbat dalolatnoma shaklida rasmiylashtiriladi va vrachning faoliyatini o‘rganish hujjatlariga ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Vrachning kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlar qonunchilikda belgilangan tartibda Ekspert guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. O‘rganish natijasida vrachning kasbiy xatosi aniqlanganda quyidagi obyektiv va subyektiv holatlar tahlil qilinadi:
obyektiv sabablar — alohida holatlarda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish yoki tashxis qo‘yish uchun muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvati yetishmasligi, zarur dori vositalarining mavjud emasligi, bemorning ahvoli og‘ir holatdaligi va qisqa muddat statsionarda bo‘lganligi sababli tegishli tekshirish va davolash muolajalarini o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganligi, hayotga xavf tug‘diruvchi holatlar paytida tibbiy ko‘rsatmalarga asosan shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilishi oqibatida bemorning ahvoli og‘irlashishi va boshqa o‘xshash holatlar;
subyektiv sabablar — vrach bilimi saviyasining yetishmasligi oqibatida bemorning holatini to‘g‘ri baholay olmaslik, mavjud imkoniyatlarga qaramasdan davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan noto‘g‘ri taktika qo‘llanilganligi, tajribasi yetishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.
Subyektiv sabablarga ko‘ra bemorning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazilgan yoki o‘lim holati yuzaga kelgan bo‘lsa, bunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan vrachning kasbiy faoliyati belgilangan tartibda o‘rganib chiqiladi.
23. Vrachning kasbiy faoliyatini o‘rganish yakuni bo‘yicha Ekspert guruhining xulosasi shakllantiriladi.
24. Vrachning kasbiy faoliyatini o‘rganish davomida vrach tomonidan bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatilishi natijasida uning sog‘lig‘i holati og‘irlashgan yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi aniqlansa, vrach aybi bilan bemorga yetkazilgan moddiy zararning taxminiy miqdori va kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachga nisbatan intizomiy ta’sir chorasini qo‘llash masalasi Ekspert guruhi xulosasida aks ettiriladi.
25. Ekspert guruhi xulosasi Ekspert guruhi majlisida muhokama qilinadi va uning raisi tomonidan tasdiqlanadi. Faoliyati o‘rganilgan vrach Ekspert guruhining majlislarida ishtirok etish va Ekspert guruhi xulosasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirish huquqiga ega.
26. Ekspert guruhi xulosasi belgilangan tartibda tasdiqlanganidan so‘ng tegishli tibbiyot tashkiloti rahbariga bir ish kuni ichida taqdim etiladi.
27. Tibbiyot tashkiloti rahbari uch ish kunida Ekspert guruhi xulosasi asosida kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan shifokorga nisbatan mehnat haqidagi qonunlarda belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘llaydi.
28. Agar vrach Ekspert guruhi xulosasida aks ettirilgan kasbiy xatoni tan olsa va bemorga yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda qoplasa, ushbu vrachga nisbatan tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan moddiy ta’sir chorasi qo‘llanilmaydi.
29. Tibbiyot tashkiloti rahbari Ekspert guruhi xulosasini hamda uning yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida ma’lumotlarni vrachning kasbiy faoliyatidan zarar ko‘rgan bemorga uch ish kunida, shuningdek, umumlashtirilgan ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
30. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi Ekspert guruhlari xulosalarini to‘plash va ular yuzasidan ko‘rilgan choralarni umumlashtirish, kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlar haqida ma’lumotlarni yuritishga mas’ul hisoblanadi.
31. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganadi va ularni bartaraf etish hamda oldini olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Faoliyati o‘rganilgan vrach Ekspert guruhi xulosasidan norozi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risida nizomga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi
SXEMASI
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.06.2018-y., 09/18/456/1362-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)