Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida jamoat tartibini saqlashni, huquqbuzarliklar profilaktikasini va jinoyatchilikka qarshi kurashishni samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Jizzax viloyatida jamoat tartibini saqlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida, shuningdek, 2017— 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jizzax shahar ichki ishlar boʻlimi negizida shaharni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (keyingi oʻrinlarda sektorlar deb ataladi) hududi doirasida kuchlar va vositalarni maqsadli joylashtirgan holda Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jizzax shahar ichki ishlar boʻlimi negizida shaharni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (keyingi oʻrinlarda sektorlar deb ataladi) hududi doirasida kuchlar va vositalarni maqsadli joylashtirgan holda Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtirish boshqarmasi deb ataladi) tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Muvofiqlashtirish boshqarmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
ichki ishlar organlari boʻlinmalari faoliyatini tahlil qilish, rejalashtirish va tashkil etish, mavjud kuch va vositalarni real yuzaga kelayotgan operativ va kriminogen vaziyatni hisobga olgan holda shahar hududining sektorlarga boʻlinishiga muvofiq doirada taqsimlash;
shaxsiy tarkibni, birinchi navbatda, barcha tarmoq xizmatlari va shahar ichki ishlar organlari boʻlinmalarining rahbarlarini joylarda aholi bilan bevosita ishlashga jalb etish;
xalq bilan manzilli muloqotni tashkil etish, fuqarolarning muhim muammolarini hal etishga har tomonlama koʻmaklashish, sektorlarga biriktirilgan davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlik qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilishini, jamoat tartibining samarali saqlanishini, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini va ularning oldini olishni, sodir etilayotgan jinoyatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirilishini taʼminlash.
4. Jizzax shahar ichki ishlar shahar boʻlinmalari Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimlariga aylantirilsin, ularning rahbarlari zimmasiga bevosita sektorlar hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning natijadorligi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
Belgilansinki, ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari quyidagi huquqlarga ega:
biriktirilgan hudud doirasida ichki ishlar organlariga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish;
shaxsiy tarkibni tarbiyalash va uning ishi samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
biriktirilgan hududda operativ va kriminogen vaziyat murakkablashganda, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda mavjud kuch va vositalarni joy-joyiga qoʻyish.
5. Quyidagilarga:
Muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻiga — unga yuklangan boshqaruv funksiyalari sifatli va toʻliq amalga oshirilishi, barcha kuchlar va vositalarni, shu jumladan, biriktirilgan kuchlar va vositalarni, Jizzax shahri ichki ishlar organlarining tarmoq xizmatlarini maqsadli taqsimlash va ulardan samarali foydalanish;
ichki ishlar boʻlimlari boshliqlariga — eng avvalo, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi sohasida koʻriladigan chora-tadbirlarning pirovard natijasi, boʻysunuvchi shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ish olib borilishi, ular oldiga vazifalarning toʻgʻri qoʻyilishi va yuklangan kundalik xizmat vazifalari bajarilishining amaliy nazorat qilinishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi viloyat ichki ishlar organlari faoliyati masalalari boʻyicha har oʻn kunda aholi bilan, shu jumladan, mahalliy telekanallar orqali maxsus koʻrsatuvlarni har oyda translatsiya qilish yoʻli bilan ochiq muloqot oʻtkazadi;
Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining yangi tayinlangan profilaktika inspektorini fuqarolar yigʻinlari va mahalla aholisiga tanishtirish majburiy tartibda tegishli sektor rahbari tomonidan amalga oshiriladi;
Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlarini zonalararo almashtirish, qoidaga koʻra, biriktirilgan mahalla hududida kamida besh yil ishlagandan keyin amalga oshiriladi.
7. Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalar bilan birgalikda:
biriktirilgan hududda yashaydigan oilalarni har kuni oʻrganish, keyinchalik oilalar har birining aʼzolarini boʻlishi mumkin boʻlgan huquqqa zid xulq-atvor va xatti-harakatlar, birinchi navbatda, maishiy tusdagi xatti-harakatlar yuzasidan yakka tartibda diagnostika qilish, profilaktik tusdagi amaliy chora-tadbirlar koʻrish;
mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilashning muhim omili sifatida aholining, ayniqsa, yoshlarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklansin.
8. Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining matbuot guruhi Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining 3 nafar xodimdan iborat boʻlgan axborot multimediya guruhiga (keyingi oʻrinlarda multimediya guruhi deb ataladi) aylantirilsin, kreativ yondashuvlar asosida jinoyatlar va hodisalar toʻgʻrisida xolisona maʼlumotlar boʻlgan materiallarni, ichki ishlar organlarining ishi va ish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlash hamda tele va radioefirlarga vaqti-vaqti bilan berishni, Internet tarmogʻiga joylashtirishni taʼminlash uning asosiy vazifalari etib belgilansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga:
multimediya guruhi xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida har oylik ustama toʻlanadi;
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga multimediya guruhida ishlashga 5 kishidan ortiq boʻlmagan mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish, ular mehnatiga haq toʻlash miqdorini mehnat bozoridagi amaldagi konyunkturani hisobga olgan holda belgilash huquqi beriladi.
9. Jizzax viloyati hokimligi:
Jizzax shahri sektorlari rahbarlari bilan birgalikda — bir hafta muddatda ushbu qarorga muvofiq ularga Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimlari biriktirilishini hisobga olgan holda hududlarni taqsimlash zonalari qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
“Oʻztransgaz” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda — bir hafta muddatda Jizzax shahar, Alisher Navoiy koʻchasi, 26-uy manzilida joylashgan Jizzax viloyati gaz taʼminoti hududiy filiali binosini va qisman filialga tutash hududni Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini berilayotgan obyektning balansdagi (qoldiq) qiymatiga kamaytirish hisobiga bepul bersin;
Jizzax viloyatining barcha darajalardagi sektorlari rahbarlari bilan birgalikda — bir oy muddatda har bir tuman (shahar) boʻyicha, shu jumladan, fuqarolarning mavjud maishiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini manzilli aniqlash va barvaqt hal qilish tizimini joriy etishni nazarda tutib jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi samarali amalga oshirilishini nazarda tutuvchi qoʻshma dasturiy chora-tadbirlar (“Yoʻl xaritalari”) ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda — bir oy muddatda Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimlarini kengaytirish va moddiy-texnik jihozlash, ularni maxsus jihozlangan avtotransport vositalari bilan taʼminlash, shuningdek, xizmatni oʻtash xususiyatini hisobga olgan holda toʻlaqonli faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlarini koʻrsin;
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bilan birgalikda — uch oy muddatda Jizzax shahrining Zargarlik mahallasi misolida huquq-tartibotni taʼminlash yuzasidan sektor tarkibida fuqarolar yigʻini va ichki ishlar boʻlimining birgalikdagi namunali ishini tashkil etsin, keyinchalik ijobiy tajribani respublika doirasida ommalashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ichki ishlar organlarining mavjud shtatdagi soni doirasida Muvofiqlashtirish boshqarmasining shtat jadvalini ushbu qaror talablariga muvofiq bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda –multimediya guruhini joylashtirish, uni zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, butunjahon Internet tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
sodir etilayotgan huquqbuzarliklar turlari, sabablari va shart-sharoitlarini bir oy muddatda kompleks tahlil qilsin, uning yakunlari boʻyicha huquqbuzarliklar asosiy oʻchoqlarining vaziyatli xaritasini tuzsin, keyinchalik ushbu hududlarning maqsadli patrul nazoratiga olinishini tashkil etsin;
Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimi faoliyat koʻrsatishini va tuman ichki ishlar organlariga patrul yoʻnalishlarini biriktirish zaruratini hisobga olgan holda ikki oy muddatda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi patrul-post va yoʻl-patrul xizmati naryadlarining yagona joylashuvini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda — “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini yaratish va rivojlantirishga bosh texnik topshiriq tasdiqlangandan keyin Jamoat joylarida videokuzatuv tizimlarini qoʻllash va ishlatish metodikasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin, unga muvofiq ularning Jizzax shahri hududidagi joylashuvini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin;
“Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini yaratish va rivojlantirishga bosh texnik topshiriq tasdiqlangandan keyin uch oy muddatda Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimlari vaziyat markazlarining samarali faoliyatini yaratish va tashkil etish boʻyicha loyihaning texnik hujjatlarini ishlab chiqsin;
texnik hujjatlar tasdiqlangandan keyin ikki oy muddatda Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar boʻlimlarining vaziyat markazlarini yaratish va faoliyati samarali tashkil etilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jizzax shahri hududida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha joriy etilgan axborot-kommunikatsiya tizimlarining maqsadli ishlashi doirasini kengaytirish ishlarini moliyalashtirish uchun bir hafta muddatda Ichki ishlar vazirligiga ikki milliard soʻm miqdorida pul mablagʻlari ajratsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-iyun,
450-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyundagi 450-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Jizzax shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining
tashkiliy tuzilmasi
*) Shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatilganligi uchun tushadigan mablagʻlar hisobiga saqlanadi.
**) Jizzax shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bilan bitta binoda joylashadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2018-y., 09/18/450/1357-son, 1-modda)